Birjandiy
Birjandiy (vaf. Taxm. 1526-28 yillar.)) — astronom, matematik olim.
Birjandiy | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | astronom, matematik |
Mirzo Ulugʻbek maktabining koʻzga koʻringan namoyandalaridan yana biri astronom va matematik, shuningdek, hanafiy faqihlaridan biri Abdulalo ibn Muhammad ibn Husayn Birjandiy Turkistonning „Birjand“ degan joyiga nisbat berilgan[1]. Uning tugʻilgan sanasi haqida maʼlumotlar topilmadi. Alloma 932/1526[2] yoki 935/1528[3] yil vafot etgan. Maʼlumotlarga qaraganda, alloma Eronning Mashhad shahridagi „Qatlgoh“ maqbarasiga dafn etilgan. Uning tarjimai holi haqida yetarli maʼlumotlar yoʻq. Akademik T.N. Qori-Niyoziyning yozishicha, Birjandiy Mirzo Ulugʻbek maktabining namoyandalaridan Muinuddinning oʻgʻli Mansur Koshiyning shogirdi boʻlgan. Birjandiyning ilmiy faoliyati uning bizgacha yetib kelgan ilmiy asarlari bilan ancha oydinlashgan.
Asarlari
tahrirU quyidagi asarlarga mualliflik qilgan: „Sharh Ziji Koʻragoniy“ („Koʻragoniy zijiga sharh“) asari Mirzo Ulugʻbekning astronomiya jadvaliga yozilgan mukammal sharh boʻlib, Birjandiy uni 929/1522 yili fors tilida yozgan. Bu sharhni Birjandiy oʻz qoʻli bilan yozgan, koʻpgina shakllar chizilgan, dastxat qoʻlyozma nusxasi OʻzR FA Sharqshunoslik institutida (inv. № 704) saqlanmoqda. Qozizoda Rumiyning „Chagʻminiy astronomik risolasi“ga yozgan sharhlarini izohlagan. Bu asarning bir qancha qoʻlyozma nusxasi bizgacha yetib kelgan boʻlib, jumladan, bir nusxasi Sankt-Peterburg Sharqshunoslik institutida (№ 126,2), yana bir nusxasi Saudiya Arabistonining „Markazu-l-malik Faysal li-l-buhus va-d-dirosoti-l-islomiyya“ kutubxonasida saqlanmoqda. „Sharhu-t-tahrir Majastiy“ („Majastiy tahririga sharh“)ining kirish qismida yozishicha, Batlimusning (mil. avval II asrning birinchi yarmi) „Majastiy“ nomli asarini Nosiruddin Tusiy (1197—1274) „Tahriru-l-Majastiy“ nomi bilan arab tilida bayon qilgan. Bu tahrirda va unga Nizomuddin Hasan Nishopuriyning yozgan sharhida koʻpgina izoh talab sirli, qorongʻi istiloh va iboralar borligi uchun Birjandiy uni qayta sharh qilgan. Arab tilida qilingan Birjandiy sharhining bir nusxasi Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida (inv. № 464) saqlanmoqda. „Sharhi kitobi bist bobi usturlob dar maʼrifati aʼmol usturlob“ („Usturlob ishlarini bilish haqida yigirma bobli usturlob kitobiga sharh“) asarida alloma usturlob (astrolyabiya)ni batafsil sharhlab, uni astronomiyaning turli masalalariga qoʻllash lozimligini bayon etgan. Bu asar bir necha qoʻlyozma nusxada bizgacha yetib kelgan boʻlib, ulardan biri OʻzR FA Sharqshunoslik institutida (inv. № 1854) saqlanmoqda. „Risola dar maʼrifati taqvim“ („Yil hisobi haqida risola“) asari fors-tojik tilida yozilgan boʻlib, astronomiya haqida yozilgan risolaning yagona nusxasi Oksfordda saqlanmoqda[4]. „Sharhu-n-niqoya muxtasari-l-viqoya“ asari Sad-rushshariʼaning asariga sharhdir. Asarni Qosim ibn Qutlubugʻo (vaf. 879/1474 y.) yoza boshlagan, 932/1526-yil Birjandiy Istanbulda yozib tugatgan. Asarning bir necha qoʻlyozma nusxalari Saudiya Arabistonining „Markazu-l-malik Faysal li-l-buhus va-d-dirosoti-l-islomiyya“ kutubxonasida (inv. № v/12079-12075ب, 13812, 13582-13576ب) saqlanmoqda. Shuningdek, matematikaga oid „Sharhul-l-favoidi-l-bahiyya“ („Chiroyli foydalarning sharhi“), usulga oid „Sharhu-l-manor li-n-Nasafiy“ („Nasafiyning Al-manoriga sharh“), Nosiruddin Tusiyning „Tazkira“ asariga yozgan sharhi „Sharhu-t-tazkira“larni taʼlif etgan.
Adabiyotlar
tahrirManbalar
tahrir- ↑ Хайруллаев М.М. Маънавият юлдузлари. – Т. Абдулла Қодирий номидаги халқ мероси нашриёти, 1999. – Б.30.
- ↑ Умар Ризо Каҳҳола. Муъжаму-л-муаллифийн. Ж. 5. – Байрут: Дор иҳёи-т-туроси-л-арабий, 2009. – Б. 266.
- ↑ Зириклий. Ал-аълом. Ж. 4. – Байрут: Дору-л-илм ли-л-малайин, 2002. – Б. 30.
- ↑ Абдуллаев И. Ҳикматуллаев Ҳ. Самарқандлик олимлар. – Т.: Фан, 1969. – Б. 63.
Ushbu maqolada Oʻrta asr Sharq allomalari ensiklopediyasi maʼlumotlaridan foydalanilgan. |