Aylovot
Aylovot (ayrim manbalarda „Aylovotxoʻja“ nomi bilan ham uchraydi) — Samarqand viloyati Payariq tumanida joylashgan qishloq. 1546-yilgi vaqf yerlari xususidagi hujjatlarda qishloq nomi Aliobod tarzida tilga olinadi. Temuriylar hukumronlik yillari davomida Sugʻudi Kalon tumanining shimoliy hududlari hisobiga tashkil etilgan. 15-asr boshiga kelib esa, bu qishloq shu hududdagi asosiy aholi yashash punkitiga aylangan. Keyinchalik esa mazkur qishloq shu yerning tuman markazi unvoniga koʻtarilgan.
Aylovot | |
---|---|
qishloq | |
Mamlakat | Oʻzbekiston |
Viloyat | Samarqand |
Tuman | Payariq |
Rasmiy til(lar)i | oʻzbek |
Vaqt mintaqasi | UTC+5 |
Telefon kodi | +998 |
Pochta indeks(lar)i | 1413XX[1] |
Avtomobil kodi | 30 |
Tarixi
tahrirV. L. Vyatkin tomonidan Sugʻudi Kalon tumani xususida olib borilgan tadqiqotlar natijasiga koʻra, Aliobod qishlogʻi mangʻitlar davrida oʻz mavqeini yoʻqotgan hamda keyinchalik Chelak tumanining markazi boʻlib qolganligi aytiladi. Aliobod hududi yakunlanganidan soʻng, choʻl hududi boshlanadi. Qishloq yerlaridan Samarqand-Jizzax magistral yoʻli oʻtgan boʻlib, tarixiy manbalarda yozilishicha, qishloq yaqinida Xoʻja Didor qal’asi, Karjak (yoki ayrim manbalarda aytilganidek Karzak) mavzesi joy olgan. Mazkur hudud nomlari V. L. Vyatkin yashagan davrlarga kelib unutila boshlangan boʻlgan. Shunga qaramay, qishloqqa qoʻshni boʻlgan Siyob (Qorasuv), Adak yoki Andak (hozirgi Oʻymovut), shuningdek uning sharqiy qismida oʻrin egallagan Kurtushayx va Said Ohu (hozirgi Saydov) qishloqlari, hamda gʻarbiy qismdan chegaradosh boʻlgan Xonqoʻrgʻon mavzelari haqida alohida toʻxtalib oʻtilgan. V. L. Vyatkin oʻz kitoblarida Bulungʻur arigʻidan chiqqan hozirgi Kuchukariq (yoki Kuchakariq) haqida ham maʼlumotlar berib oʻtadi. Mazkur toponimning etimologiyasiga koʻra, Kuchakariq bu „kichik ariq“ degan maʼnoni anglatadi.
Etimologiyasi
tahrirAylovot toponimi „Ali“ (yigitlar ismi) va obod soʻzlarining birlashmasidan tashkil topgan. Aliobod nomi keyinchalik vaqt oʻtishi bilan, xalq tilida Aylovot koʻrinishiga aylanib ketgan va qishloq hozirga qadar shu shaklda nomlanib kelmoqda[2].
Manbalar
tahrir- ↑ „Samarqand viloyati pochta indekslari“. Qaraldi: 2023-yil 2-iyul.
- ↑ N.B.Begaliyev; A.M.Turobov. Samarqand toponimiyasi, 2015 — 156-bet.