Abdullatif Sultonmahmudov

Abdullatif Sultonmahmudov imom-xatib

Abdullatif Sultonmahmudov (arabcha: عبد اللطيف خان سلطان محمودوف)

Abdullatif Sultonmahmudov
Shaxsiy maʼlumotlar
Tavalludi 1930-yil
Vafoti 2018-yil 9-oktabr
Dini Islom
Tanilgan sohasi imom-xatib

Taʼlim

tahrir

Abdullatif Sultonmahmudov (Abdullatif maxdum) 1937–1942-yillarda Namangan shahridagi 4-o‘rta maktabda o‘qiydi. 5-sinfni tamomlagach, urush davri qi­yinchiliklari sabab bo‘lib, maktabdagi o‘qishni tashlab, ishlashga majbur bo‘ladi. U 1952-yil islomiy ilmlarini egallash maqsadida Buxoro shahridagi Mir Arab madrasasiga o‘qishga kiradi. U yerda besh yil o‘qiydi, keyin Toshkentdagi Baroqxon madrasasida ham to‘rt yil taʼlim oladi. Bu davr mobaynida, ayniqsa, tafsir va fiqhni chuqur o‘rganib, ustoz­lari eʼtiborini qozonadi. Madrasani tugallaganlik to‘g‘risidagi shahodatnomani qo‘lga kiritgach (1959-yil), Mir Arab madrasa­sida arab tilidan o‘qituvchi qilib olib qolinadi. Dars berish mobaynida kechki maktabga qatnab, o‘n yillik o‘rta taʼlim shahodatnomasini oladi. 1960–1962-yillarda Suriya Davlat universitetining sha­riat fakultetida Shayx Muhammad Amin al-Misriy, Shayx Mus­tafo Ahmad az-Zarqo, Hishom al-Burhoniy kabi Islom olamining ko‘zga ko‘ringan olimlaridan tahsil oladi.

Faoliyati

tahrir

Suriyadan qaytgach, diniy nazorat huzuridagi kutubxonaga ishga kiradi. 1963-yildan 1968-yilgacha Mir Arab madrasasida mudarris va ilmiy mudir bo‘lib ishlaydi. Hozirjavobligi va bilimdonligi uchun madrasadagi kasbdoshlari hamda shogirdlari uni „Abdullatif afandi“ deb chaqirishgan. U 1968–1972-yillarda mad­rasa mudiri bo‘lgan. O‘sha davrda o‘qigan talabalar Abdullatif Sultonmahmudovni mudir bo‘la turib, farroshlar vazifasini ham o‘zi bajargan o‘ta kamtarin inson sifatida eslashadi.

Abdullatif Sultonmahmudov 1973-yil Namanganga qaytib, Shayx Eshon jome masjidida (1977–1980-yillar), keyinchalik Maxdum Eshon masjidida imom-xatib bo‘lib ishlaydi. 1991-yil Namanganda Mulla Qirg‘iz o‘rta-maxsus islom bilim yurti ochilgandan ke­yin, ko‘p yillar ushbu dargohda tafsir ilmidan dars bergan. Abdullatif Sultonmahmudov 1994-yildan umrining oxirigacha Mulla Bozor Oxund jome masjidida imom-xatib­lik qilgan[1].

Abdullatif Sultonmahmudovdan taʼlim olgan yuzlab shogirdlari bugungi kunda yurtimiz hamda xorijiy davlatlarda muftiy, bosh imom, imom-xatib kabi vazifalarda xizmat qilmoqdalar[2].

Vafoti

tahrir

Abdullatif Sultonmahmudov 2018-yil 9-oktabrda vafot etgan.

Manbalar

tahrir
  1. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4. 
  2. O‘zbekiston ulamolari. – T.: „Movarounnahr“, 2015. 128–129..