Tuhfat ul-xoniy – tarixiy asar. Muallifi Muhammad Vafo Karminagiy (1685–1769). Mazkur asar Buxoro xonligida hukmronlik ashtarxoniylar davriga bagʻishlangan[1]. Asar Buxoro xonligining 1722–1782-yillar orasidagi tarixni oʻz ichiga oladi. Asar muallifi faqatgina 1722–1768-yillar voqealarini yozishga ulgurgan. Asar davomini yaʼni 1768–1782-yillar voqealarini nasaflik Olimbek ibn Niyozqulibek yozib tugallagan[2]. Mazkur asar muallifi Muhammad Vafo Karminagiy tarixnavis olim boʻlib, „Tuhfat ul-xoniy“ asarini Buxoro amiri Muhammad Rahimxon topshirigʻiga asosan yozadi. Asar baʼzi tarixchilar tomonidan „Tarixi Rahimxoniy“ (Muhammad Rahimxon tarixi) deb ham nomlanadi. Muhammad Vafo Karminagiy „Shuhrat“ taxallusi bilan ham sheʼrlar yozib qoldirgan. Tarixchi Muhammad Amin Buxoriy yozishicha Muhammad Vafo Karminagiy ashtarxoniy Ubaydullaxon saroyida kutubxonachi sifatida faoliyat yuritgan. U „Qozi Vafo“ nomi bilan ham mashhur boʻlib, Buxoro amiri Muhammad Rahimbiy davrida qozilik lavozimida faoliyat olib borgan[1]. Asarda Buxoro xonligining XVIII asrning 20-yillaridan boshlab markaziy hokimiyat zaiflashuvi, mangʻit hukmdorlarining tinimsiz urushlari, xalq turmushining ogʻirlashib borishi va uning sabablari haqida maʼlumotlar keltirilgan. Bundan tashqari asarda ashtarxoniylar va mangʻitlar davrida davlat boshqaruvi, tuzilishi, oʻzbek qavmlari va ularning tutgan oʻrni, 1722–1782-yillarda Buxoro xonligining Afgʻoniston, Eron, Qoshgʻar, Qoʻqon va Qozoq xonliklari bilan olib borgan tashqi aloqalariga oid maʼlumotlar mavjud[3]. Sharqshunos olim Aleksandr Semyonov tomonidan asar rus tiliga tarjima qilingan boʻlsada, nashr qilinmay qolgan va uning taqdiri maʼlum emas. Asar Tojikistonning Xoʻjand shahrida krill imlosida tabdil qilinib, nashr etilgan[2].

Tuhfat ul-xoniy
Muallif(lar) Muhammad Vafo Karminagiy
Til fors

Manbalar tahrir

  1. 1,0 1,1 Zamonov 2021, s. 13.
  2. 2,0 2,1 Zamonov 2021, s. 14.
  3. Аҳмедов 2001, s. 237.

Adabiyotlar tahrir

  • Zamonov A, Subhonov F. Buxoro xonligining ashtarxoniy hukmdorlari. Toshkent: Bayoz, 2021 — 136 bet. 
  • Doniyorov Alisher. Markaziy Osiyo xalqlari tarixshunosligi. Toshkent: NIF MSH, 2023 — 444 bet.