Barmakiylar — mashhur vazirlar xonadoni; balxlik tabib va kohin Barmak avlodlari boʻlib, ulardan ayrimlari oʻz qobiliyat va bilimi tufayli abbosiylar saroyida yuqori lavozimlarga erishgan. Chunonchi, Barmakning toʻngʻich oʻgʻli Xolid birinchi abbosiy xalifa Abul Abbos Abdulloh hukmronligi davri (750 — 754) da vaziri aʼzam, ikkinchi xalifa Abu Jaʼfar Mansur davri (754 — 775) da esa moliya vaziri, soʻng Mosul hokimi boʻlgan, ayni vaqtda Bagʻdod shahri qurilishiga boshchilik qilgan. Uning oʻgʻli Yahyo oʻsha davrda Ozarbayjon va Armanistonda xalifa Abu Jaʼfar Mansurning noibi edi. Xalifa Maxdiy davri (775 — 785) da esa u devon boshligʻi va Horun ar-Rashidning murabbiysi boʻlgan. Horun ar-Rashid xalifa boʻlgach (786), uni vazir etib tayinlagan. Lekin, Yahyo tez orada davlat ishlaridan voz kechib, uning oʻrnini navbatma-navbat oʻgʻillari Fazl va Jaʼfar egʻallagan. Ular ayni vaqtda Horun ar-Rashid farzandlarining murabbiysi hamda Misr va Xurosonda abbosiylar noibi boʻlganlar. Yahyoning qolgan oʻgʻillari ham boy-badavlat yashab, yuqori davlat lavozimlarida ishlaganlar. B.dan xalifaga eng suyukligi — Jaʼfar edi. Horun ar-Rashid uni kun boʻyi, hatgo iloji boʻlsa, kechalari ham oʻz suhbatidan ketkazgisi kelmas edi. Ammo, Jaʼfar Horun ar-Rashidning ishonchu hurmatini suiisteʼmol qilib, uning singlisini yashirincha oʻz nikohiga olgach, qatl etilgan va shu voqea sababli B. tamomila qirib tashlangan.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil