Abdurrahmon Rahmatullayev
Abdurrahmon Rahmatullayev (arabcha: عبد الرحمن رحمة الله) — imom-xatib.
Abdurrahmon Rahmatullayev | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Tavalludi | 1928-yil |
Vafoti |
1999-yil 29-sentyabr |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | imom-xatib |
Oilasi
tahrirAbdurrahmon Rahmatullayev Namangan viloyatining Pop tumaniga qarashli Chorkesar qishlog‘ida, dehqon oilasida tavallud topgan. Otasi dehqonchilik qilish uchun Qozog‘istonning Chimkent viloyatining Abay tumaniga farzandlari Abdurrahmon Rahmatullayev va Fayzirahmon bilan birga ko‘chib o‘tadilar.
Taʼlimi
tahrirAbdurrahmon Rahmatullayev yoshligidan Qur’oni karimni yod oladi. Keyinchalik Abdurrahmon qori nomi bilan taniladi. Bir kuni Shayx Ziyouddin ibn Eshon Boboxon Rahmatulloh buvanikida mehmon bo‘ladi. Suhbat asnosida uning ikki o‘g‘liga diniy sohada o‘qishni davom ettirishni tavsiya qilib, o‘zi bilan Toshkentga olib keladi. Shu zaylda Abdurrahmon Rahmatullayev 1958-yilda Mir Arab madrasasiga o‘qishga kiradi.
Faoliyati
tahrirMadrasani tamomlagach (1965-yil), Toshkent shahridagi Xo‘ja Alambardor masjidiga imom-xatib etib tayinlanadi. 1969-yilda O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy nazorati rahbariyatining tavsiyasiga ko‘ra, Abdurrahmon Rahmatullayev Marokashdagi Qaravayn islom universitetining shariat fakultetiga o‘qishga yuboriladi va 1972-yilda uni muvaffaqiyatli tamomlab qaytadi. Marokashdan qaytgach, bir muddat Mir Arab madrasasida mudarris va keyinroq mudir bo‘lib ishlaydi. 1975-yildan boshlab Sirdaryo shahridagi jome masjidida, 1978–1990-yillarda Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi Mirza Yusuf masjidida, 1990–1997-yillarda Yakkasaroy tumanidagi Yakkasaroy masjidida imom-xatib bo‘lib ishlaydi. U juma namozlarida yoki turli marosimlarda sodda va ravon maʼruzalar qilib tanilgan ulamolardan edi. Abdurrahmon Rahmatullayev 1997–1998-yillarda O‘zbekiston musulmonlari idorasining muhtasiblik bo‘limi mudiri, masjidlar bo‘limi mudiri vazifalarida ishlaydi.
Vafoti
tahrirUmrining oxirida salomatligi yomonlashib, ishdan bo‘shaydi. Abdurrahmon Rahmatullayev 1999-yilning 29-sentyabr sanasida Toshkent shahrida vafot etadi. Vafot etganida janozasini Rahmatulloh qori Obidov o‘qigan. Toshkentdagi Shayx Zayniddin qabristoniga dafn etilgan[1].
Adabiyotlar
tahrir- O‘zbekiston ulamolari. — T.: „Movarounnahr“, 2015. 126-127.
Manbalar
tahrir- ↑ Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.
Ushbu maqolada Islom ensiklopediyasi (2020) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |