Gʻarbiy Sibir tekisligi
Gʻarbiy Sibir- Yer sharidagi eng yirik akkumulyativ pastekisliklardan biri boʻlib, Kara dengizidagi orollar ham oʻlka tarkibiga kiradi. U shimolda Kara dengizi, janubda Toʻrgʻay platosi va Qozogʻiston burmali togʻlari, janubi-sharqda Oltoy va Sayan togʻlari, sharqda Oʻrta Sibir yassi togʻligi va gʻarbda Ural togʻlari bilan chegaralanadi, maydoni 3 mln. km2 ga yaqin. Pasttekislik shimoldan janubga tomon 2500 km va gʻarbdan sharqqa tomon eng keng joyida 1900 km masofaga choʻzilgan. Oʻlkaning barcha hududi Gʻarbiy Sibir epigersen plitasi doirasida joylashgan. Metamorflashgan va dislokasiyalashgan paleozoy jinslari gorizontal holatdagi qalinligi 1000-3000 m gacha boʻlgan mezozoy va kaynozoy yotqiziqlari bilan qoplangan. Pastekislik yuzasi paleogen davri dengiz choʻkindilaridan va toʻrtlamchi davr suv-muzlik yotqiziqlaridan tarkib topgan. Ularning qalinligi Gʻarbiy Sibirning markaziy qismida 250 m dan janubda 5 m gacha kamayadi. Gʻarbiy Sibir pastekisligi janubdan shimolga tomon nishab boʻlib boradi va undagi hamma daryolar — Ob va uning yirik irmoqlari Irtish, Tobol, Ishim hamda Taz daryosi oqadi. Pasttekislik yuzasi gipsometrik jihatdan bir xil koʻrinsada, orografik jihatdan farq qiladigan yassi tekisliklar, uvallar va platolar mavjud. Dengiz sathidan 50-100 m baland boʻlgan Gʻarbiy Sibirning markaziy qismida Kondin, Oʻrta Ob pastekisliklari va shimoliy qismida Quyi Ob, Nadim va Pur pastekisliklari joylashgan. Oʻlkaning gʻarbiy, janubiy va sharqiy chekkalarida balandligi 200-250 m boʻlgan Shimoliy Sosva, Turin, Ishim balandliklari, Ob boʻyi, Chulim-Enisey platolari, Yuqori Taz, Quyi Yenisey tepaliklari joylashgan. Balandligi 140-150 m boʻlgan Sibir uvallari Ob daryosidan Yeniseygacha choʻzilib pastekislikni ikki qismga boʻlib turadi. Oʻrta Ob pastgekisligidan janubda Vasyugane tekisligi joylashgan. Gʻarbiy Sibirning janubiy qismidagi Baroba, Ishim va Koʻlundi tekisliklarida suffoziya yoʻli bilan hosil boʻlgan berk botiqlar koʻp uchraydi. Gʻarbiy Sibirning shimoliy qismida Yamal va Gidan yarim orollari Kara dengizining ichki qismigacha kirib boradi. Yarim orollar bir-biridan 800 km uzunlikdagi Ob koʻrfazi orqali ajralib turadi. Toʻrtlamchi davrda pastekislikning katta qismi Yar, Samara, Taz va Ziryan materik muzliklari taʼsirida boʻlgan. Pastekisliklarda tektonik harakatlar juda kuchsiz boʻlganligi tufayli balandliklar va togʻliklar hosil boʻlmagan. Relefida yassi tekisliklar hukmron boʻlgani uchun daryo vodiylari chuqur oʻyilmagan va suv juda keng masofaga yoyilib oqadi. Ob va Irtish daryolari vodiysining kengligi 80-120 km gacha boradi. Pastekislik toʻrtta geomorfologik oʻlkaga boʻlinadi: shimoldagi dengiz akkumulyasiyasi tekisliklari; muzlik va suv-muzlik akkumulyasiyasi tekisliklari; muzlikyoni, asosan koʻl-allyuvial tekisliklari; janubiy muzliklardan tashqaridagi tekisliklar. Gʻarbiy Sibir pastekisligining iqlimi Sharqiy Yevropa tekisligi iqlimidan keskin kontinentalligi va qishining qattiq sovuqligi bilan farq qiladi. Pastekislikning shimoldan janubga uzoq masofaga choʻzilganligi birinchidan, iqlimning zonal tiplarining shakllanishiga sabab boʻlsa, ikkinchidan, oʻlkaning shimoliy va janubiy qismlari oʻrtasida katta iqlim tafovutlarini vujudga keltiradi. Oʻlka Atlantika okeanidan juda uzoq va Arktika havzasiga juda yaqin joylashgan. Shuning uchun bu yerda qish uzoq davom etadi va sovuq qattiq boʻladi. Bundan tashqari qishning qattiq boʻlishiga Sibir antisikloni ham kuchli taʼsir etadi. Pastekislikda antisiklonli kunlar 49% ni, siklonli kunlar 29% ni tashkil etadi. Siklonlar janubi-gʻarbdan va shimoli-gʻarbdan, Islandiya minimumi oʻlkasidan keladi. Siklonlarning kelishi bilan harorat keskin oʻzgaradi, kuchli shamollar boʻlib, tezligi 35-40 m/sek. ga yetadi. Siklon faoliyati tugashi bilan pastekislik ustida qolgan Arktika havosi oʻzgarib, kontinental havoga aylanadi. Qishda oʻlka hududida manfiy harorat barqaror topadi. Shimolda yanvarning oʻrtacha harorati −30°S ni va janubda −16°S ni tashkil etadi. Mutloq minimal harorati tundraga nisbatan janubda joylashgan oʻrmon-tundra zonasida past boʻladi. Chunonchi, minimal harorat tundra zonasida −54°S ga yaqin boʻlsa, oʻrmon-tundrada −65°S ga teng. Bunga sabab Sibir antisiklonining taʼsiridir. Yoz salqin, moʻtadil iliq boʻladi. Iyulning oʻrtacha harorati Yamal va Gidan yarim orollarida +6°,+8°S dan janubda, Ishim va Qulunda dashtlarida +20°,+22°S gacha koʻtariladi. Janubda haroratning yuqori boʻlishiga Qozogʻiston va Oʻrta Osiyodan keladigan issiq kontinental havoning taʼsiridir. Arktikadan keladigan sovuq havo massasi yozda ham tez-tez takrorlanib turadi va iliq davrlarda haroratning pasayishiga sabab boʻladi. Pastekislikda yillik yogʻin miqdorining 70-80% yoz oylarida yogʻadi. Namlik gʻarbiy havo massalari yordamida Atlantika okeanidan keladi. Yogʻin oʻlka hududida bir tekis taqsimlanmagan. Tundrada yillik yogʻin miqdori 250-300 mm, oʻrmonlar zonasida 500 mm, dashtlarda 250 mm ni tashkil etadi. Gʻarbiy Sibirda daryo tarmoqlari relyefning kam nishabligi, yogʻin miqdorining bugʻlanish miqdoriga nisbatan koʻpligi botqoqlanish jarayonining faol boʻlishiga taʼsir koʻrsatgan. Hozirgi paytda pastekislikdagi tayga zonasining 70% hududi botqoqliklar bilan band. Bunday darajadagi botqoqlanish hodisasini Yevrosiyoning boshqa oʻlkalarida uchratish mumkin emas. Gʻarbiy Sibirda daryo tarmoqlari yaxshi taraqqiy etgan va ular deyarli yagona daryo toʻrini hosil qilib Kara dengizi havzasiga kiradi. Pastekislik nishabi juda kam boʻlganligidan daryolar sekin oqadi. Jumladan, Ob daryosining nishabligi Novosibirskdan dengizga quyilish joyigacha boʻlgan 3000 km masofada 90 m ni tashkil etadi, suv oqimining tezligi 0,5 m/sek dan oshmaydi. Pastekislikning asosiy daryosi Ob hisoblanadi. U Oltoy togʻlaridan boshlanuvchi Biya va Katun daryolarining qoʻshilishidan hosil boʻladi. Ob havzasining maydoni 3 mln. km2 ga yaqin, uzunligi 4345 km, oʻrtacha yillik suv sarfi quyi oqimida 12500 m3 /sek. ga teng. Ob havzasiga deyarli oʻlkaning barcha hududi kiradi. Faqat Pur va Taz daryolari kichik boʻlsada, oʻzlarining mustaqil havzalariga ega. Bulardan tashqari Ob daryosining Irtish, Ishim, Tobol, Tom kabi yirik sersuv irmoqlari mavjud. Daryolar qor, botqoqlik, yomgʻir va grunt suvlari bilan toʻyinadi. Ob va Irtish daryolarida Novosibirsk, Ust-Kamenogorsk, Buxtarma GES lari qurilgan. Kemalar qatnovi uchun qulay boʻlgan daryo yoʻllarining uzunligi 20 000 km dan koʻp. Oʻlkaning janubiy qurgʻoqchil dashtlarida daryolar suvidan qishloq xoʻjalik yerlarini sugʻorishda foydalaniladi. Gʻarbiy Sibirda 1 mln. ga yaqin koʻllar boʻlib, ularning umumiy maydoni 100000 km2 dan oshadi. Bu yerdagi koʻllarning barchasi mayda koʻllar hisoblanadi. Ulardan eng kattasi Chani (2600 km2 ) va Qulunda (600 km2 ) koʻllaridir. Oʻlkadagi koʻllar hosil boʻlishiga koʻra termokarst, muzlik, morena-muzlik, qayir, suffozion yoki tektonik koʻllar tipiga kiradi. Tundra va oʻrmon-tundrada termokarst, muzlik, oʻrmonlar zonasida morena-muzlik, oʻrmon-dasht va dasht zonalarida suffozion yoki tektonik, barcha daryo vodiylarida qayir koʻllari keng tarqalgan. Gʻarbiy Sibir pastekisligining tuproq va oʻsimlik qoplamida Sharqiy Yevropa tekisligiga oʻxshash kenglik zonallik yaxshi namoyon boʻladi. Uning shimolida qattiq iqlim sharoitida gleyli tundra tuproq tipi tarkib topgan. Biroq, ularning shakllanishida mikroorganizmlarning va biokimyoviy jarayonlarning roli unchalik katta emas. Janubda katta maydonlarni egallagan oʻrmonlar tagida podzol va botqoq tuproqlar keng tarqalgan. Bu tuproqlar koʻp yillik muzloqlar ustida hosil boʻlganligi tufayli geokimyoviy elementlarning migrasiyasi juda sekin davom etadi. Pastekisliklarning oʻrmon-dasht va dasht tuproqlari oʻziga xos xususiyatlari bilan ajralib turadi. Masalan, bitta landshaft zonasidagi suvi yaxshi oqib ketadigan nishabli joylarda tarkibida 12% gacha chirindi boʻlgan qora tuproqlar, grunt suvlari yer yuzasiga yaqin yotgan joylarda oʻtloqli-qora tuproqlar, pastqam yerlarda esa botqoq tuproqlar taraqqiy etgan. Dashtlarda bulardan tashqari shoʻr va shoʻrxok tuproqlar ham uchraydi. Tuproq turlarining xilma-xilligi pastekislikning oʻsimlik qoplamiga va uning rang-barangligiga taʼsir etgan. Eng koʻp tarqalgan oʻsimlik turi asosan igna barglilardan Sibirga xos boʻlgan pixta, kedr, archa, tilogʻoch va qaragʻaylardan tarkib topgan. Oʻrmonlarning tarkibini 24,5% ini qaragʻayzorlar, 22,6% ini qayinzorlar, kamroq qismini qoramtir tayga oʻrmonlari (kedr, pixta, yel) tashkil etadi, keng barglilardan faqat joʻka (lipa) daraxti oʻsadi. Pastekislikning eng shimolidagi tundra zonasida mox, lishaynik va butalar, janubidagi dasht zonasida esa chalov, betaga, turli xil boshoqli oʻsimliklar tarqalgan. Gʻarbiy Sibir Paleoarktikaning Yevropa-Sibir kichik zoogeografik oʻlkasiga qaraydi. Bu yerda 478 tur umurtqali hayvonlar, shulardan 80 turi sutemizuvchilar yashaydi. Oʻlka faunasi oʻzining tarkibiga koʻra Rossiya tekisligi faunasidan kam farq qiladi. Faqat sharqiy qismida qoʻshni oʻlkalarga xos boʻlgan Jungʻoriya olmaxoni, burunduqlar uchraydi. Boshqa rayonlarga xos hayvonlardan Amerika norkasi, ondatra, rus quyoni kabilar iqlimlashtirilgan. Gʻarbiy Sibir pastekisligida landshaft zonalari yaqqol ifodalangan, lekin ularning soni jihatdan Yevrosiyo oʻlkasi ichida Sharqiy Yevropa tekisligidan keyin ikkinchi oʻrinda turadi. Bu yerda shimoldan janubga tomon tundra, tayga, oʻrmon-dasht va dasht zonalari bir-biri bilan almashinadi. Gʻarbiy Sibir tabiiy resurslarga nihoyatda boy. Uning asosiy boyligi - birinchidan oʻrmonlar boʻlsa, ikkinchidan neft va tabiiy gazdir. Oʻlkada oʻrmonlar bilan qoplangan maydon 80 mln. ga ni, yogʻoch zahirasi 10 mlrd. m3 ni va yillik oʻsish 110 mln. m3 ni tashkil etadi. Bulardan tashqari foydali qazilmalardan temir, marganes rudalari, qoʻngʻir koʻmir konlari topilgan. Torf zahirasi juda katta. Pastekislikning oʻrmon-dasht va dashtlaridagi qoʻriq yerlar oʻzlashtirilgan. U yerlarga bugʻdoy, makkajoʻxori, qand lavlagi ekiladi. Chorvachilik yaxshi taraqqiy etgan. Oʻrmonlardan har yili 500000 tonna kedr yongʻogʻi yigʻib olinadi. Oʻtloq va pichanzorlar chorvachiliqni rivojlantirishda katta ahamiyatga ega.
Havolalar
tahrir- https://uz.vogueindustry.com/17207816-gydan-peninsula-deposits-climate-territory-reserve-on-the-gydan-peninsula
- https://uz.wikipedia.org/wiki/Kara_dengizi
- https://uz.wikipedia.org/wiki/To%CA%BBrg%CA%BBay_platosi
- https://uz.wikipedia.org/wiki/O%CA%BBrta_Sibir_yassitog%CA%BBligi
- https://uz.wikipedia.org/wiki/Oltoy_tog%CA%BBlari
- https://uz.wikipedia.org/wiki/Ural_Tog%27lari
- https://uz.wikipedia.org/wiki/Ob_(daryo)
- https://uz.wikipedia.org/wiki/Irtish
- https://uz.wikipedia.org/wiki/To%E2%80%98bil_(daryo)
- https://uz.wikipedia.org/wiki/Ishim
- https://uz.wikipedia.org/wiki/Yenisey
- https://uz.wikipedia.org/wiki/Vasyugan_tekisligi
- https://uz.wikipedia.org/wiki/Yamal_yarimoroli
- https://uz.wikipedia.org/wiki/Sibir_antitsikloni
Manbalar
tahrir- T. V. Vlasova. Materiklar tabiiy geografiyasi (okeanlar tutash qismlari bilan birga)- Oʻqituvchi. T., 1981[1]
- X.Vaxobov, A. A. Abdulqosimov, N. R. Alimkulov MATERIKLAR VA OKEANLAR TABIIY GEOGRAFIYASI -Toshkent ,2021[2]
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |