Chingiz Toʻraqulovich Aytmatov (qirgʻ. Чыңгыз Төрөкул уулу Айтматов; 12-dekabr, 1928–10-iyun, 2008. Qirgʻizistonning Talas vodiysidagi Shakar ovulida tugʻilgan) — Qirgʻiziston xalq yozuvchisi (1968). „Sarvqomat dilbarim“ („Dovon“), „Boʻtakoʻz“ („Jazirama“), „Birinchi muallim“, „Jamila“ kabi asarlari bilan mashhur.

Chingiz Aytmatov
Asl ismi Чынгыз Айтматов
Tavalludi 12-dekabr 1928-yil
Vafoti 10-iyun 2008-yil(2008-06-10)
(79 yoshda)
Nyurnberg, Bavariya
Kasbi yozuvchi, diplomat
Ijod qilgan tillari Fransuz tili, Rus tili[1] va Qirgʻiz tili[1]
Fuqaroligi  Sovet Ittifoqi KGZ
Janr roman, qissa
Shoh asari "Jamila", „Alvido, Gulsara!“
Mukofotlari

Xalqlar doʻstligi ordeni

Hayoti va ijodi

tahrir

Qirgʻizistondagi Talas vodiysidagi Shakar ovulida tugʻilgan. Qirgʻiziston Fanlar Akademiyasi akademigi (1974). Qirgʻiziston qishloq xoʻjaligi institutini tamomlagan (1953). 1956–1958-yillari Moskvadagi yozuvchilar uyushmasi Oliy adabiyot kursi tinglovchisi. Asarlarini qirgʻiz va rus tilida yozadi. Ilk hikoyalari 1950-yillarda bosilgan. „Bay-damtol sohillarida“ (1955), „Yuzma-yuz“ (1957) asarlari oʻtkir syujet, kuchli ichki ruhiy ziddiyatlarga boy. „Jamila“ (1958), „Sarvqomat dilbarim“ (1961), „Boʻtakoʻz“, „Birinchi muallim“ (1962), „Momo yer“, „Somon yoʻli“ (1963), „Alvido, Gulsari“ (1966) kabi qissalarida muhabbat mavzui katta ehtiros bilan ta-rannum etilgan. Chingiz Aytmatovning „Togʻ va choʻl qissalari“ turkumiga kirgan asarlari yuksak baholandi. Aytmatovning „Oqkema“ (1970) qissasida insoniy goʻzallik, ezgulik va hayot ziddiyatlari, ekologiya muammolari teran tadqiq etiladi. „Oq kema“ kinofilmi ham asar kabi shuhrat qozondi. „Sohil yoqalab chopayotgan olapar“ (1977) qissasida muhim maʼnaviy masalalar, shoʻro davridagi hayotning mashʼum manzaralari oʻz ifodasini topgan. „Asrga tatigulik kun“ (1980), „Qiyomat“ (1986), „Kassandra tamgʻasi“ (1990) romanlarida zamonamizning umuminsoniy tomonlari, ona Sayyoramizning taqdiri, kuchli falsafiy, axloqiy va ijtimoiy muammolar koʻtarilgan. Oʻtmishini unutgan, hissiz, hamma narsaga loqayd, itoat-u, buyruqni bajarishdan boshqa narsani bilmaydigan, tuygʻu, noziq hissiyotlari soʻngan manqurt obrazi tasviri Aytmatov ijodining muhim qirralaridan biri boʻldi. Yozuvchining „Choʻqqida qolgan ovchining ohi zori“ (M. Shoxonov bilan hamkorlikda) asari maʼnaviyatga bagʻishlangan. Aytmayov prozasida ruhiyat tahlili anʼanaviy folklor, mifologiya, obrazlilik bilan uygʻunlashib ketadi. Unda masal, ramziylikka moyillik sezilarli darajadadir. Aytmatovning asarlari jahonning 176 tiliga tarjima qilinib, 20 milliondan ortiq nusxada chop etilgan (1999). „Sarvqomat dilbarim“ („Dovon“), „Boʻtakoʻz“ („Jazirama“), „Birinchi muallim“, „Jamila“, „Alvido, Gulsari“ va boshqa ekranlashtirilgan, oʻzbek va chet el teatrlarida sahnalashtirilgan. „Momo yer“ asariga I. Akbarov musiqa yozgan. Adib 2008-yilning 10-iyunida Germaniyaning Nyurnberg shahrida vafot etgan.

Yozuvchining qariyb hamma asarlari oʻzbek tilida nashr etilgan. Aytmatov oʻzbek adabiyoti, umuman, oʻzbek madaniyati tarixini yuksak baholab, „Qadim-qadim oʻzbek madaniyatining Oʻrta Osiyoga koʻrsatgan taʼsirini koʻhna Vizantiyaning Qadim Rusga koʻrsatgan taʼsiri bilan qiyoslash mumkin“, deb hisoblaydi. Aytmatov Oʻzbekiston Respublikasining „Doʻstlik“ (1995), „Buyuk xizmatlari uchun“ (1998) ordenlari bilan mukofotlangan. Qirgʻiziston Respublikasida Xalqaro Chingiz Aytmatov nomidagi „Oltin medal“ mukofoti taʼsis etilgan (1999)[2].

2018-yilda adib tavalludining 90 yilligini nishonlash haqida Oʻzbekiston Prezidentining qarori eʼlon qilindi[3]. Unga koʻra: „Chingiz Aytmatov va Oʻzbekiston“ nomli xotira kitobini nashrga tayyorlash va chop etish; Chingiz Aytmatov hayoti va ijodiy faoliyati haqida hujjatli film yaratish; yozuvchi asarlari asosida yangi spektakl sahnalashtirish va badiiy film suratga olish; Chingiz Aytmatov xotirasini abadiylashtirish maqsadida Toshkent shahrining markaziy koʻchalaridan biriga adib nomini berish; Toshkent viloyati Parkent tumanidagi 33-maktabda adib byustini oʻrnatish tayinlandi.

Faoliyati

tahrir

1966–1989-yillarda Qirg‘iz SSR tomonidan SSSR Oliy Sudi Millatlar kengashining 7-11 chaqiruvlar deputati. Qirg‘iz SSRning 330-sonli Frunzensk-Pervomaysk ma’muriyatidan Oliy Kengashning 9-chaqiruviga saylangan, Millatlar kengashining tashqi ishlar hay’ati a’zosi. SSSR Xalq deputati (1989–1991 yillar), U „Inostrannaya literatura“ (Moskva) jurnaliga muharrir (1980–1990), 1990-yildan sobiq SSSRning, soʻng Rossiya Federatsiyasining, 1991-yildan Qirgʻiziston Respublikasining Lyuksemburg, Belgiyadagi elchisi, SSSR Prezidentlik kengashi a’zosi, Qirg‘iziston markaziy qo‘mitasi Kompartiyasi a’zosi, SP SSSR va SK SSSR kotibiyati a’zosi, Qirg‘iz SSR Tergov qo‘mitasi boshqarma raisi, Osiyo va Afrika mamlakatlari o‘rtasidagi birdamlikni qo‘llash ittifoqi qo‘mitasining boshqaruvchilaridan biri, “Xorijiy adabiyot” jurnali muharriri, “Issiq Ko‘l forumi” xalqaro intellektual harakati tashabbuskori.

 
Chingiz Aytmatov nomidagi bogʼ

Qirg‘iziston Respublikasi Qahramoni (1997), Qirg‘iziston SSR xalq yozuvchisi (1974), Qirg‘iziston SSR FA akademiki (1974), Jamiyatshunoslik mehnat qahramoni (1978). Lenin (1963) hamda SSSRning uchta Davlat mukofotlari laureati (1968, 1977, 1983). Oʻzbekiston Respublikasining „Doʻstlik“ (1995), „Buyuk xizmatlari uchun“ (1998) ordenlari sohibi.

Asarlari

tahrir
  • „Yuzma-yuz“
  • „Sarvqomat dilbarim“
  • „Somon yoʻli“ (1963)
  • „Momo yer“
  • „Alvido, Gulsari“ (1966)
  • „Oq kema“
  • „Sohil yoqalab chopayotgan olapar“ (1977)
  • „Hoshim“
  • „Gazetachi Dzyuydo“
  • „Oq yomgʻir“
  • „Sepoyachi“
  • „Qiyomat“ (1986)
  • „Birinchi muallim“ (1962)
  • „Asrga tatigulik kun“
  • „Kasandra tamgʻasi“ (1990)
  • „Erta qaytgan turnalar“ va boshqalar.

Manbalar

tahrir
  1. 1,0 1,1 — Т. 1. — С. 30.
  2. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  3. https://m.kun.uz/news/2018/04/02/uzbekistonda-cingiz-ajtmatov-tavalludining-90-jilligi-nisonlanadi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligi nishonlanadi]

Havolalar

tahrir