Alash Oʻrda — qozoq xalqining milliy ozodlik, mustaqillik uchun kurashiga rahbarlik qilgan milliy partiyasi va muhtor hukumati (1917-yil aprel-1920-yil mart). 1917-yil 27-aprel 7-may kunlari Semey viloyati qozoq vakillari ning kengashi boʻlib, unda boʻlajak Butunqozoq vakillari qurultoyida Qozogʻistonning muhtoriyatini tuzish masalasi koʻrildi. 1917-yil 21-26-iyul kunlari Orenburgda Butunqozoq vakillari qurultoyi boʻlib, unda Oqmola, Semey, Toʻrgʻay, Oʻrol, Yettisuv, Sirdaryo, Fargʻona viloyatlari, shuningdek Ichki Boʻkey oʻrdasi vakillari ishtirok etishdi. Qurultoyda mamlakatni boshqaruv shakli, qozoq viloyatlari muhtoriyati, yer masalasi, xalq militsiyasi, zemstvo, xalq talimi, qozilik, diniy masalalar koʻrildi. Qozoq demokratik hokimiyatini tuzish, islohotlar, xalqning oʻzini-oʻzi boshqaruvi uchun zaruriy muzokaralar uyushtirish masalalari muhokama qilindi. Qurultoyda qozoqlarniň Alash partiyasini tuzish masalasi koʻrildi. Alash partiyasi joylarda mahalliy xalq hokimiyatini oʻrnatishga kirishdi. 1917-yil 19-dekabrda Yettisuvda hokimiyat mahalliy xalq vakillari qoʻliga oʻtdi. 1917-yilning 5-13-dekabr kunlari Orenburgda Alash partiyasining navbatdagi uchinchi qurultoyi boʻlib oʻtadi. Qurultoy 13-dekabrda poytaxti Semipalatinsk boʻlgan Alash Oʻrda muxtoriyatini eʼlon qiladi. Alixon Boʻkeyxon oʻgʻli hukumat boshligʻi etib saylanadi. Tez orada bu hukumat 27 ming nafarlik milliy qoʻshin va tartibni saqlash boʻlinmalarini tashkil etdi. Qurultoyda Alash partiyasining dasturi loyihasi qabul qilinib, umumxalq muhokamasi uchun „Qozoq“ gazetasida eʼlon qilinadi. Oʻn boʻlimdan iborat bu hujjatda partiyaning mamlakat boʻyicha tuzilishi, mudofaa, din, ilm-fan yoʻlidagi faoliyati, agrar masala boʻyicha vazifalar belgilandi. 1918-yil martida Oʻrol viloyatida oʻtkazilgan saylovlarda mustaqillik kuchlari gʻolib chiqdi. Ammo, 29-martga oʻtar kechasi teskari kuchlar va bolsheviklar harbiy toʻntarish oʻtkazdilar. Oʻrol viloyati ijroqoʻmining 60 nafar 297 vakili qamaldi va azoblab oʻldirildi. Yettisuv viloyatida 1918-yilning 2-3-martida bolsheviklar Alash partiyasi vakillarini qamoqqa oldilar. Orenburgda Toʻrgʻay viloyati Shoʻrolarining 1-qurultoyi (1918-yil 21-mart — 3-aprel)da ham bolsheviklar gʻolib chiqdi. Shu kunlari Oqmoʻla uyezdi qozoq vakillari Shoʻrolari qurultoyida bolsheviklar tazyiqi bilan Alash Oʻrda muxtoriyatiga qarshi qaror qabul qilindi.

Alash oʻrda hukumati raisi Alixan Bukeyxanov (1906 yil)

Oʻrda partiyasining Orenburgda chiqib turgan „Qozoq“ gazetasi yopildi. Uning egallab turgan binosi va mulki musodara qilindi. Alash Oʻrda siyosiy partiyasi tashkilotchilaridan Alixon Bukeyxon (1869-1937) va Miryoqub Davlat oʻgʻli (1885-1935) kabilar quvgʻin qilinib, taʼqib ostiga olindi. Oq gvardiyachilar deb atalgan Sibir hukumatini rasmiy tarzda tan olgan Alash Oʻrda hukumati ataman Dutov bilan til biriktirib Shoʻro hukumatiga qarshi chiqdi. Dutov tor-mor keltirilgach, Umumqozoq Revkomi qarori bilan Alash Oʻrda 1920-yilning martida tugatildi.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil