Bakteriofaglar

(Faglardan yoʻnaltirildi)

Bakteriofaglar (bakteriyalar va yun. phegos – yemiruvchi) – bakteriyalarni yutib, yemirib, yoʻq qilib yuboradigan viruslar; bakteriyalar kushandasi. 1917-yil fransuz olimi F. Derell bakterial filtrlardan oʻtib keta oladigan, eritish qobiliyatiga ega mavjudotlarga „bakteriofag“ deb nom bergan. N. F. Gamaleya bu jarayonni birinchi boʻlib kuzatgan (1898). Mikroorganizmlar bor joyda bakteriofaglar ham albatta boʻladi. Ularning diametri 45–140 nm boʻlgan dumaloqroq yoki oltiburchak shaklidagi boshchasi va uzunligi 100 – 600 nm keladigan dumi bor. Boshcha va dum qobigʻi oqsil moddadan tashkil topgan. Bakteriofaglar bakteriya hujayrasiga oʻsimtasi bilan yopishib oladi (adsorbsiya), soʻngra boshchasidagi narsa hujayra ichiga kirib borib, yangi fag zarrachalarini hosil qiladi. Oqibatda hujayra yemirilib (lizis), yangi bakteriofaglar atrofga ajraladi. Virulentli va moʻtadil (simbiotik) b’akteriofaglar farq qilinadi. Birinchisi hujayralarni yemirib (lizis) yangi zarrachalar hosil qiladi. Boshqalari hujayra ichiga kirsa ham uni eritib yubormaydi (profag). Moʼtadil fag tutgan bakteriyalar lizogen bakteriyalar deyiladi. Bakteriofaglarning ayrimlari gʻoyat spesifik xususiyatga ega, yaʼni mikrobning faqat bir turiga taʼsir koʻrsatadi (monofag). Boshqa Bakteriofaglar har xil turdagi hujayralarni eritib yuboradi (polifag). Mikroblarning oʻzgaruvchanligi va evolyutsiyasida bakteriofaglar muhim ahamiyatga ega. Hamma bakteriofaglar oqsil va nuklein kislotalardan tashkil topgan boʻlib, shu kislotalar turiga qarab, DNK. va RNK tutuvchi bakteriofaglarga boʻlinadi. Bakteriofaglar shifobaxsh va kasalliklarning oldini oluvchi vosita sifatida ham qoʻllanadi. Yuqumli kasalliklar (dizenteriya, ich terlama va boshqalar)ga tashhis qoʻyishda, bemor organizmidan ajratib olingan bakteriya xilini aniqlashda ham bakteriofaglardan foydalaniladi. Oʻsimliklarda turli kasallik qoʻzgʻatuvchi (fitopatogen) bakteriyalarni yemiruvchi bakteriofaglar ham maʼlum. Ekin maydonlaridagi tuproqda va ariq suvlarida baʼzi patogen mikroblarning bakteriofaglari topilgan. Ekishdan oldin urugʻlikni turli kasalliklarga qarshi dorilash tajribasi bakteriofaglardan ekiladigan urugʻlarni yuqumsizlantirishda foydalanish mumkinligini koʻrsatdi[2].

Structural model at atomic resolution of bacteriophage T4[1]
The structure of a typical myovirus bacteriophage
Anatomy and infection cycle of bacteriophage T4.
A.
Bakteriofaglar.

Manbalar

tahrir
  1. "Structural Model of Bacteriophage T4". WikiJournal of Science 4 (1): 5. 2021. doi:10.15347/WJS/2021.005. https://en.wikiversity.org/wiki/WikiJournal_of_Science/Structural_Model_of_Bacteriophage_T4. 
  2. "Bakteriofaglar" OʻzME. B-harfi[sayt ishlamaydi] Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Adabiyotlar

tahrir

Havolalar

tahrir