Gemorragik isitma – temperatura koʻtarilishi, teri ostiga va ichki aʼzolarga qon quyilishi bilan davom etadigan virusli kasalliklar guruhi. Gemorragik nefrozonefrit, Qrim gemorragik isitmasi, Omsk gemorragik isitmasi va boshqa xillari bor. Kasallik virusi yumronqoziq, dala sichqoni va boshqa kemiruvchilarda boʻlib, ulardan odamga turli yoʻllar bilan (kemiruvchilar tezagi bilan ifloslangan oziq-ovqat, suv orqali, shuningdek kana chaqqanda) yuqadi mumkin. Kasallikning barcha shakllarida qaltirash, isitmalash, bosh ogʻrigʻi, darmon qurishi, terida mayda qon quyilishlar (toshmalar) kuzatiladi: burun, milk qonaydi, ayrim aʼzolar, jumladan buyraklar zararlanadi, shu sababdan bel qattiq ogʻrib, bemorga tinchlik va uyqu bermaydi. Kasallik yengil kechganida bemor isitmalaydi, lekin qon oqishi va buyrak zararlanishi kuzatilmaydi. Kasallikning hamma xilida ham bemor kasalxonada davolanishi lozim. Davo kasallikning belgilariga qarab tayinlanadi, yurak va buyrak faoliyatini maromiga keltiradigan, qon oqishini toʻxtatadigan va boshqa doridarmonlar buyuriladi. Gemorragik isitmaning oldini olish uchun kemiruvchilarni qirish, oziq-ovqatni jips berk idishda saqlash, kanani yoʻqotish kerak.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil