Bandixon tumani — Surxondaryo viloyatidagi tuman. 1992-yil 18-mayda tashkil etilgan. 2010-yil moliyaviy kamchiliklar tufayli tugatilgan[1] 18-oktabr 2019-yilda qayta tashkil etilgan. Bandixon tumani viloyatning Qumqoʻrgʻon, Qiziriq, Jarqoʻrgʻon, Sherobod, Boysun tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 0,20 ming km2. Aholisi 75,0 mingdan ortiq kishi (2019). Bandixon tumanida 6 qishloq fuqarolari yigʻini (Bandixon, Bektepa, Kirshak, Olmazor, Chorvador, Qiziriq) bor. Markazi — Bandixon qishlogʻi.

Bandixon tumani
tuman
Tarkibida Surxondaryo viloyati
Maʼmuriy markazi Bandixon
Asos solingan sanasi 1992-yil, qayta tashkil etilgan yili 2019-yil
Rasmiy tili oʻzbek
Aholi (2019) 75 ming
Zichligi 145 kishi./km²
Millatlar tarkibi Oʻzbeklar — 96%, Tojiklar — 3%
Dinlar tarkibi musulmonlar
Maydoni 0,20 km²
Vaqt mintaqasi UTC+5
Xaritada
Bandixon tumani xaritada
Koordinatalari: 37°51′0″N 67°22′12″E / 37.85000°N 67.37000°E / 37.85000; 67.37000 G O

Tarixi tahrir

Tumanda bir qancha tarixiy obidalar mavjud, bulardan eng yirigi Bandixon qoʻrgʻonidir. Bandixon qoʻrgʻoni miloddan avvalgi 2-1-asrlarga talluqli boʻlib, arxeologlar tomonidan 1973-yili aniqlangan. 1975—1976-yillarda qazishmalar olib borilgan. Qadimiy kanal — Oʻrgulsoy oʻzani bilan ikki qismga ajralgan. Umumiy maydoni 1,5 gektar. Sharqdan gʻarbgacha 250 m, shimoldan janubga — 170 m. Qoʻrgʻon qalʼasi yodgorlikning sharqiy qismida — hozirgi qabriston oʻrnida joylashgan. Kvadrat shaklidagi tarhi 90-70 metr; balandligi 5—6 metr. Turarjoylar paxta va xom gʻishtdan qurilgan. Turli davrlarga oid sopol idishlar, tosh qurollar topilgan. Bandixon atrofidagi Maydatepa, Gʻozimullo, Bektepa, Kindiktepa, Qoʻrgʻon kabi tepaliklar ham qadimda aholi manzillari boʻlib kelgani isbotlandi. Qadimda Badixon soyi pishiq gʻishtdan toʻgʻon bilan toʻsilgan va Bandixon — Qiziriq tekistliklariga suv chiqarib bergan. Xususan, Gʻozimullo tepaligi tekshirilganda sopol quvurlarda uzoqlardan ichimlik buloq suvi olib kelgani aniqlandi. Bandixon nomi „band“ soʻzidan olingan boʻlib, toʻgʻon — koʻprik maʼnosini bildiradi.

Tabiati tahrir

Bandixon tumani hududi asosan gʻarbda shimoldan sharq va janubga tomon pasayib boradigan Surxon-Sherobod dashtlarining shimoliy qismida joylashgan. Tuman hududida asosan janubi-gʻarbdan shimoli-sharqqa yoʻnalgan Sherobod-Sariqamish togʻlari va Bandixon-Qiziriq adiri bor. Iqlimi quruq subtropik iqlim. Yanvarning oʻrtacha harorati 2,5 °C — 3 °C, iyulniki 30 °C — 31 °C. Yiliga 160 — 200 mm yogʻin tushadi. Tumanning shimolidan Bandixon soyi oqib oʻtadi. Tuman xoʻjaliklari Oqqopchigʻay va Sherobod ariqlaridan sugʻoriladi. Tuprogʻi tipik boʻz, qumloq va qisman taqir-boʻz tuproqlar. Oʻsimliklari efemer va efemeroidlardan iborat. Togʻli qismlari va jarliklarda boʻri, tulki, sudralib yuruvchilar, qushlar va hasharotlar (chayon, qoraqurt) yashaydi.

Aholisi tahrir

Aholisining asosiy qismi (96 %)ni oʻzbeklar, 3 % ni tojiklar tashkil qiladi, shuningdek tatarlar, ruslar va boshqalar ham yashaydi. 1 km2 ga oʻrtacha 145 kishi toʻgʻri keladi. Barcha aholi qishloqlarda yashaydi.

Xoʻjaligi tahrir

Xoʻjaligi asosan agrar xususiyatga ega. Sugʻoriladigan ekin maydonlari tuman yer fondining 70 %ni tashkil etadi. Yaylovlar 27,5 % ni, dehqonchilikka yaroqli yerlar 2,5 %ni tashkil qiladi. Bandixon tumanida 6 jamoa xoʻjaligi mavjud. Qishloq xoʻjaligida paxtachilik asosiy oʻrinni egallaydi. Gʻalla ekinlari ekiladi, tokchilik, bogʻdorchilik rivojlangan.

Iqtisodi tahrir

Tumanda 4 kichik korxona, 46 dehqon va fermer xoʻjaligi, chorvachilikka ixtisoslashtirilgan 5 aksiyadorlik jamiyati faoliyat koʻrsatmoqda. 22 xususiy kichik korxona, 11 tegirmon, 40 xususiy doʻkon va oshxonalar, 6 objuvoz bor. Sherobod — Denov avtomobil yoʻli Bandixon tumanini kesib oʻtgan. Bandixon tumanida Shreder nomidagi respublika Bogʻdorchilik, tokchilik va vinochilik korporatsiyasining filiali mavjud.[2] Bandixon tumanida 6 jamoa xoʻjaligi bor. Qishloq xoʻjaligida paxtachilik asosiy oʻrin tutadi. Don ekinlari ekiladi, uzumchilik, bogʻdorchilik rivojlangan. Bandixon bugʻdoylari yaqin — yaqingacha bozorlarda 1,5-2 baravar narxlangan. Bandixonda hisori qoʻylari 180-200 kg tosh bosadi.

Ijtimoiy soha tahrir

Tumanda 27 ta[3] maktab, bolalar va sport maktabi, 5 bolalar bogʻchasi bor. Bandixondagi Markaziy shifoxonada 15 turdagi tibbiy xizmat koʻrsatiladi. Tumanda ommaviy sport turlariga katta eʼtibor qaratilmoqda. Maktab va tashkilotlarda stadion, sport zali, valebol maydoni tipda ishlab turibdi. Tuman markazida zamonaviy tipda qurilgan Sayyid Muhammad jomie masjidi faoliyat koʻrsatmoqda.

Manbalar tahrir

  1. Decree 4 December 2010, № 134-II, at LexUZ.
  2. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  3. tuman haqida maʼlumot, 19–sentabr 2017–yilda asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 24–may 2012–yil{{citation}}: CS1 maint: date format ()