Davlat qoʻshbegi madrasasi
Bu maqolaga boshqa birorta sahifadan
ishorat yoʻq. (avgust 2024) |
Davlat qoʻshbegi madrasasi — Samarqand madrasasi. Madrasa 1813-yilda Buxoro amirligida hukmronlik qilgan Amir Haydar davrida, Davlat qoʻshbegi tomonidan bunyod etilgan. Mazkur oliy oʻquv yurti manbalarda Muhammad Sharifboy madrasasi sifatida ham tilga olingan. Abu Tohirxoja oʻzining Samariya asarida madrasa toʻgʻrisida quyidagi maʼlumot yozib qoldirgan: „Zinalar etagida, kun chiqar tomonda (katta darvoza va miyonsaroydan oʻtkach, oʻng tomonda) bir madrasa bor. Uni davlat tayanchi va sulton noibi, samarqandlik shavkatli Davlat qoʻshbegi moʻminlar amiri Sayyid Amir Haydar saltanati chogʻida hijriy 1228-yili (1813) qurdirgan. Madrasaning eshigining yonida, shimol tomonda madrasa egasi Samarqand hokimining oʻgʻli marhum Muhammad Sharifboyning qabri bor“. Tadqiqotchi olim Abdusattor Jumanazar ushbu madrasaga oid bir qator vaqf hujjatlar va manbalarni oʻrgangan boʻlib, madrasa bilan bogʻliq maʼlumotlar keltirgan. Mazkur madrasa vaqf hujjatlariga ega. Mazkur vaqf hujjatida „Davlat qoʻshbegi madrasasi va masjidi vaqfi“ deb qayd qilingan. 1889-yil 19-yanvardagi Samarqad yer soligʻi boʻlimi taftish haʼyatining hujjatlartida Davlat qoʻshbegi madrasasi Shohizinda mozori yonida joylashganligi yozib qoldirilgan. Mazkur madrasaga oid vaqf hujjati nastaʼliq xatida yozilgan. Unda madrasa pishiq gʻishtdan 9 hujrali qilib bunyod etilganligi qayd etilgan. Davlat qoʻshbegi madrasa oldida choʻpkori va gʻisht masjid bunyod ettiradi. Madrasa gʻarbida mozorga kirish joyi, shimoli va janubida musulmonlar qabristoni, janubida Obi rahmat arigʻi mavjud boʻlgan. Mazkur hujjat Buxoro amiri Amir Nasrullo muhri bilan tasdiqlangan[1]. N. P. Ostroumovning 1914-yilgi maʼlumotlariga koʻra madrasa hijriy 1212-yili (milodiy 1797—1798) bunyod etilgan. Madrasada 18 ta talaba, 1 nafar mudarris, 9 hujrasi mavjud boʻlgan. Vaqf mulki 750 rublni tashkil etgan[2].
Davlat qoʻshbegi madrasasi 12 ta hujradan iborat boʻlgan. Ushbu madrasa Oʻrta Osiyo meʼmorchiligi uslubida bunyod etilgan. Madrasa pishiq gʻisht, yogʻoch, tosh va ganchdan qurilgan. Madrasa hozirgi kunda saqlanib qolmagan.
Madrasa | |
Davlat qoʻshbegi madrasasi
| |
Mamlakat | Oʻzbekiston |
Hudud | Samarqand viloyati |
Shahar | Samarqand |
Maktab yoʻnalishi | sunniy |
Meʼmoriy uslub | Oʻrta Osiyo meʼmorchiligi |
Binokorlik tashabbuschisi | Davlat qoʻshbegi |
Homiylar | Davlat qoʻshbegi |
Binokorlik | 1813-yil—??? |
Holati | Saqlanib qolmagan |
Hujralar soni | 12 hujra |
Qurilish materiali | Pishiq gʻisht |