Yuz jarohati
Yuz jarohati (shuningdek yuz-jagʻ jarohati deb ham ataladi) yuz sohasiga yetkazilgan har qanday jismoniy shikastni anglatadi. Yuz jarohatlari yumshoq toʻqima shikastlanishlari, kuyish, tirnalish va koʻkarishlarni, shuningdek, yuz suyaklari (burun va jagʻ sinishlari) hamda koʻz jarohatlarni ham oʻz ichiga oladi. Shikastlanish turiga koʻra simptomlar oʻziga xos boʻladi. Masalan, suyak sinishlarida ogʻriq, shish, funksiyalar yoʻqolishi yoki yuz tuzilmalarining shakl oʻzgarishi kuzatilishi mumkin.
Yuz jarohati | |
---|---|
Ikki yil oldin Amerika fuqarolar urushida snaryad tomonidan yaralangan oddiy askar surati. 1865-yil. | |
Mutaxassislik | Og‘iz bo‘shlig‘i va yuz-jag‘ jarrohligi |
Yuz jarohatlari tana qiyofasini buzilishi va funksiyalarning yoʻqolishiga sabab boʻlishi mumkin. Yuz jarohatlari kamdan-kam hollarda hayot uchun xavf tugʻdirsa-da, ular oʻlimga olib kelishi mumkin, chunki jarohatlar kuchli qon ketishiga yoki nafas yoʻllari toʻsilishiga olib kelishi mumkin. Shuning uchun davolanishdagi asosiy eʼtibor, bemor nafas olishi uchun nafas yoʻllarining ochiqligini va xavf tugʻdirmasligini taʼminlashga qaratiladi. Yuz jarohati turiga qarab, ochiq yaralarni bogʻlash va tikish, muzli kompresslar qoʻyish, antibiotiklar va ogʻriq qoldiruvchi dorilar berish, suyaklarni oʻz joyiga tushirish hamda zarur hollarda jarrohlik amaliyotini oʻtkazish kabi davolash usullarini oʻz ichiga oladi. Sinishlar borligiga shubha qilinganda, tashxis uchun rentgenografiya ishlatiladi.
Rivojlangan mamlakatlarda yuz jarohatlari asosan avtomobil halokatlari oqibatida yuz berardi, biroq hozirgi kunda bu sababning oʻrnini shaxslararo zoʻravonlik egalladi. Shunga qaramay, rivojlanayotgan mamlakatlarda avtohalokatlar hamon yuz jarohatlarining asosiy sababi boʻlib qolmoqda va boshqa joylarda ham bu asosiy sabab hisoblanadi.
Belgilari
tahrirYuz suyaklarining sinishlari, boshqa suyak sinishlaridagi kabi, ogʻriq, koʻkarish va atrofdagi toʻqimalarning shishi bilan kuzatiladi (bunday alomatlar sinishlar boʻlmaganda ham yuzaga kelishi mumkin). Burun, bosh suyagi yoki yuqori jagʻning sinishi koʻp miqdorda burundan qon ketishiga sabab boʻladi. Burun suyagi sinishi burunning shaklini oʻzgartirib, shish va koʻkarishlarga olib keladi. Yuzdagi nuqsonlar, masalan, botiq yanoq suyagi yoki notoʻgʻri joylashgan tishlar suyak sinishlarini koʻrsatishi mumkin. Yuz tuzilishining nosimmetrikligi ularning singanligini yoki asab tolalari shikastlanganligini anglatadi. Pastki jagʻ sinishi qayd etilgan bemorlarda koʻpincha ogʻizni ochishda ogʻriq va qiyinchilik kuzatiladi. Lab va iyakda esa karaxtlik paydo boʻladi. Le Fort sinishlari tufayli yuzning oʻrta qismi bosh chanogʻining boshqa qismlariga siljishi mumkin[1].
Sabablari
tahrirYiqilish, tajovuz, sport jarohatlari va transport vositalari orqali orttirilgan jarohatlar bolalar[2][3] va kattalarda[4] yuz jarohatlarining keng tarqalgan sabablaridan biridir. Musht va qattiq jismlar bilan yuzga zarba berish, yuz jarohatlarini keltirib chiqaruvchi asosiy sabablardan biri hisoblanadi[5]. Yuz jarohatlari urush davridagi oʻq va portlashlar natijasida ham yuzaga kelishi mumkin. Hayvonlar hujumlari va ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar kabi kasb bilan bogʻliq jarohatlanishlar asosiy sabablar qatoriga kiradi. Yuz-jagʻ jarohatlarining asosiy sabablaridan biri transport vositalari bilan bogʻliq shikastlanishlardir. Yuz jarohatlari koʻpincha, avtomobilning ichki qismlariga, ayniqsa, rulga urilganda yuz beradi[6]. Bundan tashqari, xavfsizlik yostiqchalari ochilganda yuzning shox pardasida shilinish va yaralarni keltirib chiqarishi mumkin.
Tashxis
tahrirYuz suyaklari sinishini aniqlash uchun radiografiya, yaʼni toʻqimalarni rentgen nurlari yordamida tasvirlash usulidan foydalaniladi[7]. Angiografiya (qon tomirlarining ichki qismini koʻrsatuvchi rentgen surati) qon ketish manbasini aniqlash uchun qoʻllaniladi. Ammo yuz suyaklari va toʻqimalarining murakkabligi oddiy rentgen suratlarini talqin qilishni qiyinlashtirishi mumkin. KT (kompyuter tomografiyasi) sinishlarni aniqlash va yumshoq toʻqimalarni tekshirish uchun samaraliroq usul hisoblanadi. Shuningdek, u koʻpincha jarrohlik amaliyoti zarurligini aniqlashda ham kerak boʻladi. Biroq, KT qimmatroq va uni oʻtkazish imkoniyati cheklangan. KT-skanerlash odatda, yuz jarohatlarini aniqlashda rentgenografiyaga qaraganda aniqroq va samaraliroq usul deb hisoblanadi.
Oldini olish
tahrirYuz jarohatlarini kamaytirish choralari xavfsizlik kamarlaridan foydalanishni majburiy qiluvchi qonunlarni joriy etish, hamda xavfsizlik kamarlari va mototsikl bosh kiyimlarining ahamiyati haqida jamoatchilikni xabardor qilishni oʻz ichiga oladi. Mast holda transport vositasini boshqarishni kamaytirish boʻyicha saʼy-harakatlar yuz jarohatlarining oldini olish choralaridan biridir. Bu borada qonunlarga oʻzgartirishlar kiritish va ularni qatʼiy qoʻllash, shuningdek, jamiyatning bu oʻzgarishlarga boʻlgan munosabatini oʻzgartirish taklif etilmoqda.
Biomexanika tadqiqotlari maʼlumotlardan foydalanib, yuz jarohatlarining oldini olishga qaratilgan avtomobillarni loyihalash imkoniyati koʻrib chiqilmoqda. Xavfsizlik kamarlari avtohalokatda yuz va jagʻ jarohatlari sonini hamda ogʻir darajadagi jarohatlarni kamaytirsa-da, xavfsizlik yostiqchalari oʻzi bu jarohatlarning oldini olishda unchalik samarali emas.
Sport bosh kiyimidagi xavfsizlik vositalari jiddiy yuz jarohatlari xavfini kamaytirishi aniqlangan[8]. Sport bosh kiyimlariga ogʻiz yoki yuz jarohatlarining (orofatsial shikastlanish) oldini olish uchun qoʻshimcha moslamalar oʻrnatilishi mumkin. Shuningdek, ogʻiz himoyalagichlaridan ham foydalaniladi.
Davolash
tahrirDavolashning shoshilinch vazifasi nafas yoʻllarining ochiq va xavfsiz ekanligini taʼminlashdir. Chunki nafas yoʻllarining kasallanishi tez va simptomlarsiz sodir boʻlishi mumkin boʻlgan, oʻlimga ham olib kelish ehtimoli yuqori[9]. Ogʻiz boʻshligʻi va nafas yoʻllariga xavf tugʻdiruvchi moddalarni qoʻlda yoki maxsus vosita yordamida olib tashlash va qoʻshimcha kislorod bilan taʼminlash mumkin. Nafas yoʻllariga xalaqit berishi mumkin boʻlgan, yuz suyaklarining sinishlarini, suyaklarni oʻz joyiga qaytarish orqali bartaraf etish mumkin. Bu ham qon ketishini kamaytiradi, ham suyakni nafas yoʻllaridan uzoqlashtiradi. Shish tufayli traxeya intubatsiyasi (nafas olishni qoʻllab-quvvatlash uchun nafas yoʻliga naycha kiritish) qiyinlashishi yoki butunlay imkonsiz boʻlib qolishi mumkin[5]. Yuz jarohati mavjud boʻlganda, burun orqali endotraxeal naychani kiritish usuli bilan intubatsiya qilish qarama-qarshi koʻrsatma boʻlishi mumkin. Chunki bosh suyagi asosida aniqlanmagan siniq boʻlsa, naycha u orqali miyaga kirib ketishi ehtimoli mavjud[5]. Agar yuz jarohatlari orotraxeal yoki nazootraxeal intubatsiyaga toʻsqinlik qilsa, nafas yoʻlini yetarli darajada taʼminlash uchun jarrohlik havo yoʻli (krikotirotomiya) qoʻyish mumkin. Krikotirotomiya va traxeostomiya boshqa usullar natija bermaganda faqat soʻnggi chora sifatida qoʻllanadi, chunki bu muolajalar murakkab va turli asoratlarga olib kelishi mumkin.
Jarohatlarni toza saqlash va tuzalishni tezlashtirish uchun ularning ustiga tibbiy bogʻlam qoʻyish mumkin. Shuningdek, infeksiya xavfi yuqori boʻlgan hollarda antibiotiklardan foydalaniladi.
Yana qarang
tahrirManbalar
tahrir- ↑ Kellman RM. Commentary on Seyfer AE, Hansen JE (2003). p. 442.
- ↑ AlAli, Ahmad M.; Ibrahim, Hussein H. H.; Algharib, Abdullah; Alsaad, Fahad; Rajab, Bashar (August 2021). "Characteristics of pediatric maxillofacial fractures in Kuwait: A single-center retrospective study". Dental Traumatology 37 (4): 557–561. doi:10.1111/edt.12662. ISSN 1600-9657. PMID 33571399. https://pubmed.ncbi.nlm.nih.gov/33571399.
- ↑ Neuman MI, Eriksson E (2006). pp. 1475–77.
- ↑ „Skull and facial bone trauma“, Accidental injury: Biomechanics and prevention. Berlin: Springer, 2002 — 254–258-bet. ISBN 0-387-98820-3.
- ↑ 5,0 5,1 5,2 Seyfer AE, Hansen JE (2003). pp. 423–24.
- ↑ „Kinematics of trauma“, Trauma. Fifth Edition. McGraw-Hill Professional, 2003 — 149-bet. ISBN 0-07-137069-2.
- ↑ „Head and facial trauma“, Atlas of emergency medicine. New York: McGraw-Hill, Medical Publishing Division, 2002 — 9–10-bet. ISBN 0-07-135294-5.
- ↑ "Preventing head and neck injury". British Journal of Sports Medicine 39 (6): 314–18. June 2005. doi:10.1136/bjsm.2005.018200. PMID 15911597. PMC 1725244. http://bjsm.bmj.com/cgi/content/full/39/6/314.
- ↑ Jeroukhimov I, Cockburn M, Cohn S (2004). pp.2–3.