Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Virusologiya instituti — odamlar uchun oʻta xavfli boʻlgan yuqumli kasalliklar, jumladan viruslar qoʻzgatadigan kasalliklarning tarqalishi, viruslarning tashqi muhitda saqlanishi qonuniyatlarini oʻrganadigan, fundamental va amaliyot uchun tadqiqotlar olib boradigan institut. Oʻrta Osiyo mintaqalarida viruslarning tarqalishi, virusli kasalliklar rivojlanishining mintaqaviy qonuniyatlarini oʻrganish maqsadida sobiq Ittifoq Tibbiyot Fanlar akademiyasi D.I. Ivanovskiy nomidagi Virusologiya institutining Toshkentdagi filiali sifatida 1978-yilda tashkil etilgan. 1988-yildan Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligiga qarashli mustaqil institut, 1991-yildan Tibbiyot Fanlar akademiyasi Oʻrta Osiyo boʻlimi instituti, 1994-yildan Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi qaramogʻida. Institutda gepatit viruslarini aniqlash va tashhislash, virusli gepatitlar epidemiologiyasi, bolalar va kattalarda uchraydigan gepa-titlar klinikasini oʻrganish, jigar hujayralarini immunelektron mikroskopik morfologiyasini oʻrganish, instituterferon, detoksikatsiya, arboviruslarni oʻrganish laboratoriyalari bor. V.i.ning ilmiy yoʻnalishi respublikada virusli gepatit hamda arboviruslarga xos kasalliklarning viruslarini aniqlash va ularning oʻziga xos hamda ular keltirib chiqaradigan kasalliklarning rivojlanishi va kechishi qonuniyatlarini oʻrganishga qaratilgan. Institut virusli kasalliklarni oʻz vaqtida aniqlash va oldini olish, asoratlari-ni tugatish tadbirlarini ishlab chiqadi va tibbiyot amaliyotiga tatbiq etadi. 20 yil davomida olib borilgan tadqiqotlar natijasida MDH davlatlari orasida birinchi boʻlib virusli gepatitning A, V, S, D, Ye turi borligi va ular oʻziga xos qonuniyatlar hamda farqlarga ega ekanligi, epidemiologiyasi, klinik rivojlanishi va qoldirajak asoratlari bilan ham bir-biridan farq qilishi aniqlanadi. 1988-yilda V.i. tashabbusi bilan V gepatitga qarshi oʻtkazilgan emlash tufayli bu kasallikning kamayishi isbotlandi va shu asosida dastur hamda loyihalar ishlab chiqildi. Mintaqada arboviruslarning turlari, ularning ekogeografiyasi aniqlandi. Bir mintaqadan ikkinchi mintaqaga viruslar va ular manbalarining koʻchib yurishi hamda kasallikning roʻyobga chiqishiga oid qonuniyatlar oʻrganildi. Instituterferon laboratoriya Oʻzbekistonda keng tarqalgan dorivor oʻsimliklarda viruslarga taʼsir etuvchi moddalarni oʻrganish va amaliyotga tatbiq etish bilan shugʻullanadi. Detoksikatsiya laboratoriya bemor organizmidagi suyuqliklar va hujayralarda mavjud boʻlgan zaharli moddalarni parchalash va ularni organizmdan chiqarib yuborish usullari ustida izlanishlar olib boradi. Institutda 4 fan doktori, 15 dan ortiq fan nomzodi va bir qancha ilmiy xodimlar faoliyat koʻrsatadi (2001).[1]

Yana qarang

tahrir

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil