Abu Ali al-Formadiy
Abu Ali Fazl ibn Muhammad al-Formadiy | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Tavalludi | milodiy 1010-1011-yil (hijriy 401-yil) |
Vafoti |
milodiy 1084-yil (hijriy 477-yil) |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | soʻfiy |
Abu Ali al-Formadiy (arabcha: أبو علي الفارمدي — Abu Ali Fazl ibn Muhammad al-Formadiy) — naqshbandiyya silsilasining nufuzli so‘fiylaridan.
Hijriy IV asrning ulug‘ shayxlaridan bo‘lib, Tus yaqinidagi Formad qishlog‘ida tug‘ilgani sababli unga ushbu nisba berilgan. So‘fiylar orasida „Ruknul-islom“, „Al-Murshid“, „Qutbuz-zamon“ va „Shayxul-mashoyix“ kabi unvonlarga ega bo‘lgan. Ilk taʼlimini tug‘ilgan qishlog‘ida oladi.
Taʼlimi
tahrirSo‘ng Nishopurga safar qilib, mashhur so‘fiy Abdulkarim al-Qushayriyning madrasasida ilm oladi. Abu Ali al-Formadiy Nishopurda Abu Saʼid Abu-l-Xayr bilan tanishadi va uning suhbati va samoʻ majlislariga qatnay boshlaydi. Abu Saʼid Nishopurdan ketganidan so‘ng, ustozi al-Qushayriyning huzuriga borib, o‘zida sodir bo‘lgan ruhiy o‘zgarishlarni tushuntiradi. Al-Qushayriy unga ilm olishni davom ettirishini tavsiya qiladi. Ikki-uch yildan so‘ng tasavvufga mayli tobora ortishi oqibatida ustozining izni bilan madrasadan ketadi. Bir dargohda mujohada va riyozat bilan mashg‘ul bo‘ladi. Bir kuni o‘zida ko‘ringan maʼnaviy holatlarni al-Qushayriyga so‘zlab beradi. Ustozi u yetishgan martabasida unga yordamchi bo‘la olmasligini, o‘zining martabasi unikidan yuksak emasligini aytadi. Yangi bir muridga ehtiyoj sezgan Abu Ali al-Formadiy Abu-l-Qosim al-Jurjoniy bilan ko‘rishish uchun Tusga safar qiladi. Al-Jurjoniyning yonida mujohada va riyozat davrini tamomlaganidan so‘ng, va’z qilish uchun ijoza oladi. Naqshbandiyya silsilasining nufuzli siymolaridan Abu-l-Hasan al-Xaraqoniydan ham taʼlim oladi.
Abu Ali al-Formadiy bir muddat Marvga safar qilib, saljuqiylar vaziri Nizomul-mulk bilan uchrashadi. Uning huzurida zamonasining buyuk olim va mutasavviflari bilan tanishadi. Shuningdek, u al-Gʻazzoliy (1058-1111-yillar), Ibn Boquya (vafoti: hijriy 442-yil, milodiy 1050-yil) va Abdulqohir al-Bag‘dodiy (vafoti: hijriy 429, milodiy 1037-1038-yillR) kabi ko‘plab olim va mutasavviflarga taʼsir ko‘rsatgan. Abdurrahmon Jomiy „Nafahot ul-uns“ asarida Abu Ali al-Formadiyni al-Gʻazzoliyning shayxi bo‘lganini zikr qiladi. Manbalarda al-Gʻazzoliy Abu Ali al-Formadiydan eshitgan ko‘plab so‘zlarni naql qilgani aytilgan. Qosim Kufrali Abdurrahmon Jomiyga tayangan holda, al-Gʻazzoliyning Abu Ali al-Formadiyga ixlosmandligini aytsa-da, Abu Ali al-Formadiy vafot etganida yigirma yetti yoshda bo‘lgan va hali tasavvufga yo‘nalmagan al-Gʻazzoliyni uning muridi va xalifasi deyish to‘g‘ri emas, deydi. Shuningdek, al-Gʻazzoliyning asarlarida Abu Ali al-Formadiy haqida kam so‘z yuritilgani ham buni tasdiqlaydi.
Silsilasi
tahrirAbu Ali al-Formadiy naqshbandiyyaning Alaviy silsilasida Abu-l-Qosim al-Jurjoniyning, Bakriy silsilasida Abu-l-Hasan al-Xaraqoniyning xalifasi sifatida ko‘rsatiladi. Naqshbandiyyaning har ikki silsilasi Abu Ali al-Formadiyda birlashadi va xalifasi Yusuf al-Hamadoniy vositasi bilan davom etadi. Ushbu jihatdan Abu Ali al-Formadiy naqshbandiyya tariqati tarixida muhim o‘rin egallaydi.
Vafoti
tahrirAl-Qushayriyning qiziga nikohlangan Abu Ali al-Formadiy Tusda vafot etadi. Baʼzi manbalarda vafot sanasi 1080-yil (hijriy 472-yil) deb ko‘rsatilgan. Abu Saʼd as-Sam’oniy „Al-Ansāb“ asarida Abu Ali al-Formadiyning Abu-l-Mahosin Ali, Abu-l-Fazl Muhammad va Abu Bakr Abdulvohid ismli uch o‘g‘li bilan tanishish imkoniga ega bo‘lgani, shayxning qabrini ko‘p marotaba ziyorat qilganini qayd qilgan[1].
Adabiyotlar
tahrir- Abdulg‘afur al-Forisiy. Tarӣx Naysābӯr: al-Muntaxab min as-siyāq. — Qum. 1362/1403. 628-629;
- As-Sam’oniy. Al-Ansāb. XI, 218;
- As-Subkiy. Tabaqāt. V, 304;
- Az-Zahabiy. Siyar. XVIII, 565;
- Az-Zahabiy. Al-Ibar. II, 337;
- Al-Munoviy. Al-Kavākib. II, 68;
- Ibn al-Imod. Shazarāt az-zahab. III, 355;
- Abdulmajid al-Xoniy. Al-Hadāiq al-vardiyya. — Qohira. 1308. 71-72;
- Muhammad ibn al-Munavvir. Asrār at-tavhӣd fӣ maqāmāt ash-shayx Abӣ Saʼӣd. — Tehron. 1332. 128-131, 196-197, 199;
- Maʼsum Ali Shoh. Tarāiq. II, 308, 350, 352, 355, 554-555;
- Nomai Donishvaron. — Tehron. 1959. VIII, 306;
- Kasım Kufralı. „Gazzâlî“. İA. IV, 755;
- M. Achena. „Abū ʿAlī“. EI2 Suppl. (İng.). 14-15;
- Tahsin Yazici. „Ebû Ali el-Fârmedî“. TDV İA. — İstanbul: 1994. X, 90.
Manbalar
tahrir- ↑ Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.
Ushbu maqolada Islom ensiklopediyasi (2020) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |