Akbarnoma
"Akbarnoma", "Tarixi Akbarshohiy" („Akbarshoh tarixi“), "Tarixi Akbariy" („Akbar tarixi“) – tarixiy asar, boburiylardan Akbar topshirigʻiga koʻra uning vaziri va yaqin safdoshi Abulfazl Allomiy tomonidan 1589-1601-yillarda yozilgan. „Akbarnoma“ 3 jilddan iborat. Birinchi jildida Akbarning tugʻilishi, uning shajarasi hikoya qilinadi, Bobur, Humoyun davrida Afgʻoniston va Shimoliy Hindistonda yuz bergan siyosiy vaziyat tasvirlanadi. Bulardan tashqari Akbar hukmronligining ilk 17 yili (1556-1572)da roʻy bergan voqealar bayon etiladi. Ikkinchi jild Hindiston va Shimoliy Afgʻoniston tarixini (1573-1601/02 yil), uchinchi jild esa Akbar shaxsi, uning saroyi, boburiylar saltanatining tuzilishi, mamlakatning maʼmuriy boʻlinishi, soliq va boshqadan keladigan tushumlar, dinlar, hindlarning dunyoqarashi va boshqa haqidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi. Uchinchi jild „Oyini Akbariy“ („Akbar qonunlari“) nomi bilan mustaqil asar sifatida ham mashhur. Muallif vafotidan soʻng Akbar hukmronligining soʻnggi davrlari yozilmay qolgan. Ammo, keyinchalik bu davrlar „Akbarnoma“ asosi (tartibi)da yoritiladi (unda voqealar yilma-yil bayon etiladi) va u „Taqmilaiy Akbarnoma“ nomi bilan tarixga kiradi. „Akbarnoma“ga qoʻshimcha qilingan soʻnggi qismlari muallifi aniq maʼlum emas[1]. Baʼzi maʼlumotlarga koʻra, u lahorlik yozuvchi va tarixchi Inoyatullo ibn Muhib Ali deyilsa, boshqa maʼlumotlarda Shoh Jahonning mashhur tarixchisi Muhammad Solih Kambo („Shoh Jahonnoma“ning muallifi) deyiladi, uchinchi bir maʼlumotda esa Abulfazl Allomiy maktublarini toʻplagan jiyani tomonidan yozilgan deb koʻrsatiladi. „Akbarnoma“da tarixiy voqealar yilma-yil tadrijiy suratda bayon etiladi. Maʼlumotlar esa rasmiy hujjatlardan olinadi va sodir boʻlgan voqealarning bevosita ishtirokchisi, guvohi boʻlganlarning yozishmalari va xotiralariga asoslaniladi. Shunga koʻra „Akbarnoma“ qimmatli va ishonchli tarixiy asar hisoblanadi. „Akbarnoma“ nusxalari Angliya, Fransiya, Hindiston, Rossiya va boshqa mamlakatlarda saqlanmoqda. XIX asrda „Akbarnoma“ Beverij, Elliot va Dousonlar (I-II jild), shuningdek Glodvin, Bloshman, Jarretlar (III jild) tomonidan ingliz tiliga tarjima qilingan[2].
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |