Abdurrazzoq baxshi
Abdurrazzoq baxshi (arabcha: عبد الرزاق بخشي — xattot.
Abdurrazzoq baxshi | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | xattot |
Asli samarqandlik bo‘lgan Abdurrazzoq baxshi Istanbul xattotlik maktabining yetakchisi, ustoz xattotlardan.
Turkiy-uygʻur xati
tahrirXV asrning ikkinchi yarmiga kelib, Movarounnahr va Xuroson bilan Rum o‘rtasida adabiy va madaniy aloqalar kuchayadi. Turk sultonlari temuriylarga ergashib, o‘z saroylarida, adabiy doiralarda qadimgi turkiy-uyg‘ur xatini ommalashtirishga katta eʼtibor qaratadilar. Buni yuzaga chiqarish harakatida temuriylar mamlakatidan o‘ta bilimli, uyg‘ur xatini yaxshi bilgan yetuk baxshilar (uyg‘ur xatida bituvchi kotiblar) chaqirtirilgan. Mahmud Koshg‘ariyning yozishicha, „shoh maktublarini turk xati (yaʼni, uyg‘ur xati) bilan yozuvchi kotib“ni ilimg‘a deganlar.
Yusuf Xos Hojib „kotib“ maʼnosida bitigchi atamasini ishlatgan. Ushbu atama „Qutadg‘u bilig“da ilimg‘a so‘zi bilan birga juft holda bitigchi ilimg‘a deb ham qo‘llangan. Bunda u „xat yozuvchi kotib“ degan maʼnoni anglatadi.
O‘tmishda „kotib“ maʼnosida baxshi so‘zi ham ishlatilgan. Bu so‘z yozma manbalarda baqshi-baxshi variantlarida keladi. Ushbu atama qadimgi turk buddaviy va moniy diniy jamoalarida „ustoz, murabbiy, muallim“ maʼnolarida ishlatilgan.
Zamonasining xat-savodli, o‘qimishli kishilariga nisbatan qo‘llangan bu atama keyinchalik turkiy tilda va uyg‘ur xatida bituvchi kotiblarning nomida saqlanib qoldi. Masalan, XIV—XV asrlarda Oltin O‘rda, Chig‘atoy xonlari zamonida turkiy-uyg‘ur xatida bituvchi kotiblarni baxshi deyilgan. Bu so‘z kotibning otiga ham qo‘shib aytilgan. Turkiy yozma manbalarda o‘sha davrda yashab ijod etgan baxshilarning otlari ham qayd etiladi. Zamonasining ana shunday yetuk o‘qimishli xattotlaridan biri Abdurrazzoq baxshi edi.
Taxalluslari
tahrirAbdurrazzoq baxshi keyinchalik turk sultonining chorloviga ko‘ra Istanbulga borgan va o‘sha yerda uyg‘ur yozuvli matnlarni ko‘chirish bilan mashg‘ul bo‘lgan. Shuningdek, u she’riyat bilan ham shug‘ullangan. Baxshining ismi-sharifi uyg‘ur yozuvli manbalarda Shayxzoda Abdulrazzoq baxshi, Abdu®razzoq Shayxzoda baxshi deb berilgan. Sheʼrlarida esa otini Abdurrazzoq deb ataydi.
Uygʻur yozuvli nodir kitoblar
tahrirUyg‘ur yozuvli nodir kitoblar Abdurrazzoq baxshining so‘roviga ko‘ra Samarqand, Hirot, Yazd singari madaniy markazlardan Istanbulga olib borilgan. Masalan, „Qutadg‘u bilig“ning 1439-yil Hirotda Hasan Qora Sayil Shams baxshi ko‘chirgan nusxasi, „Hibat ul-haqoyiq“ning 1444-yil Samarqandda Zaynul-obidin baxshi ko‘chirgan nusxasi Istanbulga olib ketilgani manbalardan ayon. Hatto „Qutadg‘u bilig“ Hirot qo‘lyozmasining oxirgi betiga uyg‘ur yozuvi bilan ushbu kitobning Hirotdan To‘qatga, u yerdan esa Abdurrazzoq baxshi uchun 879/1474-yil Istanbulga keltirilgani yozib qo‘yilgan:
Iqtibos
tahrirTaʼrixqa sekiz yuz yetmish to‘quzda yilan yil bu Qutadg‘u bilig kitapni Abdurrazzoq Shayxzoda baxshi uchun Istambulda To‘qattin Fanari o‘g‘li Qozi Ali bitig yibarip kelturdilar. Muborak bo‘lsun, davlat kelsun, mehnat ketsun (Tarix (hijriy) sakkiz yuz yetmish to‘qqizda, ilon yili, bu „Qutadg‘u bilig“ kitobini Abdurrazzoq Shayxzoda baxshi uchun Fanari o‘g‘li Qozi Ali Istanbuldan xat yuborib, To‘qatdan keltirdilar. Muborak bo‘lsin, davlat kelsin, zahmat ketsin.
Baxshi „Qutadg‘u bilig“ning ushbu qo‘lyozmasidan yana boshqa nusxa ko‘chirganmi-yo‘qmi, maʼlum emas.
Faoliyati
tahrirAbdurrazzoq baxshi Istanbulda 1480-yil uyg‘ur va arab yozuvlari bilan ko‘chirgan o‘ta nodir majmuasi maʼlum. Qo‘lyozma Istanbuldagi Ayo Sofiya kutubxonasida 4757-raqami bilan saqlanmoqda. Majmuaga adib Ahmad Yugnakiyning „Hibat ul-haqoyiq“ asari, Mavlono Lutfiy va Sakkokiy sheʼrlari va boshqa bir qancha asarlar kiritilgan. Undagi „Hibat ul-haqoyiq“ asari, Mavlono Lutfiy va Sakkokiy sheʼrlari ikki xil yozuvda: uyg‘ur xatida bitilib, o‘qilishi tagma-tag arab harflarida berilgan. Muhimi, baxshi ushbu majmuani tuzganda undagi „Hibat ul-haqoyiq“ matnini asarning uyg‘ur yozuvli Samarqand qo‘lyozmasidan olib ko‘chirgan. Anglashiladiki, Abdurrazzoq baxshi ko‘chirgan asarlar, asosan, ularning uyg‘ur yozuvli qo‘lyozmalaridan olingan. Yozuv anʼanasini saqlamoq uchun, shuning bilan birga, asarni ko‘pchilik o‘qiy olishini ko‘zda tutgan holda, o‘sha zamon turkiy matnchiligida rusum bo‘lgan usulni qo‘llab, matnlarini ikki xil yozuvda bitgan. Baxshining so‘roviga ko‘ra, Istanbulga Lutfiy va Sakkokiyning uyg‘ur xatida bitilgan devonlari yoki uyg‘ur yozuvli majmualari ham keltirilgan bo‘lsa kerak.
Abdurrazzoq baxshi tuzgan majmuadagi sheʼrlar hozirgi kunimizgacha saqlanmagan o‘sha qo‘lyozmalardan (devon nusxalari yo majmualardan) olingan, deb taxmin qilsa bo‘ladi[1].
Adabiyotlar
tahrir- V. V. Radlov. Kudatku-Bilik. Faksimile uygurskoy rukopisi. — SPb: 1890. 189-190. Yusuf Has Hacib. Kutadgu Bilig. A. Viyana Nüshası (Tıpkıbasım). — Ankara: 2015. 95;
- O. F. Sertkaya. İslami Devrenin Uygur Harfli Eserlerine Toplu Bir Bakış. — Bochum: 1977. 21-22;
- Q. Sodiqov. Uyg‘ur yozuvi tarixi (manbashunoslik va kitobat tarixi masalalari). — T.: 1997. 56-59;
- Q. Sodiqov. Qutadg‘u biligning uyg‘ur yozuvli Hirot nusxasi. — T.: 2010. 5-6.
Manbalar
tahrir- ↑ Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.
Ushbu maqolada Islom ensiklopediyasi (2020) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |