Uchpoyali oqtoʻsha (lotincha: Paraeremostachys anisochila) – yalpizdoshlar oilasiga mansub gulli oʻsimlik turi. Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kamyob, endemik tur sifatida kiritilgan. Jizzax viloyati Qo‘ytosh togʻining Uxum qishlogʻi atrofida tarqalgan. Toshli shagʻalli tuproqlarda tarqalgan[1].

Uchpoyali oqto‘sha
Ilmiy tasniflashUshbu tasnifni tahrirlash
Olam: Eukariotlar
Tip: Gulli oʻsimliklar
Sinf: Ikki urugʻpallalilar
Turkum: Paraeremostachys
Oila: Yalpizdoshlar
Binar nomi
Paraeremostachys anisochila

Tavsifi

tahrir

Boʻyi 20 sm ga yetadiga koʻp yillik oʻt oʻsimlik. Sirtqi qismi toʻliq qalin tuk bilan qoplangan. Oʻq ildiz sistemasiga ega. Poyalari uch dona pastki qismidan tarvaqaylanib shoxlangan, qalin tuklar bilan qoplangan. Yopirma barglarining bandi qisqa, qalin va uzun tuklar bilan qoplangan. Poyada barglari navbatma navbat joylashgan, shakli romb tuxumsimon, chetlari tishli, quyuq tukli, tomirlari yogʻon, poyaning yuqori qismidagi barglari bandsiz. Gullari guloldi bargchalarining qoldiqlaridan xalqasimon shaklda joylashgan. Guloldi bargchalari bigizsimon, paxmoq tukli. Gulqoʻrgʻon aʼzolari qoʻshilmagan erkin. Gullari ikki jinsli, urugʻchibargi va changdoni bitta oʻsimlikda joylashgan. Gulkosachabarglari qoʻngʻiroqsimon uzunligi 20 mm ga yetadi, naychasi qalin tukli. Gultojibarglari sariq rangda, uzunligi 4 mm, naychasining uzunligi 15 mm, yuzasi tuksiz, silliq. Hasharotlar yordamida changlanadi. Iyul oyida gullab, mevasi iyulda pishib yetiladi. Urug‘i orqali jinsiy yoʻl bilan koʻpayadi.

Tarqalishi va oʻsish sharoiti

tahrir

Yakka yakka holatda uchraydi. Jizzax viloyati Qoʻytosh togʻining Uxum qishlogʻi atrofida tarqalgan. Tog‘larning janubiy yonbagʻirlarining, oʻrta qismidagi shagʻal toshli tuproqlarda oʻsadi. Maʼlum muhitdan oʻsishga moslashganligi sababli tarqalish doirasi qisqarib ketgan[2].

Manbalar

tahrir
  1. „Paraeremostachys anisochila“.
  2. O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobi I jild, 2019.