Ingichka tolali gʻoʻza

(Uzun tolali g'o'zadan yoʻnaltirildi)

Ingichka tolali gʻoʻza, uzun tolali gʻoʻza — 37–42 mm va undan uzun tola beradigan gʻoʻzalar. Ingichka tolali gʻoʻzaga asosan Gossypium barbadense L. turiga mansub navlar kiradi. Jahoida paxta tolasi ishlab chiqarishda Ingichka tolali gʻoʻzalar oʻrta tolali gʻoʻzalarsan keyin ikkinchi oʻrinda turadi. Ingichka tolali gʻoʻza koʻp mamlakatlarda, jumladan, Oʻzbekiston, Tojikiston, Turkmaniston, Misr, Sudan, Peru, Shimoliy Braziliya, Nigeriya, AQSH da katta maydonlarga ekiladi.

Oʻzbekiston Respublikasida Ingichka tolali gʻoʻza navlari, asosan, jan. hududlari (Surxondaryo, Qashqadaryo, Buxoro, Andijon, Namangan viloyatlari)da yetishtiriladi. Mamlakatda ekiladigan Ingichka tolali gʻoʻzaning asosiy navlari (2002): Termiz 24, Termiz 31, 6249-V, 9883-I, 9871-I, S-6037, 6465-V va boshqa Ingichka tolali gʻoʻza navlari tezpishar boʻlib, fenologik rivojlanish fazalarini oʻtishi uchun 2100—2220° dan ortiq samarali harorat yigʻindisini talab qiladi. Ingichka tolali gʻoʻza navlari morfologik va xoʻjalik belgilariga koʻra, nihoyatda xilma-xildir. Ularda vegetatsiya davri 110—120 kundan 180—200 kunga va undan ham koʻproqqa choʻziladi. Navlari orasida tupi shoxsiz tipdan ("nol tip") to keng tarvaqaylab oʻsadigan shakllari bor. Poyasi mustahkam, tik oʻsadi, boʻyi 60—130 sm, tuksiz, yashil, kuzga borib qizgʻish-jigarrang tusga kiradi. Barglari yirik, qalin, toʻq yashil boʻlmalari uzunchoq uchburchakli. Gullari yirik, gulbarglari limon rang , asosida tiniq toʻq qizil dogʻi bor. Koʻsaklari maydaroq, koʻpchiligi choʻzinchoq tuxumsimonkonus shaklida, uchi oʻtmas yoki oʻtkir, 3—5 chanokli. Bir koʻsakdan 3—4,2, baʼzan 4,5—5 g paxta chiqadi. Chigitlari yirik, tuksiz, siyrak tukli yoki sertuk, tuki och yashil yoki kulrang . 1000 dona chigiti vazni 110—140 g. Tolasi yaltiroq, och sariq yoki oq. 28—36% tola chiqadi. Tolasidan (I, II, III tipli) yuqori sifatli, nafis gazlamalar, pishiq texnika buyumlari tayyorlanadi.

Ingichka tolali gʻoʻzaning turli navlari agrotexnikasi nav belgilari va ekilayotgan zonalarning tuproq-iqlim sharoitiga bogʻliq. Oʻrta Osiyoda Ingichka tolali gʻoʻza seleksiyasi boʻyicha ishlar 1920-yillar oʻrtalarida boshlandi. 1926-yildan Bayramali (Turkmaniston), 1930-yildan Vaxsh vodiysi (Tojikiston), keyinchalik xrz. Oʻzbekiston gʻoʻza seleksiyasi va urugʻchiligi ilmiy tadqiqot intida, Fargʻona seleksiya st-yasi va b. tajriba st-yalarida Misr gʻoʻzasidan Ingichka tolali gʻoʻza navlarini yetishtirishga oid ishlar olib boriladi. 1930-yil Misrdan Ashmuni, Zagora, Saxel va boshqa navlarning chigitlari keltirilib, Tojikistonning Vaxsh vodiysida ekildi, biroq ular juda kamhosil boʻlib chiqdi. Shu yili Oʻzbekistonda ham birinchi marta Ingichka tolali gʻoʻza ekildi (0,2 ming ga, hosildorlik 9,7 s/ga, yalpi hosil 0,2 ming t). Oʻrta Osiyoda birinchi Ingichka tolali gʻoʻza navi — 2IZ Yoʻlatan seleksiya stansiyasida 1935-yilda chiqariddi. 1990-yillar boshigacha 50 dan ortiq juda qimmatli Ingichka tolali gʻoʻza navlari yaratildi va rayonlashtirildi. Bu navlar Oʻrta Osiyoning keskin kontinental jazirama iqlimiga va boshqa agroekologik sharoitiga yaxshi moslashgan: tezpisharligi, issiqqa chidamliligi va ildiz tarmogʻining baquvvatligi bilan ajralib turadi.

Adabiyot

tahrir
  • Avtonomov A. A., Seleksiya tonkovoloknistix sortov xlopchatnika v Oʻzbekistane, T., 1973; Tojiyev M., Ingichka tolali nav gʻoʻza agrotexnikasi, T., 1981; Bespalov N. F., Akchurina N. A., Problemi i perspektivi vozdelivaniya tonkovoloknistogo xlopchatnika v Oʻzbekistane, T., 1985.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil