Xitoy (Qtoy, Kidan) — turkiy urugʻlardan biri. Ularning ajdodlari qadimgi kidanlar boʻlgan. XI asrga kelib ularning Shimoliy Xitoydagi davlati tugatilgach, bir qismi Markaziy Osiyoga koʻchib oʻtgan. Manbalarda ularni qoraxitoy deb atashgan. XVI asrda xitoylarning bir qismi Shayboniyxon qoʻshinlari tarkibiga kirgan. XVII asrda xitoylarning katta guruhi qipchoqlar bilan birgalikda xitoy-qipchoqlar qabilaviy ittifoqini tuzganlar va Zarafshon vohasining oʻrta qismiga koʻchib oʻtganlar. Hozirda ham Zarafshon vohasida Xitoypoyon mahallasi kabi shu urug'ga mansub qishloqlar mavjud. Bu qabilaviy ittifoq XIX asrning oʻrtalarigacha davlatning siyosiy hayotida muhim oʻrin tutib kelgan. Xitoylar 3 katta uruqqa boʻlingan: qanjigʻali xitoy, qoʻshtamgʻali xitoy va oʻtarchi. 1870-yillarda Samarqand viloyatida yashovchi xitoylar 45 ming kishini tashkil qilgan. Xitoylar Buxoro, Xorazm viloyatlarida ham yashaganlar. Xitoylar qozoq, qirgʻiz, qoraqalpoq, boshqird va boshqa turkiy xalqlar tarkibiga kirgan.

Adabiyot

tahrir
  • Shaniyazov K., K etnicheskoy istorii uzbekskogo naroda, T., 1977.
  • Shoniyozov Karim, Oʻzbek xalqining shakllanishi jarayoni, T., 2001.