Gipoteza (qadimgi yunoncha: ὑπόθεσις - hypothesis — asos, taxmin) — hodisalarning qonuniy (sababli) bogʻlanishi toʻgʻrisidagi taxminan mulohaza, faraz. Gipoteza ilmiy bilishni rivojlantirish uchun asos boʻladi. Gipotezaning mantiqiy jihatdan tahlil qilish (taqqoslash, analiz va sintez, mavhumlashtirish va umumiylashtirish) asosida bevosita bilimga oʻtish, sababiy bogʻlanish asosida qonuniyatlarni ochish kabi bosqichlari bor. Umumiy gipoteza bir guruh hodisalar, jarayonlar xususiyati va sababi toʻgʻrisidagi, xususiy gipoteza alohida, yakka hodisalar, jarayonlar sababi toʻgʻrisidagi taxmindir. Har qanday gipoteza tekshirishni talab qiladi. Natijada uning ehtimolligi ortadi yoki kamayadi, haqiqatligi isbotlanadi yoki rad etiladi. Yangi faktlarni eski nazariyalar bilan izohlash mumkin boʻlmaganda, cheklangan miqdordagi faktlar va kuzatishlarni izohlashda gipotezaga ehtiyoj tugʻiladi. U keyingi bilimlarga, tekshirishlarga yoʻl ochadi, yangi nazariyalar esa yana boshqa gipotezani tugʻdiradi. Gipoteza bilish jarayonining ajralmas qismi sifatida muhim ahamiyatga egadir.

Yuridik fanlar tizimida esa, gipoteza huquq normasining bir qismi boʼlib, unda dipozitsiyada koʼrsatilgan qoidaning kuchga kirishi uchun zarur boʼlgan aniq hayotiy holat (voqea, harakat, hodisalar) oʼz ifodasini topadi”. Shuningdek, gipoteza huquq normasining harakatini, amal qilish shartini koʼrsatuvchi (vaqt, joy, subʼekt va boshqalar) yuridik faktlarni ifoda etuvchi tarkibiy qism sifatida ham eʼtirof etiladi. Taʼkidlash lozimki, gipoteza matni “agar”, “agarda”, “u holatda” kabi soʼzlari yoki shunga yaqin soʼzlar bilan boshlanishi ham mumkin.

Gipoteza o'z navbatida quyidagi turlarga bo'linadi: oddiy, murakkab ava alternativ.

Huquq normalarining amal qilishi bilan bogʼliq boʼlgan bitta shart-sharoit aks etgan gipoteza oddiy gipoteza hisoblanadi. Masalan, Prezident Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi yigʼilishida qasamyod qabul qilgan paytdan boshlab oʼz lavozimiga kirishgan hisoblanadi (Oʼzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, 92-modda

Murakkab gipotezada esa huquq normasining amal qilishi ikki yoki undan ortiq holatlarning mavjud yoki mavjud emasligiga bogʼliq ekanligi koʼrsatiladi Masalan, “Voyaga yetgan, mehnatga layoqatli farzandlar oʼz ota-onalari haqida gʼamxoʼrlik qilishga majburdirlar” (Oʼzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, 66-modda).

Аlternativ (muqobil) gipoteza esa huquq normalarining amal qilishi sanab oʼtilgan shart-sharoitlardan biriga bogʼliq ekanligini bayon etadi.

Yana qarang

tahrir

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil