Ugom badani
Ugom badani (lotincha: Bergenia ugamica) – ikki urugʻpallalilar sinfi, bergenia turkumiga mansub koʻp yillik gulli oʻsimlik turi. Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kamyob, endemik tur sifatida kiritilgan. Toshkent viloyati Ugom va Piskom togʻ tizmalari hududida tarqalgan. Dengiz sathidan 2300-2500 metr balandlikda oʻsadi[1].
Ugom badani | |
---|---|
Ilmiy tasniflash | |
Olam: | Eukariotlar |
Tip: | Yuksak oʻsimliklar |
Sinf: | Ikki urugʻpallalilar |
Turkum: | Bergenia |
Binar nomi | |
Bergenia ugamica |
Tavsifi
tahrirBalandligi 30 sm gacha yetadigan koʻp yillik oʻt oʻsimlik. Oʻq ildiz sistemasiga ega, ildizi yogʻon. Yogʻon ildizpoyaga ega, diametri 3,5 sm. Poyasi qalin, bargsiz, tuksiz. Yopirma barglari bandli, qalin, uzunligi 15 sm gacha, chetlari kungurali yoki qoʻsh tishli. Barglari toʻq yashil, kuz va qish oylarida jigarrang tusga kiradi, ikki uch yilgacha saqlanib turishi mumkin. Yaproqlari keng ellipssimon yoki yumaloq shaklda. Gullari ikki jinsli, zich roʻvak qalqonsimon toʻpgulda joylashgan. To‘pguli bezchali tuklar bilan qoplangan. Gultojibarglari toʻq pushti tusda. Urug‘chibargi 2 ta urugʻdonning qoʻshilishidan hosil boʻlgan, ustunchasi ikkita. Changchilari 10 tagacha yetadi. Hasharotlar yordamida changlanadi. Iyul oyida gullab mevasi avgustda pishib yetiladi. Urug‘i va ildizpoyasi orqali koʻpayadi.
Yil davomida yashil rangini saqlab turadi, faqat sovuq kuz va qish oylarida barglari qoʻngʻir tusga kiradi.
Tarqalishi va oʻsish sharoiti
tahrirTabiatda juda kam tarqalgan. Kichik toʻplar hosil qilib oʻsadi. Toshkent viloyati Ugom va Piskom togʻ tizmalari hududida tarqalgan. Dengiz sathidan 2300-2500 metr balandlikdagi, qoyalarning yoriqlarida oʻsadi. Ugom-chatqol davlat tabiat milliy bogʻi hududida muhofaza ostiga olingan[2].
Manbalar
tahrir- ↑ „Bergenia ugamica“.
- ↑ O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobi I jild, 2019.