Abdulvahhob Xallof
Abdulvahhob Xallof (arabcha: عبد الوهاب خلاف) – misrlik olim va huquqshunos.
Abdulvahhob Xallof | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Tavalludi | 1888-yil |
Vafoti |
1956-yil Kafruzzayyot |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | olim, huquqshunos |
Hayoti
tahrirOtasining ismi – Abdulvohid. 1915-yilda al-Azhar universitetiga qarashli „Madrasa al-qazo ash-shar’iyya“ni tamomlagan. Bir muddat mazkur madrasada usul al-fiqh mutaxassisi sifatida mudarrislik qilganidan soʻng, bir necha yillar davomida shar’iy mahkamada qozi boʻlib ham ishlagan. Keyinroq shar’iy mahkamaning taftish aʼzosi etib tayinlangan. 1936-yilda Qohira universitetining huquq fakulteti professori etib tayinlanadi va nafaqaga chiqishiga qadar ushbu vazifada xizmat qiladi. Abdulvahhob Xallof Arab tili akademiyasining („Majmaʼ al-lugʻa al-’arabiyya“) aʼzosi ham boʻlgan. Mazkur akademiyaning aʼzosi sifatida Qur’oni karim lugʻatlarini ishlab chiqishda mutasaddilardan biri boʻlgan. Shuningdek, taqlid va bid’atlarga qarshi chiqqan Abdulvahhob Xallof oʻzi ishlagan taʼlim dargohlaridagi darslarida mazkur tushunchani quvvatlovchi huquqshunoslar yetishib chiqishiga oʻz hissasini qoʻshgan. Hofizi Qur’on boʻlgan Abdulvahhob Xallof islomiy ilmlarning koʻpgina sohalarida salmoqli asarlar taʼlif qilgan.
Asarlari
tahrir– „Ilm usӯl al-fiqh“. Ilk marta 1942-yilda Qohirada chop etilgan. Mazkur kitob tilining soddaligi, koʻpchilik tomonidan oʻzlashtirilishiga qulayligi tufayli koʻpgina arab davlatlarida darslik sifatida qabul qilingan. Kitob toʻrt qismdan iborat boʻlib, birinchi qismda shar’iy hukmlar olinadigan manbalar haqida, ikkinchi qismda shar’iy hukmlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berilgan. Uchinchi qism usul al-fiqhning lugʻaviy qoidalariga, toʻrtinchi qism shar’iy hukmlar chiqarish qoidalariga bagʻishlangan. Hukm chiqarishdan maqsad, hukmlarda Allohning va mukallafning haqqi, nimalarda ijtihod qilish mumkin, hukmning nasx boʻlishi, hukmlardagi qarama-qarshilik va uni yechish kabi qoidalar alohida boblar sifatida keng yoritilgan. Ushbu asar islomshunos olim Salohiddin Muhiddinov tomonidan 1997, 1999-yillarda oʻzbek tiliga tarjima qilinib, nashr ettirilgan.
– „Xulāsa tarӣx at-tashrӣ’ al-islāmӣ“. 1968-yilda Quvaytda chop etilgan. „As-Siyāsa ash-shar’iyya“ (Qohira, hijriy 1397-yil (milodiy 1977-yil). Mazkur asar al-Azhar universitetida oʻqitilgan darslar qaydlaridan iborat. Unda musulmon davlatining siyosiy, huquqiy va moliyaviy tuzilishi va shaxslarning huquq va erkinliklari haqida soʻz boradi.
– „Ahkām al-vaqf“ (Qohira, 1942-yil)
– „Al-Ahvāl ash-shaxsiyya“ – „Ahkām al-mavārӣs“
– „Masādir at-tashrӣ’ al-islāmӣ fӣ mā lā nassa fӣh“ (Qohira, 1955-yil)
– „Al-Ijtihād va-t-taqlӣd“
– „Nӯr min al-Qur’ān al-Karӣm“ (Qohira, 1948-yil)
– „Nӯr ’alā nӯr“ (Qohira, 1952-yil)
– „Al-Ijtihād bi-r-raʼy“ (Qohira, 1950-yil)[1].
Adabiyotlar
tahrir- Abdülmünʼim Hallâf. „Abdülvehhâb Hallâf“. TDV İA. – İstanbul: 1988. I, 286;
- Abdulvahhob Xallof. Usulul fiqh (Islom qonunshunosligi asoslari). I-II qismlar // Tarjimon: S. Muhiddinov. – T.: „Adolat“, 1997;
- Abdulvahhob Xallof. Usulul fiqh (Islom qonunshunosligi asoslari). III-IV qismlar // Tarjimon: S. Muhiddinov. – T.: „Movarounnahr“, 1999.
Manbalar
tahrir- ↑ Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.
Ushbu maqolada Islom ensiklopediyasi (2020) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |