Abdulloh ibn Nofeʼ

Abdulloh ibn Nofeʼ muhaddis, faqih

Abdulloh ibn Nofeʼ (arabcha: عبد الله بن نافع — Abu Muhammad Abdulloh ibn Nofe’ as-Soig‘ al-Maxzumiy) — muhaddis, faqih.

Abdulloh ibn Nofeʼ
Shaxsiy maʼlumotlar
Tavalludi taxminan milodiy 739 yoki 748-yil (hijriy 120 yoki 130-yil)
Vafoti milodiy 822-yil (hijriy 206-yil)
Dini Islom
Tanilgan sohasi muhaddis, faqih

Hadislari

tahrir

Imom Molik, Lays, Usoma ibn Zayd al-Laysiy, Ibn Abu Zi’b, Sulaymon ibn Yazid al-Ka’biy, Dovud ibn Qays al-Farro, Ibn Abu-z-Zinod singari moʻtabar zotlardan hadis rivoyat qilgan. Undan esa, Qutayba, Muhammad ibn Abdulloh ibn Numayr, Salama ibn Shabib, Zubayr ibn Bakkor, Ibrohim ibn Munzir, Yahyo ibn Yahyo al-Minkariy va boshqalar hadis rivoyat qilganlar. Qirq yilga yaqin muntazam ravishda Imom Molikning ilm majlislarida qatnashgan. Ustozining fikrlari qayd qilinishi va keyingi avlodlarga yetib borishida Abdulloh ibn Nofeʼning xizmatlari katta. Imom Molikning vafotidan so‘ng Madinada fatvo bo‘yicha Abdulloh ibn Nofeʼga murojaat qilinadigan bo‘lgan va u ustozining fikr va qarashlariga asoslanib fatvo bera boshlagan. Abdulloh ibn Nofeʼning fiqhda, ayniqsa, Imom Molikning fikr va dalillarini yaxshi bilishda yagonaligi va ishonchli roviyligi xususida deyarli barcha manba mualliflari yakdildir. Ahmad ibn Hanbal va Abu Dovudlar ham Abdulloh ibn Nofeʼni Imom Molikning fikrlari va hadislarini eng yaxshi biluvchi kishi sifatida eʼtirof etishgan. Fiqhda yuksak mavqega ega bo‘lishiga qaramay, al-Buxoriy, Ahmad ibn Hanbal va Abu Hotim singari hadis peshvolari uning yoddan naql qilgan hadislariga ehtiyotkor munosabatda bo‘lganlar. Yozma rivoyatlarini esa, sahihroq deb hisoblaganlar. Abdulloh ibn Nofeʼning rivoyatlari „Sahӣh al-Buxārӣ“dan tashqari „Kutubi sitta“ning barchasida keltirilgan. Abdulloh ibn Nofeʼ „Al-Muvatto“ga sharh yozgan va bu sharhni undan Yahyo ibn Yahyo al-Minkariy rivoyat qilgan. Ko‘pgina faqihlar otasi zargar bo‘lgan Abdulloh ibn Nofeʼ as-Soig‘ bilan Zubayr ibn Avvom zurriyotidan bo‘lgan Abdulloh ibn Nofeʼ az-Zubayriyni (vafoti: hijriy 216, milodiy 831-yil) bir shaxs deb o‘ylab, ularning rivoyatlarini chalkashtiradilar. Ushbu xatoning nati­jasi o‘laroq bu ikki kishidan qilingan rivoyatlar bir-biriga zid kelganda, manbalarda „Ibn Nofeʼ bu borada Imom Molikdan ikki xil fikr rivoyat qilgan“ tarzida uchraydigan taʼvillar alohida eʼtiborni tortadi.

Vafoti

tahrir

Abdulloh ibn Nofeʼ 206-yil (milodiy 822) ramazon oyida vafot etgan bo‘lib, ayrim manbalarda uning vafot sanasi sifatida 186-yil (milodiy 802) ham ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, az-Zahabiy buni inkor qilgan[1].

Adabiyotlar

tahrir
  • Ibn Saʼd. At-Tabaqāt al-kubrā. — Bayrut: 1968. V, 438;
  • Al-Buxoriy. At-Tarӣx al-kabӣr. — Haydarobod: 1941-60. V, 213;
  • Ibn Abu Hotim. Al-Jarh va-t-taʼdӣl. — Haydarobod: 1952-53. V, 183-184;
  • Qozi Iyoz. Tartӣb al-madārik. — Bayrut: 1967. I, 47-48, 356-358;
  • Az-Zahabiy. Siyar. X, 371-374;
  • Ali Bardakoğlu. „Abdullah b. Nâfi‘“. TDV İA. — İstanbul: 1988. I, 124.

Manbalar

tahrir
  1. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.