Asal
ʻʻʻAsalʻʻʻ yoki ʻʻʻbolʻʻʻ — ishchi asalarilar oʻsimliklar gulidagi shira (nektar)ni organizmida qayta ishlash yoʻli bilan hosil qiladigan shirin suyuqlik. Asalarilar asalni uya kataklariga oʻzlari uchun oziq qilib gʻamlaydi. Asal oʻz tarkibiga koʻra nektardan farq qiladi. Asalda 80 % dan koʻproq uglevodlar (glukoza, fruktoza), 0,4 % kul, 13 — 20 % suv boʻladi. Asalda odam uchun foydali moddalarning 70 dan ortiq turi bor. Shuningdek, asalda mineral moddalar: kalsiy, natriy, kaliy va boshqalar; mikroelementlar, organik kislotalardan olma, limon kislotalari, vitaminlar (V2, V6, RR, C, E, K) borligi aniqlangan. Tabiatdan olinish manbaiga koʻra gul (nektar) va shira (oʻsimlik barglari va poyalaridan ajraladigan shira) asaliga boʻlinadi. Guldan olingan asal ham oʻsimlik turiga qarab beda, yantoq, kungaboqar, gʻoʻza va boshqalarga ajraladi. Asal oʻzining taʼmi, hidi, rangi jihatidan, shuningdek qaysi faslda qanday oʻsimlik gulidan yigʻilganligiga va joyi (togʻ, oʻrmon, vodiy)ga qarab ham farqlanadi. Eng yaxshi asal — togʻ asali, chunki u turli dorivor gullardan yigʻiladi. Oq akatsiya, beda, olma, shaftoli va boshqa oʻsimliklar gulidan toʻplangan asal ham sifatli, oftob kam tushadigan oʻrmon gullari va yetishtirishda turli zaharli dorilar sepiladigan texnika oʻsimliklari, masalan, kanopdan olingan asal ancha sifatsiz hisoblanadi. Asal mumkataklardan maxsus asalajratkich moslamalar bilan ajratib olinadi. Asal qimmatli oziq-ovqat mahsuloti, uning 1 kilogrammida oʻrtacha 3200 kaloriya energiya bor. Asaldan tibbiyotda qadimdan dori-darmon sifatida foydalanilgan. Hozir farmatsevtika sanoatida turli dori-darmonlar ishlab chiqariladi. Asalning oʻzi turli kasalliklarga parhez va davo vositasi tarzida beriladi. XX asrning 60-yillaridan boshlab tibbiyotda asal bilan davolash usullari — apiterapiya shakllandi. Asal oziq-ovqat sanoatida ham ishlatiladi.
Barra asal namligi 18-19% va pH 3-4 boʻlib, yopiq idishda suvdan va havo namligidan saqlansa, bir necha yuz yil aynimaydi[1]. Biroq asal vaqt oʻtishi bilan kristallanib, qotib qolishi mumkin; bunda uni suyuqlashtirish uchun kuchsiz qizdirish kerak[2].
Manbalar
tahrir- ↑ „Honey and Spoilage“. NEWTON Ask A Scientist! (2003-yil 19-fevral). 2013-yil 19-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2013-yil 3-may. (Wayback Machine saytida 2013-07-19 sanasida arxivlangan)
- ↑ „Honey Composition and Properties“. Bee Source. Qaraldi: 2013-yil 3-may.
Adabiyotlar
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Havolalar
tahrir- Asal turlari (Wayback Machine saytida 2013-01-15 sanasida arxivlangan)
Wikimedia Commonsda Honey mavzusiga oid fayllar bor. |
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |