Abdullatif Lutfiy al-Xarputiy
Abdullatif Lutfiy al-Xarputiy (arabcha: عبد اللطیف لطفی الخرپوتی – kalom ilmi olimi.
Abdullatif Lutfiy al-Xarputiy | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Tavalludi | milodiy 1842-yil |
Vafoti |
milodiy 1916-yil |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | kalom ilmi olimi |
Hayoti
tahrirHayoti haqida maʼlumotlar oz. Abdullatif Lutfiy al-Xarputiy 1842-yilda hozirgi Turkiyaning ikki ming yillik tarixga ega boʻlgan Xarput shahrida tugʻilgani uchun „al-Xarputiy“ nisbasi bilan tanilgan. Ilk sabogʻini yaqin qarindoshi boʻlgan muftiy Umar Naimiydan olgan. Keyinchalik Istanbul shahriga safar qilib, u yerdagi Fotih madrasasida tahsil oladi. Madrasadagi taʼlimni tamomlaganidan soʻng, Adana shahriga koʻchib oʻtadi. Bir muddat u yerda mudarrislik qiladi va oʻsha yerda oila quradi. Soʻng oilasi bilan Istanbulga qaytadi va Boyazid masjidi imom-xatibi hamda „Majlisi tadqiqoti shar’iyya“ aʼzoligiga tayinlanadi. 1891-yilda miloddan avvalgi 315-yilda Makedoniya shohi Kassandr tomonidan asos solingan Saloniki shahriga ketadi va oʻn yil oʻsha yerda qoladi. U yerda boʻlgan vaqtida koʻplab mahalliy mutasavvif olimlar bilan ilmiy suhbat qurgani haqida maʼlumotlar mavjud.
Abdullatif Lutfiy al-Xarputiy 1901-yilda Istanbulga qaytadi. Oʻsha yili Usmoniyya dorulfununiga kalom ilmi mudarrisi etib tayinlanadi. U dorulfununda ish boshlagan yili ilmiy darajaga ega boʻlishi bilan birga „Madrasa al-voʻiziyn“da ham kalom ilmidan dars beradi. Abdullatif Lutfiy al-Xarputiy 1910-yilda haj ziyoratiga boradi. U yerda uning arab tilida aytgan vaʼzlari olimlar tomonidan yuksak baholanadi.
Vafoti
tahrirAbdullatif Lutfiy al-Xarputiyning vafot tarixi manbalarda turlicha koʻrsatilgan. Ulardan biri - Husayn Vassofning „Safinai avliyo“ asarida olimning qabr toshidagi bitikka asoslanib, vafot sanasini 1332-hijriy yil deb qayd etilgan. Qabri Istanbuldagi Markaz afandi qabristonida.
Asarlari
tahrir- „Majālis al-anvār al-ahadiyya va majāmi’ al-asrār al-Muhammadiyya“. Eʼtiqodiy va amaliy masalalarga oid, oyat va hadislar asosida yaratilgan ushbu asarni muallif 1889-yilning avgust oyida yozib tugatgan. 38 bobdan iborat mazkur asar arabiy matnlar va turkiy izohlardan iborat.
- „Tanqūh al-kalām fū aqāid ahl al-islām“. Dorulfunun va Madrasa al-voʻiziynda kalom ilmidan dars bergan yillarida yozgan eng muhim tadqiqoti. Kalom ilmiga oid arab tilidagi ushbu asar bir muqaddima, uch boʻlim va xotimadan iborat.
- „Takmila tanqūh al-kalām“. Yuqorida zikr qilingan asarga ilova sifatida yozilgan.
Adabiyotlar
tahrir- Metin Yurdagür. „Harpûtî, Abdüllatif“. TDV İA. – İstanbul: 1997. XVI, 235-237;
- İbrahim Hakkı Aydın. „Abdullâtif Harputî“, Yeni Türk İslâm Ansiklopedisi. – İstanbul: 1995. 17-20.
Manbalar
tahrir- ↑ Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.
Ushbu maqolada Islom ensiklopediyasi (2020) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |