Ahmad Sogʻoniy (arabcha: أحمد الصغني — Ahmad Sogʻoniy — Toʻliq ismi: Abu Hamid Ahmad ibn Muhammad Sog‘oniy Usturlobiy (vafoti 990-yil)) — astronom.

Ahmad Sogʻoniy
Shaxsiy maʼlumotlar
Dini Islom
Tanilgan sohasi Astronom

Hayoti

tahrir

Ahmad Sogʻoniy o‘rta asr manbalaridaSog‘oniyon”, Fors manbalarida esa “Chag‘oniyon” deb yuritilgan joyda tavallud topgan. O‘sha davrdagi Sag‘oniyon bugungi Surxondaryo viloyatining Denov shahri atroflarini o‘z ichiga olgan. Ahmad Sogʻoniyning tavallud yili noma’lum. Yoshligida o‘z davrining eng yirik ilm markazi Bag‘dodga borib qolgan va yirik astronomlaridan biri boʻlib yetishgan. Ahmad Sogʻoniyning ismiga qo‘shib aytiladigan “Usturlobiy” nisbasi uni usturloblar, umuman, astronomik jihozlar yasashda va ularni qo‘llashda mohir mutaxassis bo‘lganidan dalolat beradi. Ahmad Sogʻoniy astronomiyadan tashqari geometriyaga oid bir necha asarar muallifi hamdir. Ibn Qiftiyning Ahmad Sogʻoniy haqidagi quyidagi fikrlari diqqatga sazovordir: “Abu Hamid Ahmad ibn Muhammad Sog‘oniy Usturlobiy o‘z vaqtida geometriya va astronomiya sohalaridagi aksariyat muvaffaqiyatlarning sohibi bo‘lgan fozil olimlardan edi.

Faoliyati

tahrir

U Bag‘dodda astrolyabiyalar va boshqa astronomik jihozlar yasashda katta yutuqlarga erishgan. U yaratgan jihozlar o‘sha vaqtdagi astronomlarga yaxshi ma’lum bo‘lgan. Uning bir qancha shogirdlari katta shuhrat qozonganlar va o‘z ustozlari bilan faxrlanganlar. Ahmad Sogʻoniy qadimiy nujumiy asboblarni takomillashtirishda hech kim amalga oshira olmagan natijalarga erishgan”. Ibn Qiftiy yana shularni ma’lum qiladiki, Bag‘dod hukmdori Adud Davlaning o‘g‘li Sharaf Davla (951-989-yili) Bag‘dodni boshqargan yillarida u yerda rasadxona sifatida foydalanish uchun bir uy qurdiradi va unda quyosh va sayyoralar harakatini o‘rganish bo‘yicha kuzatishlar o‘tkaziladi. Kuzatishlar natijasi yakunlaganda, Ahmad Sogʻoniy Quyoshning ikki burj bo‘yicha botishini o‘z qo‘li bilan yozgan va ba’zi tuzatishlar kiritgan. Ahmad Sogʻoniyning ilmiy merosi Beruniy, Ibn Iroq, Sijjiziy kabi olimlar tomonidan hurmat bilan eslanishi, uning asarlari naqadar shuhrat qozonganligidan dalolat beradi. Jumladan, Beruniy o‘zining “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarining yahudiy yillari va davrlarini aniqlash qismida Ahmad Sogʻoniy hisoblaridan foydalanganini aytadi. Beruniy xuddi shu asarida doiralar va nuqtalardan iborat kurralarni sathga aylantirish mumkinligi haqida gapirar ekan, shunday deydi: “Ahmad Sogʻoniy konuslar boshini ikkala qutbdan ko‘chirib, uni o‘qlar bo‘yicha qarab, kurraning ichiga yo tashiga qo‘ygan. Shunda kurra to‘g‘ri chiziqlar, doiralar Ahmad Sogʻoniy istagan kayfiyatda, yetarli va ortiqcha parchalar tashkil etgan. Bu ajoyib sathni undan oldin hech kim ishlamagan”. Beruniy o‘zining “Geodeziya” asarida “Astronomiya ilmining qonunlari” (“Kavaniyi ilmi-l-haya”) kitobi Ahmad Sogʻoniyga mansubligini ko‘rsatadi va unda Ahmad Sogʻoniy 965-yili Bag‘dodning g‘arbiy tarafidan “Birkatu Zalazal” degan joyda diametri olti qarich va aylanasi besh minutlik bo‘limlarga taqsimlangan halqa yordamida o‘lchash olib borib, to‘liq og‘ishni 23 daraja 35 minut va Bag‘dodning kenglamasini 33 daraja 21 minut topganini ta’kidlaydi. Ahmad Sogʻoniyning “Kayfiyyat tastiyhi-l-kura” (“Osmon sferasini tekislikda tasvirlash”) risolasi Patna va Istanbul kutubxonalarida saqlanadi. Ba’zi manbalarda bu asar “Kitabu-t-tastiyhi-t-tamm” nomi bilan tilga olinadi. Risola o‘n ikki bobdan iborat boʻlib, unda osmon sferasining astrolyabiya sathida tasvirlanish masalalari ustida mulohazalar yuritiladi. Ahmad Sogʻoniy yuqoridagilardan tashqari “Risolatu fi amal dil’i-l-musabba’i-l-mutasaviy fi- d- daira” (“Doira ichiga joylashtirilgan to‘g‘ri tarafli yetti burchakning tomonini yasash”) va “Maqola fi-l-ajram” (“Masofalar va hajmlar haqida”) nomli (Parij va Damashqda saqlanmoqda) asarlar muallifi hamdir. Oksforddagi Bodlean kutubxonasida olimning “Fi-s-sa’ati-l-ma’mula ala safaihi-l-asturlab” (“Astrolyabiya plastinkalarida yasalgan soatlar haqida”) va “Istixroj xatt nisfi-n- nahar” (“Meridian chizig‘ini topish”) risolalari mavjud. Fikrimizcha, “Meridian chizig‘ini topish” (Bodlean kutubxonasidagi inven. raqami M5.3 (Gʻ.94)) risolasi olim asarlari ro‘yxatiga hozirga qadar kiritilmay kelinmoqda. Sijizziy zikr qilgan “Tasliysu-z-zoviyya” (“Burchakning uchga bo‘linishi”) risolasi Sag‘oniyning bizgacha yetib kelmagan asarlaridan hisoblanadi. Ahmad Sogʻoniy 990-yili Bag‘dodda vafot etgan.[1]

Asarlari

tahrir
  • “Astronomiya ilmining qonun-lari”
  • “Kayfiyyat tastiyhi-l-kura”
  • “Risolatu fi amal dil’il-musabba’i-l-mutasaviy fi-d-daira”
  • “Maqala fi-l-ajram”
  • “Fi-s-sa’at-l-ma’mula ala safaih-l-asturlab”
  • “Istixroj xatt nisfi-n-nahar”
  • “Meridian chizig‘ini topish”
  • “Tasliysu-z-zoviyya”

Manbalar

tahrir
  1. Oʻrta asr sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy-falsafiy merosi ensiklopediyasi. — Samarqand. Imom Buxoriy xalqaro markazi, 2016. — B. 616-617.