Ugom tizmasi
Ugom tizmasi - Gʻarbiy Tyanshanning bir qismi. Tizmaning janubi-gʻarbiy qismi Toshkent viloyati Boʻstonliq tumani hududida. Talas Olatovidan (Manas tog tuguni yaqinidan) boshlanib janubi-gʻarb tomon 115 km ga choʻzilgan. Piskom va Ugom daryolari oraligʻida. Uning janubi-gʻarbiy qismi Oʻzbekistonda, shimoli-sharqiy qismi esa Qozogʻiston hududida. Suvayirgʻich yaqinidan ikki davlatning chegarasi oʻtadi. Oʻrtacha bal. 3000–3500 m, janubi-gʻarb tomon pasayib boradi. Oʻzbekistondagi qismi ancha past, Chirchiq daryosi yaqinida bal. 1500 m. Ugom tizmasining ayrim choʻqqilari 3500–4000 m ga koʻtarilgan. Eng baland choʻqqisi Sayram (4238 m). Sayram choʻqqisidan Ugom tizmasi bir qancha tarmoqlarga ajraladi, bulardan eng yiriklari Tuproqbel va Maydontoldir. Bu tarmoqlar ancha baland boʻlib, baʼzi choʻqqilari 4000 m dan yuqori — (Tuproqbel — 4234 m). Ugom tizmasining bu qismida doimiy qor uyumlari va kichik muzliklar mavjud.
Ugom tizmasining suvayirgʻich qismi asosan, qoyali. Baʼzi joylarida tekislangan yuzalar bor. Janubi-gʻarbiy yon bagʻri ancha tik, shimoli-sharqiysi esa biroz nishabroq. Yon bagʻirlarida koʻplab kalta, chuqur daralar bor. Ostona va sharsharalar hosil qiluvchi daryolar bilan kesilgan.
Ugom tizmasi gersin burmalanishi davrida shakllangan antiklinoriydir. Hozirgi balandligiga yangi tektonik harakatlar taʼsirida koʻtarilgan. Paleozoy davriga mansub ohaktosh, dolomit, qumtosh, slanets, granit, granodiorit, porfir kabi tog jinslaridan tashkil topgan. Ohaktoshlarda karst jarayonlari rivojlangan. Suvayirgʻich qismidagi tekislangan yuzalarda karrlar, karst, voronka va botiklar, yon bagʻirlarida esa karst gʻorlari, quduklari va shaxtalari keng tarqalgan. Ugom tizmasi Chorvoq botigʻini shimoliy gʻarb tomondan oʻrab turadi.
Iqlimi togʻga xos, yogʻingarchilik, ayniqsa, uning shimoli-sharqiy qismida, koʻproq (1500–2000 mm). Yon bagʻirlarida tipik va toʻq boʻz, qoʻngʻir, jigarrang oʻrmon tuproqlari tarqalgan. Chalachoʻl, dasht oʻsimliklari, daryo vodiylarida butalar oʻsadi. Togʻ yon bagʻirlari oʻrmonzor, suvayirgʻich qismida, oʻtloq dashtlar, subalp va alp oʻtloqlari tarqalgan. Hayvonlardan oʻrmonlarda qobon, boʻrsiq, olmaxon, tizmaning baland qismlarida kiyik, qor qoploni, boʻri, ayiq va boshqa; qushlardan kaklik, kaptar, bulbul, chumchuq, lochin, kalxat va boshqa yashaydi. Foydali qazilmalaridan ohaktosh, granit, marmar bor. Ugom tizmasining shimoli-sharqida Oqsuv-Jabagʻli qoʻriqxonasining gʻarbiy qismi joylashgan. Ugom tizmasining Chatqol togʻlariga yaqin kelgan joyiga Chorvoq GES toʻgʻoni qurilgan.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |