Uydan majburiy tartibda ko‘chirish
Barcha fuqarolar turar joy daxlsizligi huquqiga ega boʻlib, ushbu huquqqa daxl qilgan shaxs maʼmuriy javobgarlikka tortilishiga asos boʻladi[1]. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 44-moddasiga koʻra[2], har bir shaxsga oʻz huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining gʻayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi. Fuqarolik protsessual kodeksining 3-moddasida esa har bir shaxsga oʻz huquqlarini, erkinliklarini va qonuniy manfaatlarini sud orqali himoya qilish kafolatlangan[3]. Shunday ekan, har qanday manfaatdor shaxs buzilgan, nizolashyotgan huquqi yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatini himoya qilish uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda fuqarolik ishlari boʻyicha sudga murojaat qilishga haqlidir.
Daʼvo soʻzi arabchdan „talab qilmoq“ maʼnosini anglatib, shariatda esa daʼvo birovning ustida haqi borligini qozi huzurida yoki hukm arafasida xabar berishdir. Daʼvogar shunday bir shaxski, daʼvo qilish uchun majbur qilinmaydi. Javobgar shunday bir shaxski, u javob berish uchun majbur qilinadi[4]. Yuridik adabiyotlardagi bahsli masalalardan aynan biri ham bu daʼvodir. Adabiyotlarda daʼvo tushunchasining bir nechta asosiy kontsepsiyalari haqida soʻz boradi. Birinchidan, daʼvoga boʻlgan huquqning moddiy huquqiy va protsessual huquqiy mazmuni ajratiladi[5]. Ikkichidan, bir qator mualliflar A. F. Kleynman, A. A. Dobro-volskiy va boshqalar daʼvoni ikki tomon, yaʼni moddiy huquqiy va protsessual huquqiy tomondan iborat boʻlgan yagona tushuncha sifatida eʼtirof etadilar. K. S. Yudelson, V. M. Semenov va K. I. Komissarov daʼvoni fuqarolik protsessual huquqining toifasi sifatida eʼtirof etadi. Daʼvo fuqarolik protsessual huquqiga oid tushuncha va institut hisoblanadi, shuning uchun u bir vaqtning oʻzida ham moddiy, ham protsessual huquqning instituti boʻla olmaydi.
Daʼvo tartibidagi ishlardan farqli ravishda sud ishlarini yuritishning boshqa turlarida ishtirok etuvchi shaxslar oʻzaro kelishuv bitimi tuzish, qarshi daʼvo taqdim etish huquqidan foydalana olmaydilar[6].Shuningdek, mazkur ishlar hakamlik sudi muhokamasiga berilishi mumkin emas, kelishilgan sudlovga taalluqlilik qoidalari qoʻllanilmaydi, daʼvodan voz kechish va uni tan olish kabi protsessual harakatlarga yoʻl qoʻyilmaydi, ish sirtdan koʻrilishi ham mumkin emas[7]. Uy-joy nizolari daʼvo tartibida koʻriladigan ishlar boʻlgani uchun ularning barchasida daʼvogar va javobgar ishtirok etadi. Fuqarolar ham, yuridik shaxslar ham uy-joy munosabatlarining subyekti boʻlib hisoblanadi. FPK ga muvofiq ishda ishtirok etuvchi shaxslarning yangi dalillarni talab qilib olish va ishni muhokama qilish bilan bogʻliq boshqa barcha masalalar boʻyicha iltimosnomalari ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning fikr-mulohazalari eshitilganidan keyin sudning ajrimi bilan hal qilinadi.
Ishni koʻrishda prokuror ishtiroki
tahrirKonstitutsiyaning 118-moddasiga koʻra[2] Oʻzbekiston Respublikasida prokuratura Oʻzbekiston Respublikasi hududida qonunlarning aniq va bir xilda bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradigan, davlatning mustaqil organi hisoblanadi. „Prokuratura toʻgʻrisida“gi Qonunga[8] muvofiq, prokuratura organlari faoliyatining asosiy yoʻnalishlaridan biri sudlarda fuqarolik ishlarini koʻrishda ishtirok etish, qonunlarga zid boʻlgan sud hujjatlariga protest keltirish hisoblanadi[3]. Prokuror uy-joy nizolarini koʻrishda ishni qoʻzgʻatish yoki boshlangan protsessda fikr berish yoʻli bilan ishtirok etishi, boshqa shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilib sudga ariza berishi mumkin. Uy-joy toʻgʻrisidagi ishlar bilan boʻliq masalalarda prokurorning ishtirok etishi protsessning va ish boʻyicha chiqariladigan hal qiluv qarori adolatli boʻlishini taʼminlashga qaratilgani uchun ham juda ahamiyatli boʻlib, buning huquqiy asosi sifatida prokurorning fuqarolik sud ishlarini yuritishda ishtirok etishi Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksi, Oila kodeksi hamda Bosh prokurorining 2015 yil 17-noyabrdagi „Sudlarda fuqarolik ishlarining koʻrilishida prokuror ishtirokining samaradorligini yanada oshirish toʻgʻrisida“gi 124-sonli buyrugʻiga asosan quyidagi fuqarolik ishlarini koʻrilishida prokuror ishtiroki majburiydir:
- sud ishda prokurorning qatnashishini zarur deb topgan hollarda;
- prokurorning arizasi bilan qoʻzgʻatilgan ishlar;
- saylov komissiyasining xatti-harakatlari (qarorlari) ustidan berilgan shikoyatlar boʻyicha ishlar;
- prokurorning huquqiy hujjatni gʻayriqonuniy deb topish haqidagi arizasi boʻyicha ishlar;
- fuqaroni bedarak yoʻqolgan deb topish yoki oʻlgan deb eʼlon qilish toʻgʻrisidagi ishlar;
- fuqaroning muomala layoqati cheklangan yoki muomalaga layoqatsiz deb topish toʻgʻrisidagi ishlar;
- ota-onalik huquqidan mahrum qilish, shu huquqni tiklash yoki cheklash toʻgʻrisidagi ishlar;
- shaxsni gʻayriixtiyoriy tartibda psixiatriya statsionariga yotqizish toʻgʻrisidagi ishlar;
- farzandlikka olish va farzandlikka olishni bekor qilish toʻgʻrisidagi ishlar;
- sil kasalligining yuqumli shakliga chalingan shaxsni sil kasalligiga qarshi kurash muassasasining ixtisoslashtirilgan boʻlimiga, gʻayriixtiyoriy tartibda yotqizish toʻgʻrisidagi yoki uning ushbu muassasada yotishi muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi ishlarda;
- ishga tiklash toʻgʻrisidagi ishlar;
- mulkni roʻyxatdan chiqarish toʻgʻrisidagi ishlar;
- emansipatsiya bilan bogʻliq ishlar;
- apellatsiya, kassatsiya instansiyalarida koʻrilayotgan ishlar;
- Oliy sudning barcha instansiyalarida koʻrilayotgan ishlarda;
- fuqarolarni boshqa turar joy bermasdan yashash joyidan koʻchirish toʻgʻrisidagi ishlarda qatnashishi majburiydir.
Uydan koʻchirish asoslari
tahrir- Koʻchirish toʻgʻrisidagi ishlarda manfaatdor shaxslarning prosessual holatini aniqlash qiyin emas, qoida tariqasida bunday nizoli ishlar daʼvogar sifatida ishtirok etuvchi uy-joy organlari tashabbusi bilan qoʻzgʻatiladi. Javobgar sifatida turar joyni ijaraga olgan fuqaro ishtirok etadi. Ayni vaqtda turar joy ijarasi shartnomasidagi ijaraga beruvchi yuridik shaxs va bevosita taraflar oʻsha shartnoma yuzasidan nizo chiqqanida sudda ishtirok boʻyicha taraf boʻlishi mumkin.
- Fuqaroga boshqa obod turar joy bergan holda koʻchirishda Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksida toʻgʻridan toʻgʻri kim sudga daʼvo qilishi koʻrsatilmagan. Lekin biz Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksi 71-moddasiga koʻra turar joy berayotgan korxona, muassasa, tashkilot yoki mahalliy davlat hokimiyat organi sudga daʼvo qilishi mumkin[9].
Oshkoralik
tahrirSud muhokamasining oshkoralik prinsipi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 113-moddasi[2], Fuqarolik protsessual kodeksining 12-moddasi[3], „Sudlar toʻgʻrisida“gi Qonunning 7-moddasida[10] mustahkamlangan. Unga koʻra, barcha sudlarda ishlar muhokamasi oshkora oʻtkaziladi. Davlat siriga, farzandlikka olish siriga taalluqli maʼlumotlar mavjud boʻlgan ishlar boʻyicha va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ishning muhokamasi yopiq sud majlisida oʻtkaziladi. Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning shaxsiy hayoti toʻgʻrisidagi maʼlumotlar oshkor boʻlishini oldini olish, yozishmalar sirini va qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni saqlash maqsadida yopiq sud muhokamasi oʻtkazilishiga yoʻl qoʻyiladi. „Davlat sirlarini saqlash toʻgʻrisida“gi[11], „Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida“gi qonunlari[12], shuningdek Konstitutsiyamizning 17-moddasiga koʻra[2], FPKning 234-moddasida[3] fuqarolarning yozishmalari, telegraf xabarlari va boshqa xabarlar sir saqlash maqsadida ularning shaxsiy yozishmalari, telegraf xabarlari va boshqa xabarlari shu yozishma, telegraf xabarlari va boshqa xabarlarni oʻzaro almashgan shaxslarning roziligi boʻlmasa yopiq sud majlisida oʻqib eshittiriladi hamda tekshiriladi. Shuningdek, Oila kodeksining "Farzandlikka olishni sir saqlash" deb nomlangan 153-moddasi[13], shuningdek xalqaro manba sifatida „Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisida“gi xalqaro paktning 14-moddalari ushbu ijtimoiy munosabat bilan bogʻliq harakatlarni tartibga soladi. Ish muhokamasi toʻliq yoki qisman yopiq sud majlisida oʻtkazilishiga faqat qonunda nazarda tutilgan asoslarga koʻra yoʻl qoʻyiladi. Ish muhokamasini yopiq sud majlisida oʻtkazish haqidagi ajrim eʼlon qilinganidan soʻng protsess ishtirokchilari boʻlmagan shaxslar, ommaviy axborot vositalari vakillari sud majlisi zalidan chetlashtirilib va bu sud majlisi bayonnomasida qayd etiladi. Yopiq sud majlisi oʻtkazilganda ishni elektron tarzda shakllantirishga yoʻl qoʻyilmaydi. Protsess ishtirokchisining iltimosnomasiga binoan, sud shaxsiy hayot daxlsizligini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan maʼlumotlar sir saqlanishini taʼminlash maqsadida fuqarolik ishini, shuningdek, maʼmuriy huquqiy munosabatlardan kelib chiqqan ishni yopiq sud majlisida koʻrib chiqishga haqli. Sud muhokamasini yopiq sud majlisida oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi iltimosnoma nafaqat oʻz shaxsiy manfaatlari borasida iltimosnoma kiritayotgan shaxs va (yoki) uning vakili tomonidan, balki boshqa shaxslar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish vakolati berilgan shaxslar (masalan, prokuror, vasiylik va homiylik organi va hokazo) tomonidan ham berilishi mumkin[14]. Ish natijasi boʻyicha chiqariladigan qaror besh kundan soʻng taraflarga berilishini maʼlum qilgan. Oʻzbekiston qonunchiligiga koʻra, yopiq sud majlislarini oʻtkazishda qonuniylikni taʼminlash maqsadida ish sudlov ishlari yuritishning barcha qoidalariga rioya qilingan holda koʻriladi. Ish sudning yopiq majlisida koʻrilishidan qatʼi nazar ish yuzasidan sudning hal qiluv qarori barcha hollarda oshkora eʼlon qilinishi shart sanaladi. Sudning hal qiluv qarori ishning sud muhokamasi tugaganidan keyin darhol qabul qilinishi va alohida hollarda, oʻta murakkab ishlar yuzasidangina asoslantirilgan hal qiluv qarorini tayyorlash koʻpi bilan besh kunga kechiktirilishi mumkinligi, ammo shunda ham hal qiluv qarorining xulosa qismini sud ishning muhokamasi tugallangan majlisning oʻzidayoq eʼlon qilishi, sud ishda ishtirok etuvchi shaxslar asoslantirilgan hal qiluv qarori bilan qachon tanishib chiqishi mumkinligini eʼlon qilinadi. Hal qiluv qarori chiqqanidan soʻng 10 kun ichida apellatsiya instansiyasiga, yoki apellatsiya instansiyasining ajrimi chiqqanidan soʻng 1 yil ichida kassatsiya instansiyasiga shikoyat qilishi mumkin. Sudning hal qiluv qarori, agar uning ustidan shikoyat qilinmagan boʻlsa, apellatsiya shikoyati berish muddati oʻtganidan keyin qonuniy kuchga kiradi. Hal qiluv qarori ustidan apellatsiya shikoyati berilgan taqdirda, hal qiluv qarori, agar u bekor qilinmagan boʻlsa, ishni apellatsiya instansiyasi sudi koʻrib chiqqanidan keyin qonuniy kuchga kiradi. Bu borada professor M. K. Treushnikov „Prinsiplardan birining buzilishi boshqa prinsipning ham buzilishiga olib keladi“ deya soʻz yuritgan[15]. Oshkoralik prinsipining qonuniy istisno holati buzilishi ayni paytda sudning faqat qonunga boʻysunishi prinsipini ham cheklaydi.
Manbalar
tahrir- ↑ „MJtK“ (o'zbek) (doc) (1995-yil 1-aprel). — „45-modda“. Qaraldi: 2022-yil 25-avgust.
- ↑ 2,0 2,1 2,2 2,3 „O'zb. Res. Konstitutsiyasi“ (o'zbek) (doc).
- ↑ 3,0 3,1 3,2 „Fuqarolik protsessual kodeksi“ (o'zbek) (doc) (2018-yil 1-aprel).
- ↑ Muxtasar (shariat qonunlariga qisqacha sharh). (o'zbek). Toshkent: "Cho'lpon", 1994 — 269-bet.
- ↑ . Yuridik ensiklopediya (o'zbek). Toshkent: Sharq, 2001 — 87-bet.
- ↑ Professor V.V. Yarkova. Fuqarolik huquqi (rus), Moskva, 2017 — 356-bet.
- ↑ V.V. Yarkova. Fuqarolik huquqi. Darslik (rus), 2017 — 720-bet. ISBN 978-5-8354-1383-6.
- ↑ „"Prokuratura to'g'risida"gi qonun“ (o'zbek) (doc) (2001-yil 7-noyabr). Qaraldi: 2022-yil 25-iyul.
- ↑ „Uy-joy kodeksi“ (o'zbek) (doc) (1999-yil 1-aprel). Qaraldi: 2022-yil 25-iyul.
- ↑ „"Sudlar to'g'risida"gi qonun“ (o'zbek) (doc) (2021-yil 29-iyul). Qaraldi: 2022-yil 25-iyul.
- ↑ „“Davlat sirlarini saqlash to’g’risida”gi“ (o'zbek) (doc) (1993-yil 5-sentyabr). Qaraldi: 2022-yil 25-iyul.
- ↑ „"Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun“ (o'zbek) (doc) (2012-yil 3-may). Qaraldi: 2022-yil 25-iyul.
- ↑ „Oila kodeksi“ (o'zbek) (doc) (1998-yil 1-sentyabr). Qaraldi: 2022-yil 25-iyul.
- ↑ „O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi 05-son qarori.“ (o'zbek) (doc) (2020-yil 21-fevral).
- ↑ prof. M.K.Treushnikova. Fuqarolik huquqi. Yuridik OTM lar uchun. (rus), 2001. 1337312.
Havolalar
tahrirDaʼvo arizasi (Wayback Machine saytida 2021-10-26 sanasida arxivlangan)
Yakkasaroyda xarobada qolgan uy masalasi yuzasidan hokimiyat oʻz munosabatini bildirdi