Bobaytogʻ — Toshkent viloyatshshgp togʻ. Chatqol tizmasining janubi-gʻarbiy tarmogʻi. Bobaytogʻning Ohangaron vodiysi (Ohangaron suv ombori sohili)ga qaragan yon bagʻri tik. Eng baland joyi 3555 m. Togʻning yuqori qismida alp tipidagi relyef shakllari bor. Yon bagʻirlari Ohangaron daryosining irmoqlari bilan kuchli parchalangan. Suvayirgich qismi yassi. Shimoliy yon bagʻirlari kamroq parchalangan. Soy vodiylari chuqur va tor. Bobaytogʻ quyi triasning intruziv kristalli jinslari (granitporfirit, siyenit, felzitporfirlar, tufli lava va boshqalar) dan tashkil topgan. Bobaytogʻdan Ohangaronning Jiblon, Koʻyindi, Ertosh, Yaxandak kabi sersuv soylari boshlanadi. Togʻ yon bagʻrida buloqlar ham mavjud. Yon bagʻirlarning quyi qismlaridagi (1200-1600 m) qoʻngʻir togʻ oʻrmon tuproqlarda shuvoq aralash bugʻdoyiq, undan yuqoriroqda yongʻoqzorlar, togʻolma, togʻolcha, balandroq yon bagʻirlardagi (1700-2800 m) jigarrang tuproqlarda bugʻdoyiq, togʻshuvoq, togʻshayir oʻt oʻsimliklari orasida zarafshon archasi, saurarcha, yuqoriroq qismlarida oʻrikarcha (turkiston archasi) oʻsadi. Bobaytogʻning suvayirgʻich qismidagi mayda shagʻalli jigarrang tuproqlarda togʻ kserofitlari, toshloq och qoʻngʻir tuproqlarda turli oʻtli betaga, kovrak, qiziltikon tarqalgan. Bobaytogʻdan yoz va kuzda yaylov sifatida foydalaniladi.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil