Abdulkarim al-Qushayriy

Xurosonlik ilohiyotchi, soʻfiy

Abdulkarim al-Qushayriy (arabcha: عبد الكريم القشيري – Abu-l-Qosim Abdulkarim ibn Havozin ibn Abdulmalik al-Qushayriy) – xurosonlik ilohiyotchi, soʻfiy[1].

Abu-l-Qosim Abdulkarim ibn Havozin ibn Abdulmalik al-Qushayriy
Shaxsiy maʼlumotlar
Tavalludi milodiy 986-yil (hijriy 376-yil)
Vafoti milodiy 1072-yil (hijriy 465-yil)
Dini Islom
Tanilgan sohasi xurosonlik ilohiyotchi, so‘fiy

Hayoti

tahrir

Abdulkarim al-Qushayriy 986-yil (hijriy 376-yil)da Ustuvo shahrida dehqon oilasida tugʻilgan. Zayn al-­Islom nomi bilan tanilgan. Soʻfiylik boʻyicha eng mashhur, Sharq va Gʻarbda keng oʻqiladigan kitoblardan biri – „Ar-Risāla al-Qushayriyya“ning muallifi.

Abdulkarim al-Qushayriy – ota tomonidan arablarning Eronni istilo qilgan vaqtida Xurosonga kelib yerlashgan Qushayr qabilasi, ona tomonidan Bani Sulaym qabilasiga mansub. Yoshlik chogʻlarida otasidan ajrab, qarindoshi Abu-l-Qosim al-Yamaniyning qaramogʻida qoladi. Undan harbiy sanʼat, chavandozlik, arab tili va adabiyotidan taʼlim oladi.

Abdulkarim al-Qushayriy otasidan meros qolgan qish­logʻini ogʻir ahvoldan qutqarish va hisob ilmini oʻrganib moliya maʼmuri boʻlish maqsadida oʻsmirlik chogʻida Nishopurga safar qilgan. Bu yerda mashhur soʻfiylardan Abu Ali ad-Daqqoqning suhbatiga qoʻshiladi va tez orada uning sevimli shogirdi, soʻng kuyovi boʻladi. Ustozining maslahatiga koʻra, Abdulkarim al-Qushayriy Abu Bakr at-Tusiydan shofeʼiy mazhabi fiqhini, soʻng oʻsha davrning yirik allomalari Ibn Furak va Abu Ishoq al-Isfaroiniylardan ash’ariya kalomini oʻrgangan. Al-Isfaroyiniy unga darslariga davom etmasligini, kitoblarini oʻqishning oʻzi yetarli ekanini aytgani Abdulkarim al-Qushayriyning bu vaqtda kalom ilmida yetarli saviyaga yetganini koʻrsatadi. Abdulkarim al-Qushayriy bu davrda Abu Bakr al-Boqilloniyning asarlarini diqqat bilan oʻqib, ash’ariyya kalom ilmini oʻrganadi. Ilm bilan mashgʻul boʻlgan bu yillarda, murshidi ad-Daqqoqning ilmiy suhbatlarida boʻlib, tasavvufiy bilimlarga ega boʻladi. Keyinchalik, ad-Daqqoq uni qizi Fotimaga nikohlaydi va madrasasida dars berishiga izn beradi. Hadis ilmi bilan ham shugʻullangan Abdulkarim al-Qushayriy „Al-Mustadrak“ muallifi Hokim an-Naysoburiy, Abu-l-Husayn al-Xaffof, Abu Nuaym al-Isfaroyiniy, Abu Bakr Abdus al-Muzakkiy, Abu-l-Hasan al-Ahvoziy kabi muhaddislarning darslariga qatnashadi. Xatib al-Bagʻdodiy kabi koʻp­lab taniqli muhaddislar undan hadis rivoyat qilganlar.

Murshidi ad-Daqqoqning vafotidan soʻng (405/1015-yil) Abu Muhammad ibn al-Husayn as-Sulamiyga shogird tushib, tasavvufiy bilimi va tajribalarini orttirgan Abdulkarim al-Qushayriy ustozining madrasasida soʻfiylar majlisiga (majlis at-tazkir) rahbarlik qilgan. Ali ibn al-Hasan al-Boxarziy Abdulkarim al-Qushayriyning goʻzal nutqi va taʼsirli vaʼzlaridan soʻz ochib, agar u toshga xitob qilsa uni ham eritib yuborishini, majlisiga shayton olib kelinsa, tavba qilishini aytgan.

Abdulkarim al-Qushayriy saljuqiylar davlatining asos­chisi Tugʻrulbek (990-1063-yillar)ning Eronni zabt qilishi asnosida Xuroson mintaqasining ilm va madaniyat markazi boʻlgan Nishopurda boʻlib, mintaqada katta obroʻga ega boʻlgan. 437-438/1045-1046-yillarda tasavvuf adabiyotining asosiy kitoblari orasidan oʻrin olgan „Ar-Risāla“ nomli asarini yozadi. 446/1054-yilda „Shikāya ahl as-sunna“ nomli maktub (asar)ni yozadi. Abdulkarim al-Qushayriy maʼlum sabablarga koʻra Xurosonni tark etib, Bagʻdodga safar qiladi. U yerda xalifa Qoimbiamrillah tomonidan yaxshi kutib olinadi. Abdulkarim al-Qushayriy ke­yinchalik Nishopurga qaytadi. As-Subkiy uning Bagʻdoddan hajga safar qilgani, u yerda 400 ga yaqin hanafiy va shofeʼiy qozilari bilan koʻrishib, ular bilan suhbatlashganini aytadi.

Abdulkarim al-Qushayriy 465-yil 16-rabi’ul-oxir/1072-yil 30-dekabrda Nishopurda vafot etadi. Murshidi va qaynotasi Abu Ali ad-Daqqoq madrasasiga dafn qilingan.

Abdulkarim al-Qushayriyning Fotima ismli xotinidan ilmli, zohid olti oʻgʻli va bir qizi boʻlgan. Qizi „As-Siyāq li-tarӣx Naysābӯr“ nomli asar muallifi Abdulgʻofur al-­Forisiyning onasi Amaturrahiymdir. Feruzanfar Abdulkarim al-Qushayriyni yana Ahmad ibn Muhammad Charxiy al-Baladiyning qizi bilan oila qurgani va ikki ayolidan olti oʻgʻil va besh qiz farzand koʻrganini aytadi.

Abdulkarim al-Qushayriyning tasavvufdagi silsilasi Abu Ali ad-Daqqoq, an-Nasrobodiy, Abu Bakr ash-Shibliy, Junayd al-Bagʻdodiy, Sariy as-Saqatiy, Maʼruf al-Karxiy vositasida Dovud at-Toiyga bogʻlanadi. Tasavvuf tarixiga oid manbalarda unga al-Qushayriyya nomli tariqat nisbat beriladi[2].

Abdulkarim al-Qushayriy islomiy ilmlarga doir oʻttizga yaqin asar, jumladan, ikkita tafsir yozgani zikr qilinadi.

Asarlari

tahrir
  • Ar-Risāla fӣ ’ilm at-tasavvuf
  • At-Taxbӣr fi-t-tazkr“
  • „Tartӣb as-sulӯk fӣ tarӣqillāh“
  • „At-Tafsӣr al-kabӣr“
  • „Latāif al-ishārāt“
  • „Nahv al-qulӯb“
  • „Shikāya ahl as-sunna bi-hikāya mā nālahum min almihna“
  • „Al-Fusӯl fi-l-­usӯl“
  • „Kitāb al-mi’rāj“ va boshqalar[3].

Adabiyotlar

tahrir
  • Al-Xatib. Tarӣx Bagʻdād. XI, 83;
  • Ali ibn Hasan al-Boxarziy. Dumya al-qasr. – Quvayt: 1405/1985. II, 246-248;
  • Abdulgʻofur al-Forisiy. As-Siyāq li-tarӣx Naysābӯr. – London: 1965. 49a-51a;
  • Ibn Fazlulloh al-Umariy. Masālik. VIII, 89-92;
  • As-Sam’oniy. Al-Ansāb. X, 156;
  • Az-Zahabiy. Al-Ibar. – Quvayt: 1960. III, 259;
  • As-Subkiy. At-Tabaqāt. III, 374-423; VII, 153-162;
  • Brockelmann. GAL. I, 432-433, 556; Suppl., I, 770-772;
  • Ibrohim Basyuniy. Al-Imām al-Qushayrӣ sӣratuh, āsāruh, mazhabuh fi-t-tasavvuf. – Qohira: 1972;
  • Kasım Kufralı. „Kuşeyrî“ TDED. I (1946). 18-25;
  • H. Ritter. „Arabische Handschriften in Anatolien un Istanbul“. Oriens. III (1950). 36-41, 43-51;
  • T. Ivanyı. „Towards a Grammar of the Heart: Al-Qušayrī’s Naḥw al-qulūb“. The Arabist Budapest Studies in Arabic. XVII. – Budapest: 1996. 41-54;
  • H. Halm. „al-Ḳushayrī“". EI2 (İng.). V, 526;
  • Süleyman Uludağ. „Kuşeyrî, Abdülkerîm b. Hevâzin“. TDV İA. – Ankara: 2002. XXVI, 473-475;
  • A. A. Ali-zade. Kushayri Abd al-Karim // Islamskiy ensiklopedicheskiy slovar. -M.: „Ansar“, 2007;
  •  A. D. Knish. al-Kushayri. Islam: ensiklopedicheskiy slovar. Otv.red. S. M. Prozorov. – M.: „Nauka“, 1991. 146.

Manbalar

tahrir
  1. „Қушайрий“.
  2. „“Имом Абдулкарим Қушайрий”“. 2023-yil 10-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 10-yanvar.
  3. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4. 

Havolalar

tahrir