Oybek-Muso Toshmuhammad o‘g‘li Oybek 1905-yili Toshkent shahrida bo‘zchi oilasida tug‘ilgan. Oldin o‘rta maktabda, 1922-1925 yillarda esa Toshkent ta’lim va tarbiya texnikumida tahsil olgan. So‘ngra O‘rta Osiyo Davlat universitetining ijtimoiy fanlar fakultetida o‘qigan. 1930-yili o‘qishni bitirib, oliy maktablarda siyosiy iqtisoddan dars bergan.Oybek adabiyotga 1926-yili chop etilgan “Tuyg‘ular” she’riy to‘plami bilan kirib kelgan. Shoirning “Dilbar - davr qizi” (1931), “O‘ch” (1932), “Baxtigul va Sog‘indik” (1933), “Temirchi Jo‘ra”(1933) dostonlari o‘z davrining eng go‘zal she’riy solnomalaridir. Oybek tarixiy va zamonaviy mavzularda yigirmaga yaqin dostonlar yaratgan. Oybek she’riyati nihoyatda go‘zal bo‘lib, o‘zining sodda, ravon va ifodali tilda, boy va rang-barang tasviriy vositalarda yaratilganligi bilan alohida ajralib turadi. Jumladan, “Quyosh qushig‘i” she’rida:

Quyosh, nuring to‘kaber mo‘l- ko‘l!

Bahor, ketma, bizning boshlardan.

Yurtimizda qolmasin dasht-cho‘l,

Chaman kulsin hatto toshlardan!

Yoki:

Yor ketdi, ko‘zim bulog‘i qoldi,

Siynamda tirik firoqi qoldi.

Ishq xotirasi kabi sochimning

Yoshlikda ko‘paygan oqi qoldi...

Oybek mohir shoir bo‘lgani kabi yetuk romannavis hamdir. U yaratgan “Qutlug‘ qon”, “Navoiy”, “Ulug‘ yo‘l”, “Oltin vodiydan shabadalar”, “Quyosh qoraymas” kabi romanlari o‘zbek realistik romanchiligi taraqqiyotida muhim bir davrni tashkil etadi.