Akrobatika (yun. akrobotes – oyoq uchila yuraman, yuqoriga chiqaman) – 1) gimnastika shaklidagi jismoniy mashqlar turi; 2) sakrash, sport uskunalariga tayanib yoki ularsiz muvozanatni saqlab bajariladigan, kuch, epchillik namoyish qilinadigan va boshqa maxsus jismoniy mashqlar majmuasi, sport turi. Sport A.si 20-asr 30- yillarida paydo boʻldi. Bu sport turida sakrash mashqlari quyidagicha bajariladi: ay-lanishlar, doʻmbaloq oshishlar, salto. Bu harakatlarni bajarganda sportchi avvalo oʻz muvozanatini, soʻng sheriklarining muvozanatini saqlashi zarur. A. musobaqalari quyidagi turlarga boʻlinadi: akrobatik sakrashlar (erkak va ayollar); aralash juftliklar mashqi (erkak va ayol); erkaklar juftlik mashqlari; ayollar guruhli mashqlari; erkaklar guruhli mashqlari (ikki yoki toʻrt kishi); batut (sakragich) ustida (erkaklar va ayollar) mashqlari. Xalqaro sport A. si federatsiyasiga (1973-yil asos solingan) 29 mamlakat a’zo (1987). 1974-yildan jahon, 1978-yildan Yevropa chempionati oʻtkaziladi. A. sporti Oʻzbekistonda 1936-yildan rivojlana boshladi. Oʻzbekiston Respublikasida N. Lakiza, M. Teshaboyev, M. Tojiyev, D. Ko-stin, R. Isyanov, V. Babich, M. Qodirova, Ya. Muhamedov mashhur akrobatchilardir; 3) sirk san’ati janri. Misr, Yunoniston, Rim, Vizantiya, Xitoy, Yaponiyada qadimdan ma’lum. Oʻrta asrlarda A. Turkiston masharabozlik san’atidan oʻrin egallab, dorbozlikda keng qoʻllanilgan. Boshqa mamlakatlarda mim janrida chiquvchilar (Italiyada), jonglyorlar (Fransiyada) faoliyatida namoyon boʻlgan. 18-asr oxirlaridan sirkda keng tarqaldi. Asosan, dinamik va statik mashqlarga boʻlinadi. Dinamik mashqlar umbaloq oshish, toʻntarilish, salto (turgan joyda muallaq holda umbaloq oshib, yana oʻz vaziyatiga qaytish) harakatlaridan; sta-tik mashklar turli vaziyatda muvozanat saqlash, chalqanchasiga agʻdarilib, gavdani "koʻprikcha" qilish kabi mashqlardan iborat. Kuch A.si (qoʻlda yoki boshda turish, muvozanat saqlash), sakrash A.si (ikki yoki undan ortiq kishining sakrashi, flik-flyak, saltomortale, gʻildiraksimon sakrash va boshqalar), yelka A.si (3 kishidan kam boʻlmagan holda, ulardan biri yelkadan yelkaga sakraydi), komik A. (masharabozlar grimda chiqib tasodifan qoqilib ketgandek boʻlib, tomoshabinlarni kuldiradi, dor, toʻrnik, batut va manej ustida kulgili mashklar bajaradi) va boshqa A. oʻyinlari bor. Ot ustida A. (chopib ketayotgan ot ustida mashqlar bajarish) zamonaviy sirkda asosiy janrlardan biri. Oʻzbekiston sirk va estrada dasturlarida A. dan keng foydalaniladi. Maxsus (sirk, teatr) oʻquv yurtlarida A. alohida daryo sifatida oʻqitiladi.

AdabiyotlarTahrirlash

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil