Tromboflebit
Tromboflebit (yun. trombos — laxta va plebos—vena) — vena devorining yalligʻlanib, unda tromb hosil boʻlishi. T.da koʻproq oyoq venalari zararlanadi. T. ayrim infeksion kasalliklar (terlama) yoki venalar shikastlanishi oqibatida, baʼzan tugʻruqdan keyingi asorat sifatida paydo boʻlishi mumkin. T. ga qon oqishi susayib, qon ivishining kuchayishi va venalar devorining oʻzgarishi sabab boʻladi. T. jiddiy kasallik boʻlib, ogʻir asora!larga olib keladi. Ayniqsa, yuzdagi T. xavfli, chunki bunda yalligʻlanish jarayoni bosh miyaga tarqalib ketishi mumkin; chanoq venalari T.i esa koʻpincha jigarning zararlanishiga olib keladi. Oʻtkir va surunkali, venalarning joylashishiga qarab yuza va chu kur T. farq qilinadi. Oyoq chuqur venalarining oʻtkir T.i toʻsatdan bir necha soat ichida boshlanadi. Zararlangan vena boʻylab atrofidagi muskullar ogʻriydi, oyoq shishadi, bemorning umumiy ahvoli yomonlashib, harorati koʻtariladi (39° va undan yuqori), eti uvushadi. Kasallikning oʻtkir xuruj davri pasaygandan keyin surunkali shaklga oʻtib ketishi mumkin. Baʼzan venalar yoʻlining toʻsilgancha qolishi oyoqda qon oqishini qiyinlashtirib, shish paydo boʻlishi, venalarning varikoz kengayishit olib keladi.
Yuza venalarning oʻtkir T.ida teri osti venalari qattiq ogʻriydi, oyoq shishmasligi ham mumkin. Yalligʻlangan venada ogʻriqli, qattiq tuguncha hosil boʻlib, shu joy terisi qizaradi; gavda temperaturasi koʻtariladi; limfa bezlari kattalashadi. Iloji boricha barvaqt va toʻgʻri davo qilinsa, bemor tezda tuzalib ketadi. Kechiktirilgan hollarda abssess, flegmona kabi ogʻir asoratlar paydo boʻlishi yoki kasallik surunkali tuye olishi mumkin. Oʻtkir T.ga xos alomatlar paydo boʻlganda mutaxassis vrachga koʻrinish lozim. Massaj qilish (uqalash) yoki maz surtish yaramaydi. Davo kasallik bosqichi va shakliga bogʻliq xrlda olib boriladi; ogʻirroq hollarda operatsiya qilinadi.
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |