Agglyutinatsiya (tilshunoslik)
Agglyutinatsiya (tilshunoslikda) — tillarda soʻz oʻzagi, negizga grammatik va derivatsiyaviy maʼnoga ega affikslarni qoʻshish yoʻli bilan yangi soʻz yoki grammatik shakl hosil boʻlishi. Affikslar bir maʼnoli, yaʼni ularning har biri bitta grammatik maʼnoni ifodalaydi va mazkur maʼnoni anglatish uchun ayni shu affiks xizmat qiladi. Affikslar birin-ketin ulanib keladi va oʻzak bilan ham, boshqa affiks bilan ham qorishib ketmaydi, ular chegarasi aniq boʻladi. Unli tovushlar asosning tovush tarkibiga bogʻliq holda fonetik oʻzgarishga uchrashi mumkin (shuningdek, singarmonizmga qarang). Bundan tashqari undosh tovushlar ham morfemalar qoʻshilganda oʻzgarishga uchraydi. Lekin bu oʻzgarish muayyan til uchun xos boʻlgan sof fonetik qoidaga boʻysungan boʻladi. Bu holatni turkiy tillar, fin-ugor tillarida kuzatish mumkin. Agglyutinatsiya morfologik tavsifga koʻra agglyutinativ tillarda yaqqol namoyon boʻladi. Masalan, oʻzbek tilidagi "yozuvchilarga" soʻzida yoz — oʻzak (yozmoq maʼnosiga ega), -uv soʻz yasovchi qoʻshimcha (harakat nomi maʼnosiga ega), chi — soʻz yasovchi qoʻshimcha (shaxs oti maʼnosiga ega), lar — koʻplik qoʻshimchasi, ga — kelishik qoʻshimchasi; keyingi ikki qoʻshimcha soʻz oʻzgartiruvchi qoʻshimchalar hisoblanadi.
Adabiyotlar
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |