Trava u doma“ (ruscha: Трава у дома, yaʼni „Uy oldidagi maysa“) — rus bastakori Vladimir Migulya shoir Anatoliy Poperechniy sheʼriga bastalagan qoʻshiq. „Trava u doma“ qoʻshigʻi „Zemlyane“ guruhi ijrosida keng shuhrat qozongan. Qoʻshiqning ilk misrasi „Zemlya v illyuminatore“ („Illyuminatordagi Yer“) boʻlgani uchun tinglovchilar orasida shu nom bilan ham tanilgan.

„Trava u doma“

Sergey Skachkov, „Zemlyane“ guruhi va uchuvchi-kosmonavtlar (Sovet Ittifoqi va Rossiya Qahramonlari) Sergey Krikalev va Anatoliy Solovyov „Trava u doma“ va „Pover v mechtu“ qoʻshiqlarini ijro etishmoqda. Sergey Skachkovni „Za userdie vo blago Otechestva“ (Vatan ravnaqi uchun) ordeni bilan taqdirlash marosimidan lavha. „Xrista Spasitelya sobori“, Moskva. 2006-yil 14-aprel
„Zemlyane“ guruhi qoʻshigʻi
„Parad ansambley 2“ albomidan
Chiqarilgan sanasi 1983
Yozib olingan 1983
Janr space rock
Davomiyligi 04:42
Leybl Melodiya
Matn muallif(lar)i Anatoliy Poperechniy
Bastakor(lar) Vladimir Migulya
Klipi
„Trava u doma“ YouTubeda

Qoʻshiq matniga aylangan sheʼrning ilk versiyasi ham „Trava u doma“ deb nomlangan. Sheʼr qahramonning oʻsib-ulgʻaygan uyiga boʻlgan sogʻinchi haqida boʻlgan va unda fazogirlar haqida soʻz bormagan. 1982-yilda Migulya hamda sheʼr muallifi Poperechniy Kosmonavtika kuni uchun qoʻshiq yozishga qaror qilgan va Poperechniy sheʼrni olib, oʻzgartirgan.

Migulya qoʻshiqni ilk bor 1982-yilning 12-aprelda „Prityajenie Zemli“ (ruschadan tarjima qilganda „Yerning tortish kuchi“) dasturida ijro etgan. Ilk versiya keyinchalik „Zemlyane“ guruhi aytgan aranjirovkadan keskin farq qilgan. „Zemlyane“ ijrosidagi „Trava u doma“ qoʻshigʻi Butunittifoq „Pesnya-83“ telefestivalida taqdirlangan[1].

„Trava u doma“ qoʻshigʻi sovet va keyinchalik rus fazogirlarining madhiyasiga aylangan. 2009-yilda „Roskosmos“ qarori bilan qoʻshiqqa rasman „Rossiya kosmonavtikasi madhiyasi“ maqomi berilgan[2]. Qoʻshiq Rossiyada har safar kosmik kema uchirilishidan oldin, ekipaj mehmonxonadan ularni kosmodromga olib ketadigan avtobusga yurib borayotganida yangraydi.

Koʻplab rossiyalik va xorijlik sanʼatkor „Trava u doma“ qoʻshigʻining har xil remiks va kaver-versiyalarini hozirlagan. Shuningdek, qoʻshiq bir necha film saundrekiga kiritilgan. Xususan, qoʻshiq taniqli „Senimi, shoshmay tur!“ (ruscha: Ну, погоди!) multfilmining 14-seriyasida ishlatilgan. 2020-yilning 31-mayida SpaceX shirkatining ilk fazo kemasi havoga uchirilishi ortidan Internetning rus segmentida „Zemlyane“ guruhi ijrosi tasvirlangan videoning oʻzgartirilib, guruh gitarachisi Igor Romanov chehrasi oʻrniga SpaceX asoschisi Elon Musk yuzi qoʻyilgan versiyasi tarqaldi. „Zemlyane“ guruhi solisti Sergey Skachkov bu holatga ijobiy munosabat bildirdi.

Manbalar tahrir

  1. Kuriy, Sergey „«Трава у дома». Как был написан первый гимн советских космонавтов?“. Shkola Jizni (12-aprel 2010-yil). Qaraldi: 11-iyun 2022-yil.
  2. Vedernikov, Aleksey. „Песня нашего земляка стала гимном российской космонавтики“. Argumenti i fakti (31-mart 2010-yil). Qaraldi: 11-iyun 2022-yil.

Havolalar tahrir

Ushbu maqolani tinglang (3 daqiqa)
noicon
 
Bu audiofayl ushbu maqolaning 15-avgust, 2022-yil(2022-08-15) sanasidagi versiyasi asosida yaratilgan boʻlib, shu sanadan keyin amalga oshirilgan tahrirlarni aks ettirmaydi.