Abu Bakr Varroq Termiziy
Abu Bakr Varroq Termiziy, Muaddib al-avliyo, (toʻliq ismi — Abu Bakr Muhammad ibn Umar al-Hakim al-Varroq at-Termiziy) (IX asr, Termiz — mil. 907/ hij. 294, Siyohjird) — mutasavvif, faylasuf, mumtoz adabiyotshunos, ulamo, valiy zot. „Nasoyim ul-muhabbat“da: "Koʻp tasonifi (tasniflari — kitoblar/asarlari) bordur. Tavrot, Injil, Zuburni, Kutubi Osmoniyni (Qur’oni Karim) oʻqubdur va sheʼr devoni ham bordur.[1]
Abu Bakr Varroq Termiziy | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | Mutasavvif, faqih |
Qisqacha biografiya
tahrirAbu Bakr Varroq Termiziy asli Termizdan boʻlib, taxminan IX asrda Termizda tugʻulgan va Balx shahrining “Ayoz” qishlog‘ida yashagan. Abu Bakr Varroq Termiziyning tugʻulgan yili haqida aniq ma’lumotlar yo‘q. Ismi Muhammad, unvoni Hakim, kunyasi Abu Bakr, taxallusi Varroq. Termiz va Balxda yashaganligi sababli Termiziy va Balxiy nisbasini olgan. O‘tmishda qadimiy va ko‘hna kitoblarni qayta ko‘chirish va muqovalash bilan shug‘ullangan kishilarga “varroq” deyilgan. Keyinchalik bu istiloh shoir va adiblarga nisbatan ham qo‘llana boshlaydi. “Varroq” so‘zi arabcha “varoq” so‘zidan olingan. Otasi — Umar. Kuniyasi Abu Bakr (Bakrning otasi). Jahonning eng ulugʻ muhaddislaridan biri — Abu Iyso Muhammad at-Termiziyning togʻasi.[2] F. Attor „Tazkirat ul-Avliyo“ „Balx shahrida yashar ekan, valiy zot Abu Bakr Varroq at-Termiziy…“ maʼnosidagi jumla uchraydi. Shuningdek, Mir Alisher Navoiy oʻzining asarida, bunga oydinlik kiritish maqsadida u haqida shunday deydi:
„Asli Termizdandur, qabri ham andadur, ammo Balxda boʻlurmish“
Mahmud ibn Valining yozishicha, Abu Bakr Varroq Termiziy Balx bilan Termiz orasidagi 294/907-yili “Siyohjird” qishlog‘ida vafot etgan va Termizdagi Mashohid degan joyda dafn etilgan. Ibn Hurdazbeh Siyaxjird haqida asarida shunday keltiradi: “Balxning orqasidan Siyohjird degan o‘troq yer oldimizdan chiqdi. Balxdan Siyohjirdgacha bo‘lgan masofa 5 farsaxni tashkil qiladi. Bu yerdan Balx daryosi bilan Jayxun (Amudaryo) daryosining birlashgan joyigacha bo‘lgan masofa 7 farsax. Ikki daryoning birga oqqan yo‘lining o‘ng sohilida Hulm mintaqasi va bu atrofda oqqan Darrig‘om daryosi bor. Chap sohilida esa Marv va Hazim shaharlari bor”.
"Muaddib ul-avliyo"
tahrir"Tazkirat ul-avliyo"da: "Ul zotni boshqa zamondosh shayxlar „Muaddib ul-avliyo“ („avliyolar adibi, murabbiyi“) deb atashardi. Nafsi oʻlgan, nafasi muborak boʻlgan zot edi. U Hazrat Hakim Muhammad bilan suhbatdosh, Hazrat Ahmad Hadraviyyah bilan bilan yorundur" deyiladi. Alisher Navoiy shayxni „ham diniy, ham dunyoviy bilimlarga ega, hadislar va samoviy kitoblarni mukammal biladigan, dindor, koʻp ibodat qiladigan, kunning koʻp zikr va solih amallar bilan oʻtkazadigan“ kishi sifatida taʼriflaydi. Allomaning “Varroq” taxallusini olishiga sabab, balki she’riy devoni borligi uchun ham bo‘lishi mumkin.Uning yuzdan ortiq shogirdlari boʻlib, ularning katta qismi oʻzi kabi diniy olimlar, shayxlar boʻlib yetishgan. Shu bois ham unga „Muaddib ul-avliyo“ („Avliyolar adibi, murabbiyi“) degan nomga sazovor boʻlgan.
Shogirdlari orasida eng mashhurlari: Homid Termiziy, Abu Bakr Soʻgʻdiy, Solih bin Maktum, Hoshimi Sugʻdiy, Xoja Muhammad Hamid, Abul Muzaffar, Muhammad Doshgard singari olimlar Termizning oʻsha paytlardagi eng nufuzli shayxlaridan biri edi.[1]
Abu Bakr Varroq Termiziy fikrlarining shakllanishida “valoyat” mavzusidagi qarashlari bilan tanilgan Hakim Termiziyning ta’siri kuchli bo‘lgan. Uning ustozi kabi “Hakim” sifati bilan tanilishiga sabab ham shu bo‘lishi mumkin. Asosan Hakim Termiziyga doir barcha ma’lumotlar Abu Bakr Varroq Termiziy rivoyati orqali bizgacha yetib kelgan. Abu Bakr Varroq Termiziy odamlarni uch guruhga ajratib, ularning foyda va zararlarini keltirib o‘tadi: amirlar (davlat odamlari), olimlar va faqirlar (so‘fiylar, zohidlar). Unga ko‘ra, olimlarning mas’uliyati ibodatlari bilan, so‘fiylarning mas’uliyati axloqlari bilan, amirlarning mas’uliyati xalqni adolatli idora etishi bilan bo‘ladi. Amirlarning buzilishi xalqning halovati (huzuri) buzilishiga, olimlarning buzilishi shariatning buzilishiga, zohidlarning buzilishi axloqning zaiflashishiga sabab bo‘ladi. Bularning har biri o‘ziga tegishli bo‘lgan ishlar bilan harakat qilishlari va bir-birlari bilan aloqlarni mustahkamlashlari kerak. Aks holda bu jamiyatning buzilishiga olib keladi.
Davlat odamlarining yomonligi zulm bilan, olimlarning buzuqligi hirs (ehtiros) va ta’magirlik (ochko‘zlik) bilan, dunyoga berilmaganlarning, zohidlarning buzilishi esa riyo (ikkiyuzlamachilik) va xo‘jako‘rsin bilan bo‘ladi. Abu Bakr Varroq Termiziy so‘fiylar orasida keng tarqalgan “zuhd” so‘zini uni tashkil qilgan harflarga tayanib shunday deydi: “Zuhd” (z-h-d) – “z” harfi ziynatni tark qilish, “h” harfi havoni tark qilish va “d” harfi dunyoni tark etishdan iborat”. Abu Bakr Varroq Termiziy o‘zining “valoyat” mazusidagi qarashlarini Hakim Termiziyning “valoyat”dagi qarashlariga tayanib aytadi. “Hakim” so‘zini “valiy” (avliyo), “hikmat”ni esa “ma’rifat” ma’nosida qo‘llaydi. Abu Bakr Varroq Termiziyga ko‘ra, hakimlar nabiylarning xalifasidir (o‘rinbosaridir). Hikmatning ilk alomati (belgisi) jim bo‘lish va keragicha gapirishdir. Ma’rifatga erishishni istagan kishi, avvalo, nafsini mavqe va maqom hirsidan tozalashi kerak.[3]
Toʻliq ismining shaklanishi
tahrirAbu Bakr Muhammad ibn Umar al-Hakim al-Varroq at-Termiziy[4]
Abu Bakr — kunyasi (maʼnosi — Bakrning otasi)
Muhammad — asl ismi
ibn Umar — otasining ismi (maʼnosi — Umarning oʻgli)
al-Hakim — sharafli unvoni (maʼnosi — soʻzi, ishi, af’oli hikmatli boʻlgan; hikmat ato etilgan)
al-Varroq — kasbi yuzasidan taxallusi (maʼnosi — saihfalovchi; yozuvchi-kotib, qadimiy kitoblarmi qayta koʻchirish va muqovalash bilan shugʻullanuvchi kishi)
at-Termiziy — tugʻilgan hududiga nisbatan taxallusi
Asarlari
tahrirVoizi Balxiy Abu Bakr Varroq Termiziyning quyidagi toʻqqiz asari borligini taʼkidlaydi:[5]
- „Al-Olim va-l-mutaʼallim“ — „Ustoz va shogird“
- „Kitab ul-ixlas“ — „Ixlos haqida kitob“
- „Kitab ul-huruf“ — „Harflar haqidagi kitob“
- „Kitab ul-itq va-l-fikak“ — „Ozod boʻlish haqida kitob“
- „Kitab ul-darajot“ — „Darajalar haqida kitob“
- „Kitab ul-ahd“ — „Ahd haqida kitob“
- „Kitab us-safa“ — „Tanlov kitobi“
- „Kitab ul-ujb“ — "Ujb (manmanlik/xudbinlik kasofati) haqida kitob
- „Kitab xizmat ul-batiyn va Kitab ul-favoid“ — „Foydalar haqida kitob“
Manbalar
tahrir- ↑ 1,0 1,1 Alisher Navoiy — „Nasoyim ul-muhabbat“ 1496-y.
- ↑ Abdurahmon Jomiy. „Nafahot ul-uns“
- ↑ Oʻrta asr sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy-falsafiy merosi ensiklopediyasi. — Samarqand. Imom Buxoriy xalqaro markazi, 2016. — B. 638-640.
- ↑ Mirzo Kenjabek. „Buyuk Termiziylar: Termiz Tazkirasi“. — T., 2017. 183-186-b.
- ↑ Alisher Navoiy — „Nasoyim ul-muhabbat“ 1496-y.
Havolalar
tahrirVikiiqtibosda Abu Bakr Varroq Termiziyga tegishli iqtiboslar mavjud. |
Ushbu maqolada Oʻrta asr Sharq allomalari ensiklopediyasi maʼlumotlaridan foydalanilgan. |