Asiriddin Axsikatiy
Asiriddin Abul Fazl Muhammad ibn Tohir (tahallusi: Axsikatiy[1]) — Forsiynavis shoir. O‘n ikki ming baytdan ortiq qasida, g‘azal, qitʼa, tarjiot va ruboiydan iborat devon tuzgan yozuvchi[2]. Iroq va Ozarbayjon shaharlarida bo‘lgan. Qasidanavislikda shuhrat qozongan. Aksar qasidalari hukmdorlar va taniqli shaxslarga bag‘ishlangan. Uning yuksak sanʼat namunasi bo‘lgan 560 ta ruboiyi ham maʼlum[2].
Asiriddin Axsikatiy | |
---|---|
Asl ismi | Asiriddin Abul Fazl Muhammad ibn Tohir |
Tavalludi |
1108-yil |
Vafoti |
1198-yil Ozarbayjon Xalxol shahri |
Taxallusi | Axsikatiy |
Ijod qilgan tillari | fors |
Biografiyasi
tahrirAsiriddin Axsikatiy 1108—1110-yillar oraligʻida oʻsha davrda Fargʻona viloyatining poytaxti boʻlgan Axsikent shahrida (Hoirga Namangan viloyati Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi Shahand qishlogʻi) tavallud topgan. Shu yerda boshlangʻich taʼlim olib, keyin Balx, Hirot va Marv shaharlarida ilmini yaxshilagan. Asiriddin Axsikatiy riyoziyot, tibbiyot, kimyo, munajjimlik, astronomiya, falsafa, grammatika kabi amaliy ilmlarni oʻrgangan. Saljuqiy hukmdori Sulton Sanjar (1118—1157) hukmronligi tugatilgandan soʻng, Asiriddin Iroqi Ajam hukmdori Arslon ibn Toʻgʻrul va Qizil Arslonlar saroyida xizmat qilgan. Saroyda hukmdorlarga atab qasida va madhiyalar yaratgan. Tez orada shoir malikushshuorlik darajasiga koʻtariladi ammo unga qarshi fitna-fasodlar uyushtirilib, uni kofirlikda ayblashadi va natijada Qizil Arslon Asiriddinni saroydan quvib yuboradi. Keyinchalik moddiy-qiyin ahvolda hayot kechirgan Asiriddin Axsikatiy 1196—1198-yillar orasida Ozarbayjonning Xalxol nomli shahrida vafot etadi[3].
Asiriddin Axsikatiy arab va fors tillarini va shu xalqlarning adabiyotini, Islom dini va tarixini yaxshi bilgan. Uning 1343-yili xattot Abdulmoʻmin Ulviy tomonidan nusxalangan qadimiy devoni hozirgi kungacha saqlanib qolgan va Londonda „India Office“ kutubxonasida saqlanadi. Devonda shoirning sakkiz mingga yaqin sheʼrlari jamlangan. Ular ikki yuz yigirma gʻazal, bir yuz yigirma qasida, sakson ruboiy va qitʼa, toʻrtta tarkibband-tarji’band va yigirma toʻrtta farddan tashkil topgan[3]. Shoirning qasidalari ayollarni vasf etish, ishqni kuylash, yil fasllari tavsifi, oʻzining holatini bayon qilish, pandu nasihat va hikmatlardan tarkib topgan.
Asiriddin Axsikatiy ijodi Eronda oʻrganilgan, Londonda saqlanayotgan qoʻlyozma devoni 1958-yili Tehronda chop etilgan. U haqida I.Hidoyatovning „Tojik-sovet ensiklopediya“sida (758-bet) maxsus maqola yozilgan.
Manbalar
tahrir- ↑ „«Manbashunosligimiz dostonlarga tayanib tarix bitadigan darajada qashshoq emas» - Axsikent tarixi munozarasi“ (2019-yil 3-noyabr). Qaraldi: 10-iyun 2023-yil.
- ↑ 2,0 2,1 Z. Munavvarov va boshqalar. Ренессанс олимлари қомуси (oʻzbekcha, inglizcha va arabcha), 2021-yil — 50-bet. ISBN 978-9943-7557-7-2.
- ↑ 3,0 3,1 Hoji Ismatulloh Abdulloh. Markaziy Osiyoda islom madaniyati. Sharq nashriyoti matbaa aksiyadorlik kompaniyasi, 2005 — 307-384-bet.