Aka-makasi
Aka-makasi – oʻzbek xonandasi Munisa Rizayeva tomonidan kuylangan qoʻshiq[1][2]. YouTube platformasida 2024-yil 17-iyul kuni „Riza Nova“ studiyasi tomonidan eʼlon qilingan. Videoklip davomiyligi 6 daqiqa-yu 17 soniyani tashkil etadi. Xonanda 2024-yil 26-iyun kuni videoklip treylerini oʻzining shaxsiy instagram sahifasiga joylagan. Postda videoklipni suratga olish jarayonlari uchun 3 kun vaqt ketganligini, obrazlar soni koʻpligini yozib qoldirgan[3]. Videoklipda oʻzbek vayneri Moʻmin Ibrohimov va xonandaning oʻzi bosh rollarni ijro etishgan. „Aka-makasi“ jumlasi 2011-yil ommaga taqdim etilgan „Zamonaviy sovchilar“ nomli oʻzbek kinofilmida aktyor Muhammadiso Abdulxairovga aktrisa tomonidan „Unda biznikiga borgan amakisimidi yoki sizmidingiz?“ savolga, „Man, man ak-mak-aka-makasi“ deb javob berilganidan soʻng keng ommalashib ketgani videklipni suratga olishga sabab boʻlgan[4]. YouTube tarmogʻida 2024-yil noyabr oyi holatiga koʻra, videoklipning umumiy koʻrishlar soni 35 milliondan oshgan.
„Aka-makasi“ | |
---|---|
Munisa Rizayeva qoʻshigʻi | |
Chiqarilgan sanasi | 2024-yil 17-iyul |
Studiya | Riza Nova |
Davomiyligi | 6:17 |
Prodyuser(lar) | Jahongir Rauf |
Klipi
tahrirQoʻshiqqa ishlangan videoklipdagi yigit Nyu York shahrida yashovchi onasiga telefon qilib, pul berib turishini, kartasi bloklanib qolganini aytadi. Onasi unga qachongacha undan pul soʻrashligini, tezroq uylanishi kerakligini tushuntiradi. Keyin, farzandiga bir joylashuvni tashlashini, pulni ham oʻsha yerdan olib ketishini aytadi. Voqealar Oʻzbekiston va Afgʻoniston chegarasiga yaqin hudud – Aryan qishlogʻida kechadi. Yigit qishloqqa borib, bozordagi aholidan Ramez ismli kishini kimligini soʻrab chiqadi. Yigit soʻragan hech kim savoliga javob topa olmagach, bozorda sotuvchilik qiluvchi bir qiz Ramez ismli kishini tanishini aytib, yigitni bir manzil tomon olib ketadi. Yoʻlga chiqqach, ZIL-130 rusumidagi yuk mashinasi bilan oʻzining uyiga olib boradi. Qiz yigitni otasi turgan xonaga olib kiradi. Qizning otasi yigitdan uni kim yuborganligini soʻraganda, onasini aytadi. U rasmlar orasidan bir rasmni topib oladi. Rasmda bir kichik yoshdagi bola qizni qulogʻini tishlayotgan holda tasvirlanganini koʻrib, haqiqatda qizining boʻlajak turmush oʻrtogʻi shu yigit ekanligiga ishonch hosil qiladi. Qishloq ahliga ikki yoshning toʻyi haqida aytib, ularning toʻyi oʻtkaziladi. Yigit toʻydan soʻng, onasiga qoʻngʻiroq qilib ular baxtli ekanini, tez orada Nyu Yorkka uchib borishini maʼlum qiladi.
Manbalar
tahrir- ↑ „"Aka-makasi kim desam": Munisa Rizayeva yangi klip e'lon qildi“. Afisha.uz. Qaraldi: 19-iyul 2024-yil.
- ↑ „Munisa Rizayeva - Aka makasi“. www.video.muz.uz. Qaraldi: 4-noyabr 2024-yil.
- ↑ „Tez kunda yangi klip🤩 3 kun katta jamoa bilan birgalida shu klip ustida ishladik.“. Instagram.com. Qaraldi: 19-iyul 2024-yil.
- ↑ „Zamonaviy sovchilar - o'zbek kinosi“. YouTube.com.[sayt ishlamaydi]