Gulara Ibrohimxalil qizi Gadirbeyova (qizlik familiyasi: Afandiyeva[1]; 1903-yilda tugʻilgan – 1942-yilda vafot etgan) – ozarbayjonlik ayollar huquqlari faoli va siyosatchi (kommunist). Pedagogik va jurnalistik faoliyat bilan ham shugʻullangan, turli nashrlarda bir nechta maqolalari chop etilgan. Ozarbayjondagi „Azərbaycan qadını“ birinchi ayollar jurnali (1923–1937) bosh muharriri boʻlgan. 1930–1937-yillarda Ozarbayjon ayollar harakati tashkiloti Ali Bayramov klubining raisi lavozimida ham faoliyat yuritgan.

Gulara Gadirbeyova
Tavalludi 1903
Vafoti 1942
Sibir, USSR
Fuqaroligi Rossiya Imperiyasi, Ozarbayjon Demokratik Respublikasi va SSSR
Kasbi jurnalist, pedagog, siyosatchi

Gadirbeyova Stalin qatagʻonlari davrida inqilobiy tashkilotga aʼzolikda ayblanib qamoqqa olingan, soʻngra Sibirga surgun qilingan. Uning keyingi hayoti va oʻlimi haqida aniq maʼlumotlar mavjud emas.

Biografiyasi

tahrir

Yoshlik yillari

tahrir

Gulara Gadirbeyova 1903-yilda Nuxa tumani (hozirgi Shaki tumani) Baş Göynük qishlogʻida tugʻilgan[1][2]. Manbalarda uning oilasi tumandagi badavlat va obroʻli oilalardan biri boʻlganligi, otasi esa oʻtmishda katta yer egasi boʻlib ishlagani qayd etilgan. Keyinchalik, otasi Göynükning mahalliy zodagonlari tomonidan oʻldirilgani haqida maʼlumotlar keltirilgan[3]. 1920-yilda Gulara Shakida ochilgan pedagogika kurslariga oʻqishga kirib, oʻsha yerda oʻqishini tamomlagan. Shundan keyin oʻqituvchilik qilish imkoniyatiga ega boʻlgan[2]. U qishloqda qizlarga dars bera boshlagan, shuningdek, jamoat ishlariga ham oʻz hissasini qoʻshib kelgan[1].

Karyerasi

tahrir

Gulara Gadirbeyova Shamkir (oʻsha paytda Shamxor deb atalgan) va Qubo shaharlaridagi Xotin-qizlar boʻlimiga rahbarlik qilgan. 1927-yilda Ozarbayjon Markaziy Ijroiya Qoʻmitasining Xotin-qizlar boʻlimi mudiri etib tayinlangan[3][4]. Bir muddat Ozarbayjon Xalq Maorif Komissarligida Ommaviy madaniy-maʼrifiy ishlar boʻlimi boshligʻi lavozimida ham xizmat qilgan[4]. 1936-yil 7-yanvarda SSSRning yetakchi gazetasi hisoblanmish „Pravda“da Gulara Gadibeyova haqida maqola eʼlon qilingan[5].

Gadirbeyova jamiyatda ayollar ozodligi gʻoyasini ilgari surish maqsadida matbuotda tez-tez chiqish qilib turgan. Tumanlarda ishlagan yillarida „Yeni fikir“ (Yangi fikr), „Kandli qazeti“ (Qishloq gazetasi) va boshqa nashrlar faoliyatiga oʻz hissasini qoʻshgan[1]. 1923-yilda „Azerbaijan gadini“ jurnali nashr etila boshlaganida 20 yoshli Gulara oʻz maqolalari bilan shuhrat qozonib, gazetaning birinchi ayol muxbirlaridan biriga aylangan[1]. 1931-yilning may oyida Gadirbeyova „Azerbaijan gadini“ jurnaliga muharrir etib tayinlangan. U oʻz maqolalarini „Koylu gizi“ taxallusi bilan yozgan. 1932-yildan 1937-yilga qadar Ali Bayramov nomidagi ayollar klubi direktori boʻlib ishlagan[4].

Gulara Gadirbeyova 20 yoshida tumandagi Xotin-qizlar boʻlimiga mudir etib tayinlangan[4]. Shu davrdan boshlab Ozarbayjonda xotin-qizlar ozodlik harakatining kashshoflaridan biriga aylangan[1]. 1923-yilda Ozarbayjon Kommunistik partiyasiga aʼzo boʻlib, Shaki tuman partiya qoʻmitasida faoliyat yuritgan[3].

Hibsga olinishi va surgun qilinishi

tahrir

Stalin repressiyasi davrida Gadirbeyova faoliyati millatchilik va antisovet tashviqoti sifatida talqin qilindi[3]. Buning dastlabki sabablaridan biri 1936-yilda Ali Bayramov klubining 15 yilligi munosabati bilan Gadirbeyova muharrirligida „The History of a Palace“ (Bir saroy tarixi) kitobining nashr etilishi edi. Kitob millatchilik nuqtai nazaridan yozilgan asar sifatida qattiq tanqidga uchradi va tezda yuqori idoralar eʼtiborini tortdi. Bundan tashqari, Gadirbeyovaning Husayn Jovid, Ahmad Javod va Seyid Husayn kabi ozarbayjon millatchilari bilan doʻstligi ham uning millatchilikda ayblanishiga sabab qilib koʻrsatilib, „qoʻporuvchi tashkilotning faol aʼzosi“ boʻlganlikda ayblandi[5].

1937-yilda Hamid Sultonov va Mirza Mammad Gasimovlar ushbu qoʻporuvchi tashkilot aʼzolari sifatida guvohlik berishdi. Jumladan, Gulara Gadirbeyova ham oʻz koʻrsatmalarida shu tashkilot aʼzosi ekanligini eslatib oʻtgan edi. Mirza Mammad Gasimovning koʻrsatmasida Gadirbeyova qoʻporuvchilik tashkiloti aʼzosi ekanligini va ushbu tashkilotga Ibrohim Tagiyev tomonidan jalb qilinganligini aytgan. Hamid Sultonov esa Gadirbeyovaning tashkilot aʼzosi boʻlganini va unga Mirza Mammad Gasimov tomonidan jalb qilingan deya ma'lumot bergan[6]. Gadirbeyovaning javobgarlikka tortilishining yana bir sababi Bilgeis Hoshimzodaning 1937-yil 25-fevral va 17-iyulda Mir Jafar Bagirovaga yozgan arizalaridir. Bu hujjatlarda u Gadirbeyovaning oʻsha paytda hibsda boʻlgan millatchi yozuvchilar Ahmad Javod va Husayn Jovid, shuningdek, Tamara Solikova, Senuber Ayubova, Xaver Karayeva va Xadicha Huseynovalar bilan aloqalari borligini qayd etgan[6].

1938-yil 23-iyulda Gulara Garibeyovani hibsga olish toʻgʻrisida L-956-sonli buyruq chiqarilgan. 26-iyul kuni Ismoilliy tumani Basqal qishlogʻida onasining dafn marosimida qatnashayotgan vaqtida Gadirbeyova hibsga olingan. Rasmiy order 27-iyul kuni chiqarilgan boʻlsa-da, u bu vaqtda allaqachon hibsga olingan edi[6].

1938-yilning noyabr oyida Bilgeis Hoshimzoda Gadirbeyova bilan bogʻliq ish boʻyicha guvoh sifatida soʻroq qilindi. U oʻz koʻrsatmasida mahkum haqida batafsil maʼlumot berdi. Uning soʻzlariga koʻra, Gularaning ukasi Karim Gaziyev „Musovot“ partiyasining faol aʼzosi sifatidagi inqilobiy faoliyati uchun qamoqqa tashlangan va surgun qilingan. Shuningdek, u Gadirbeyova muharrirligida chop etilgan „The History of A Palace“ (Bir saroy tarixi) kitobi musovotchilik gʻoyasi ruhida yozilganini ham taʼkidlagan[6].

1938-yilda Gadirbeyova 4 marta – 15-avgust, 31-oktyabr, 15-noyabr va 21-noyabrda soʻroqqa tutilgan va har bir soʻroq paytida oʻziga qoʻyilgan barcha ayblovlarni inkor etgan[6]. 1939-yil 20-yanvarda Gadirbeyova ishi boʻyicha tergovni yakunlash toʻgʻrisida bayonnoma tuzilgan boʻlib, Ozarbayjon SSR Jinoyat kodeksining 72 va 73-moddalari bilan ayblangan. Unga qoʻyilgan ayblovlar oʻsha yilning fevral oyida SSSR Ichki ishlar komissari huzuridagi Maxsus maslahat kengashi tomonidan maʼqullangan. 9-iyun kuni Gadirbeyovani 5 yil muddatga hibsxonaga joʻnatish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan[6].

Keyingi hayoti va oʻlimi

tahrir

Gadirbeyovaning keyingi hayoti haqida hech qanday maʼlumot mavjud emas. Baʼzi maʼlumotlarga koʻra, u 1942-yilda surgun paytida muvaffaqiyatsiz operatsiya paytida vafot etgan. Gulara Gadirbeyova bilan bir lagerda boʻlgani haqida maʼlumot bergan Tehron Shamseddinskayaning soʻzlariga koʻra, Gadirbeyova appenditsitdan aziyat chekkan deb taxmin qilingan va ikki marta jarrohlik operatsiyasini oʻtkazgan. Uning soʻzlariga koʻra, Gadirbeyova 1942-yil 29-dekabrda Tomskaya vokzalidagi kasalxonada uchinchi jarrohlik operatsiyasidan soʻng professional shifokorlar va hamshiralar nazoratiga hamda tegishli tibbiy jihozlarga ega boʻlmagan kasalxonada vafot etgan[3].

1950-yilning oktyabr oyida vazir oʻrinbosari polkovnik Karimovga yozilgan hisobotda mahkum Gadirbeyova 1942-yil may oyida gʻoyib boʻlganligi hamda DTK va SSR prokuraturasining 1948-yil 28-oktyabrdagi qarori asosida uni qayta qamoqqa olish kerakligi aytilgan. Karimov, shuningdek, Gadirbeyovaning qamoq muddati tugaganidan keyin gʻoyib boʻlgani va uni qidirib, qaytadan qamoqqa olish kerakligini ham bildirib oʻtgan[6].

1957-yil 13-sentyabrda Ozarbayjon SSR vakili Ismoilov Gadirbeyova ishi boʻyicha apellyatsiya arizasi bilan murojaat qilib, 1939-yilgi Maxsus Kengash qarorini jinoiy dalillar yoʻqligi sababli bekor qilishni talab qilgan. Keyinchalik 10-oktyabr kuni Ozarbayjon SSR Oliy sudining jinoyat ishlari boʻyicha kollegiyasi soʻrovni qanoatlantirgan va Gadirbeyova o'ziga qoʻyilgan ayblovlardan toʻlaqonli oqlangan[6].

Shaxsiy hayoti

tahrir

Gulara Gadirbeyova Ahmad Gadirbeyovga turmushga chiqqan. Keyinchalik eri bilan ajrashgan boʻlsa-da, erlik familiyasini saqlab qolgan. Uning ikkinchi turmush oʻrtogʻi Osef Rahmonov uzoq vaqt xavfsizlik xizmatida faoliyat yuritgan va qatagʻon davrida qamoqqa olinib, 1938-yil 3-yanvarda otib tashlangan[5]. Gadirbeyovaning ukasi Karim Gaziyev „Musovot“ partiyasining faol aʼzosi boʻlganligi sababli surgun qilingan[5].

Merosi

tahrir

Bugungi kunda Baş Göynük qishlogʻidagi maktab[6][7] va Bokuning Narimanov tumanidagi koʻcha[8][9] Gulara Gadirbeyova nomi bilan ataladi.

Manbalar

tahrir
  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 1,5 Shayman. „Güllələnən xanım jurnalist: Gülarə Köylüqızı "37"-nin qurbanı oldu“ (az). "Sharg" newspaper (2018-yil 29-avgust).
  2. 2,0 2,1 Ganjali, Sabir. Woman, beauty and sanctity (az). Baku: Azərbaycan, 2001 — 153–154-bet. 
  3. 3,0 3,1 3,2 3,3 3,4 Aliyeva, Irada. „Onun maarifçilik fəaliyyəti antisovet təbliğatı kimi qələmə verildi“ (az). "Azerbaijan" newspaper (2012-yil 25-noyabr), s. 7.
  4. 4,0 4,1 4,2 4,3 Ibrahimova, Gulzar (2009), „Qadın klubları (1920-1930-cu illər)“ [Women Clubs (1920-1930s)], Baku University News. Humanities series (ozarbayjon), Baku, 102–103-bet
  5. 5,0 5,1 5,2 5,3 Hamida, Nizamigizi. „Göylü qızının acı sonu“ (az). Mədəniyyət (2012-yil 1-iyun).
  6. 6,0 6,1 6,2 6,3 6,4 6,5 6,6 6,7 6,8 Bunyadov, Ziya. Qırmızı terror (az-cyrl). Baku: Azernashr, 1993 — 67–72-bet.  Manba xatosi: Invalid <ref> tag; name ":3" defined multiple times with different content
  7. Abdullayeva, Sevinc. „Azərbaycanın dövlətçilik və mədəniyyət tarixində Şəkinin yeri və rolu“ (az). 525-ci qəzet (2015-yil 3-aprel).
  8. „Mənim küçəm | Azərbaycan Respublikası Bakı Şəhəri Nərimanov Rayon İcra Hakimiyyəti“. narimanov-ih.gov.az. Qaraldi: 2024-yil 6-mart.
  9. „Küçənin adı başqadır – şəxsiyyət vəsiqəsində qeydiyyatda isə bir başqa yazılır – VİDEO“ (az). Milli.Az (2017-yil 15-fevral). Qaraldi: 2024-yil 6-mart.