Xoja Jaloluddin Fazlulloh Abu Laysiy
Xoja Jaloluddin Fazlulloh Abu Laysiy (vaf. taxm. 1470-yil) — falsafashunos, shoir, fiqhshunos, arab tilishunos olim.
Xoja Jaloluddin Fazlulloh Abu Laysiy | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | falsafa, shoir, fiqh, arab tili |
Alloma zamonasining mashhur olimi boʻlish bilan birga shoirlikdan ham xabardor boʻlgan. Falsafa, fiqh va arab tili borasida Samarqand olimlarining peshqadami hisoblangan. Tugʻilgan sanasi toʻgʻrisida maʼlumotlar topilmadi. Taxminan 1470-yil atrofida vafot etgan[1]. Alisher Navoiy oʻz asarlarida eʼtirof qilib yozganidan maʼlumki, u oʻzining madaniy saviyasini oshirish, bilimini yanada chuqurlashtirish yoʻlida Shayx Sadriddini Revasiy, Shayx Kamol Turbatiy, Said Hasan Ardasher, Xoja Muhammad Astrobodiy, Xoja Yusuf Burhon, Abdurahmon Jomiy va Mavlono Fasihiddin Sohib kabi olimlar huzurida taʼlim olgan. Ammo u Samarqandda Muhammad Olim Samarqandiy, Xoja Hisrav, Aloi Shoshiy kabi olimlar suhbatidan tashqari, koʻproq vaqtini Fazlulloh Abu Laysiy (Fazlulloh ibn Abdulvohid ibn Abu Lays Samarqandiy) oilasida va uning madrasasida oʻtkazgan. Alisher Navoiyning Samarqanddagi hayotida bu oila, shaxsan Fazlulloh Abu Laysiyning oʻzi muhim ijobiy rol oʻynagan edi. Abu Laysiylar xonadonining Sharqda shuhratlanishi Faqih Abu Lays ibn Muhammad ibn Ibrohim Samarqandiydan boshlangan edi. Faqih Abu Laysiy yashagan davr Oʻrta Osiyo xalqlarining qadimgi madaniyati ustiga jahon madaniy boyliklarining Samarqand hamda Buxoroda toʻplagan vaqti boʻlganligidan Abu Lays bu adabiy-madaniy xazinalardan oʻz davriga koʻra toʻliq foydalana olgan kishi boʻlgan. Alisher Navoiyning Samarqandda Fazlulloh Abu Laysiy dargohini maʼqul koʻrishi, u dargohga qarab intilishining bosh sababi ham shunda ediki, fahih Abu Lays avlodlarning madaniy anʼanalarini temuriylar davrida ham davom ettirgan kishilardan biri Samarqandning „aʼlamu-l-ulamo“si („olimlar olimi“) Fazlulloh Abu Laysiy edi. Uning kutubxonasida boy madaniy va adabiy merosning durdonalari koʻp boʻlganidek, shaxsan oʻzi ham XV asrning 60-70-yillaridagi Samarqand olimlari oʻrtasida katta obroʻga ega boʻlgan. Alisher Navoiy „Majolisu-n-nafois“da: „Ikkinchi majlis ul jamoati azizlar zikridankim, faqir alardin baʼzini mulozamatigʻa kichiklikda yetibmen“[2], deb bir qator olimlar bilan birga Fazlulloh Abu Laysiyning madaniy saviyasi va olimlar oʻrtasidagi mavqei haqida ham muhim maʼlumotlar keltirgan. „Samarqand akobiridindur, Fahih Abu Laysiy avlodidin, — deb davom etadi Alisher Navoiy, — Sayid Sharifning toʻrt shogirdi va Sayid oʻz xatlari bilan dars ayturgʻa ijozatnoma alarning uchun bitib erdi“. Sayid Sharif Jurjoniy tarbiyasida yetishib, undan „dars ayturgʻa ijozatnoma“ olgan mudarris Fazlulloh Abullaysiyning faqihlikda — Abu Hanifai soniy va arab tilini bilishda Ibn Hojib bilan teng darajadagi bilimdon kishi boʻlganini Alisher Navoiy mazkur asarida quyidagicha keltiradi: „Fiqhda ani Abu Hanifai soniy derlar erdi va arabiyatda Ibn Hojib kaffasida tutar erdilar“[3]. Fazlulloh Abu Laysiy oʻz davrining odamlari orasida falsafa, ilmi fiqh va arab tilini bilishda Samarqanddagi olimlarning peshqadami sanalgan, uning madrasasida faqat Alisher Navoiy emas, balki Yusuf Andijoniy, Yusuf Safoiy, Harimiy Qalandar, marvlik Nodir, xorazmlik Baqoiy, Qunduzlik Muhammad Badaxshiy kabi necha oʻnlab shogirdlar boʻlgan. Hech shubha yoʻqki, Alisher Navoiy Samarqandda Fazlulloh Abu Laysiy madrasasida shu shogirdlar bilan birga falsafa, tarix, huquq, falakiyot, joʻgʻrofiya va til-adabiyotni oʻrgangan. Faqat Fazlulloh Abu Laysiy madrasasidagina emas, balki samarqandlik olimlar davrasida, suhbatida ham u bu fanlar ustidagi mashgʻulotlarni davom ettirgan. Allomaning asarlari toʻgʻrisida maʼlumotlar yoʻq. Qabri hozirgacha Samarqandda xalq ziyoratgohi boʻlib kelmoqda[4].
Adabiyotlar
tahrirManbalar
tahrir- ↑ Валихўжаев Б. Низомиддин Мир Алишер Навоий (даври, замондошлари, ҳаёти, фаолияти, мероси). 1-қисм. http://kh-davron.uz/kutub-xona/alisher-navoiy/botirxon-valixojayev-nizomiddin-mir-alisher-navoiy-davri-zamondoshlari-hayoti-faoliyati-merosi-birinchi-qism.html[sayt ishlamaydi].
- ↑ Алишер Навоий. Асарлар. Т. 12. Мажолисун-нафоис. – Т.: Фан, 1997. – Б.27.
- ↑ Алишер Навоий. Асарлар. Т. 12. Мажолисун-нафоис. – Т.: Фан, 1997. – Б.29.
- ↑ Абдуллаев В. Навоий Самарқандда. – Т., 1968. – Б. 51-52.
Ushbu maqolada Oʻrta asr Sharq allomalari ensiklopediyasi maʼlumotlaridan foydalanilgan. |