Xochu peremen!

Kino guruhi qoʻshigʻi (1989)

Xochu peremen!“ (ruscha: Хочу перемен!, yaʼni „Oʻzgarishlarni xohlayman!“) („Mi jdyom peremen“, yaʼni „Oʻzgarishlarni kutyapmiz“ deb ham nomlanadi) — „Kino“ sovet rok musiqa guruhi ijro etgan qoʻshiq. Guruhning 1989-yil eʼlon qilingan „Posledniy geroy“ studiyaviy albomiga birinchi trek oʻlaroq kiritilgan.

„Xochu peremen!“
„Kino“ qoʻshigʻi
„Posledniy geroy“ albomidan
Chiqarilgan sanasi 1989
Yozib olingan 1989
Janr yangi toʻlqin
Davomiyligi 4:55
Leybl Off The Track Records
Matn muallif(lar)i Viktor Soy
„Posledniy geroy“ xronologiyasi
Xochu peremen! „Elektrichka“
Klipi
„Xochu peremen!“ YouTubeda

„Xochu peremen!“ guruh repertuaridagi eng taniqli taronalarning biridir. Bugunga qadar taronani bir necha xonanda va guruh, jumladan, „MultFilmi“, „Zveri“, „Louna“, „S.K.A.Y.“ guruhlari hamda qoʻshiqchilar Nadejda Kadisheva va Dino MC 47 kaver qilgan.

„Xochu peremen!“ ashulasi matnini guruh solisti Viktor Soy yozgan. 2015-yil „Russkiy reportyor“ jurnali oʻtkazgan soʻrovda qoʻshiq matni Rossiyadagi eng mashhur sheʼrlar orasida 8-oʻrinni egallagan[1]. „Time Out“ jurnali esa qoʻshiqni „hayotimizni oʻzgartirgan 100 qoʻshiq“ (ruscha: 100 песен, изменивших нашу жизнь) roʻyxatiga kiritgan[2].

Qoʻshiq ilk bor 1986-yil Leningrad rok-klubining IV festivalida ijro etilgan. 1987-yil rejissor Sergey Solovyov olgan „Assa“ filmida yangraganidan keyin keng jamoatchilik taronani ilk marotaba eshitgan. Film eʼlon qilinganidan keyin ikki yil oʻtib, qoʻshiq „Posledniy geroy“ albomi uchun qaytadan yozib olingan.

Qoʻshiq muallifi va ijrochisi Soy taronani qaysidir paytda „perestroyka haqidagi gazeta maqolasi oʻlaroq talqin qila boshlashgani“, ammo muallif uni yozayotganida islohotlar haqida oʻylamaganini aytgan. Bunga qaramay, yozuvchi Aleksandr Jitinskiy oʻsha davr kontekstida ashula tinglovchilar tomonidan aynan ijtimoiy oʻzgarishlar chaqirigʻi olaroq qabul qilingani haqida yozgan. Qoʻshiq chindan ham Sovet Ittifoqida perestroykaning oʻziga xos gimniga aylangan. Undan keyingi yillarda esa sobiq sovet mamlakatlarida, xususan, Belarusda islohotlar tarafdorlarining madhiyasiga aylangan.

Manbalar

tahrir
  1. Dasha Blagova; Vitaliy Leybin „Слова не выкинешь“ (ruscha). Ekspert (25-iyun 2015-yil). 2016-yil 19-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 22-iyul 2022-yil.
  2. Maksim Tuvim; Anton Milexin; Dmitriy Demidov „100 песен, изменивших нашу жизнь“ (ruscha). Time Out (7-dekabr 2011-yil). 15-may 2013-yilda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 22-iyul 2022-yil.

Havolalar

tahrir