Historia Regum Britanniae (Britaniya qirollari tarixi) — tahminan 1136-yilda Monmouth'lik Geoffrey tomonidan yozilgan psevdotarixiy Britaniya tarixidir. Asar dastlab De gestis Britonium (Britonlar amallari to'g'risida) deb nomlangan. Unda Britaniya qirollarining hayoti va faoliyatining salkam ikki ming yillik faoliyati, dastlab Troyaliklarning Britan millatiga asos solinishidan boshlab, milodiy VII asrda anglo-saksonlar Britaniyaning katta qismi ustidan o'z nazoratlarini o'rnatishigacha bo'lgan davr yoritilgan. Kitob o'rta asrlar Britaniyasi haqida ma'lumot beruvchi eng markaziy manbadir.

Historia Regnum Britanniae'ning XV asrdagi qo'lyozmalaridan biridagi tasvir. Unda Vortigern va Ambros (V asr Britaniya lashkarboshilari) ajdarlar jangini tomosha qilayotgani tasvirlangan.

Garchi XVI asrgacha tarixiy manba sifatida qabul qilingan bo'lsada, bugungi kunda kitobni tarixiy ahamiyati mavjud emas. Kitobdagi ba'zi voqealar, masalan Julius Caesar'ning Britaniyaga yurishlari o'sha davr manbalari bilan tasdiqlanishi mumkin bo'lsada, bugungi kunda kitobdagi tarixiy voqealarning voqelikka to'g'ri kelmasligi asoslangan. Lekin kitob bugungi kunda ham o'rta asrlar adabiyotining eng yorqin namunalaridan biri sifatida qadrlanadi va unda Qirol Lear hamda uning uch qizlari afsonasining eng qadimgi ko'rinishi mavjud. Qolaversa, kitob Qirol Arthur afsonasining ommalashishiga katta hissa qo'shgan.

Bag'ishlov

tahrir

Geoffrey kitobni yozishdan maqsadini avvalo quyidagicha keltiradi: "Men bu yerda Masihdan oldin hukmronlik qilgan qirollar haqida, qolaversa undan keyin kelgan Arthur va boshqalar haqida hech nima topa olmadim. Lekin bu insonlarning qilmishlari shu qadar ediki, ular oxirzamonga qadar esda saqlanishga munosib." Geoffrey bu davr tarixi haqidagi manbani Oksford arxidiakoni Walterdan olganini, Walter unga britan tilida yozilgan qadimiy bir kitob taqdim qilganini va u aynan shu manbadan o'z tarixini tarjima qilib yozganini aytadi. U shuningdek Gildas va Bede kabi kishilarni ham o'ziga manba sifatida keltiradi. Keyin Gloucester grafi Robert va Meulan grafi Walderan nomlariga bag'ishlovlar keltiriladi. Muallif o'z hikoyasini sayqallashda ularning zakovatlaridan foydalanganini ta'kidlaydi.[1]

Birinchi kitob

tahrir

Historia Troyalik Aeneas hikoyasi bilan boshlanib, Vergilius'ning Aeneid dostoniga ko'ra, Aeneas Troya urushidan keyin Italiyaga kelib o'rnashadi. Keyin uning ajdodi Brutus mamlakatdan haydaladi va bir muddat sargardonlikdan keyin iloha Diana yo'rig'ida u g'arbiy okeanda joylashgan bir orolga borib o'rnashadi. Brutus Totnesga (janubi-g'arbiy Angliyadagi manzilgoh) kelib tushadi va o'sha davrlarda Albion deb atalgan orolga o'z ismidan kelib chiqqan "Britannia" nomini beradi. Brutus o'sha davrda orolning yolg'iz istiqomatchilari bo'lmish bahaybat maxluqlarni yengadi, Temza daryosi bo'yida yangi poytaxt — "Troia Nova" ("Yangi Troya") shahriga asos soladi. Bu shahar keyinchalik Trinovantum, nihoyat London deb nomlanadi.

Ikkinchi kitob

tahrir

Brutus vafotidan keyin uning uch o'g'li, Locrinus, Kamber va Albanactus mamlakatni uchga bo'lib olsihadi; bu uch qirollik Loegria, Kambria (Severn daryosidan shimol va g'arbda Humbergacha) va Albany (Shotlandiya) deb nomlanadi. Keyin hikoyada Locrinus ajdodlari haqida ma'lumotlar keltiriladi. Ulardan biri Bladud bo'lib, u sehrgarlikdan foydalanib uchishga ham urinadi, lekin jarayonda halok bo'ladi.

Bladud'ning o'g'li Leir (Lir) oltmish yil hukm suradi. O'g'illari bo'lmagani tufayli, keksayishi bilan Leir o'z qirolligini uchga bo'lib, uch qizi - Goneril, Regan va Cordelia uchun bo'lib berishga qaror qiladi. Qaysi biriga eng katta bo'lagini berishga ikkilangan Leir ularning har biridan uni qanchalar yaxshi ko'rishini so'raydi va bu savolga Goneril va Regan balandparvoz va xushomadgo'y javob beradi. Cordelia esa sodda va samimiy javob beradi. Bundan jahli chiqqan Leir Cordeliaga yer bermaslikka qaror qiladi. Goneril va Regan o'z qayliqlari - Albany va Cornwall gertsoglari bilan birgalikda orolning har ikkala yarmiga ega chiqishlari belgilanadi. Cordelia esa franklar qiroli Aganippus'ga turmushga chiqadi va Galliyaga jo'nab ketadi. Ko'p o'tmay Goneril va Regan o'z qayliqlari bilan bosh ko'taradi va butun qirollikka ega chiqadi. Barcha xizmatkorlaridan ham judo bo'lgan Leir Cordelia'ga nisbatan qilgan qilmishlaridan afsuslanadi va Galliya tomonga safarga chiqadi. Cordelia otasini ochiq yuz bilan kutib oladi, unga qirollarga xos munosabat ko'rsatadi. Aganippus Leir uchun gallardan iborat qo'shin yig'ib beradi. Leir esa bu qo'shin bilan Britaniyaga qaytadi, kuyovlarini mag'lub qilib, qirollikni ulardan tortib oladi. Leir uch yil taxtda o'tirib, keyin vafot etadi. Cordelia otasidan keyin taxtni meros qilib oladi va besh yil hukmronlik qiladi. Undan keyin opalarining o'g'illari — Marganus va Cunedagius Cordeliaga qarshi isyon ko'tarishadi. Ular Cordeliani zindonband qilishadi; qayg'uga berilgan Cordelia o'z joniga qasd qiladi. Marganus va Cunedagius qirollikni bo'lib olishadi, biroq tezda janjallashib, bir-biri bilan urushga borishadi. Oxir-oqibat Cunedagius Uelsda Marganus'ni o'ldiradi va butun qirollikka ega chiqadi. O'ttiz uch yil hukmronlik qilgan Cunedagius keyin qirollikni o'g'li Rivallo uchun qoldiradi.

Cunedagius'ning keyingi avlodlaridan biri — qirol Gorboduc'ning Ferreux va Porrex ismli o'g'illari bo'ladi. Ular bir-birlari bilan janjallashadi va oxir-oqibatda ikkisining ham o'ldirilishi mamlakatda fuqarolar urushiga sabab bo'ladi. Buning oqibatida Britaniya besh qirollar hukmi ostidagi besh qirollikka bo'linib ketadi va bu besh qirol bir-biriga tinimsiz hujum qiladi. Ularning orasida Kornuoll qiroli, Cloten'ning o'g'li Dunvallo Molmutius eng qudratlisi edi. U oxir-oqibatda qolgan qirollarni mag'lub qiladi va butun orol ustidan o'z nazoratini o'rnatadi. U afsonalarga ko'ra "Molmutin qonunlarini joriy qilgan bo'lib, bu qonunlar bugungi kunda ham inglizlar orasida mashhurdir."

Uchinchi kitob

tahrir

Dunvallo'ning o'g'illari, Belinus va Brennius orasida fuqarolar urushi sodir bo'ladi va oxir-oqibatda ularni onalari yarashtiradi. Keyinchalik ular birgalikda Rimni talashadi. Rim ustidan g'alabadan keyin Brennius Italiyada qoladi, Belinus esa Britaniya ustidan hukmronlik qilish uchun vataniga qaytadi.

Undan keyin bir necha qirollar haqida qisqacha ma'lumotlar keladi. Masalan, ular orasida Lud ismli qirol bo'lib, u Trinovantum shahri nomini "Kaerlud" deb o'zgartiradi va oxir-oqibatda bu nom "London" nomiga aylanadi. Lud o'g'illari Androgeus va Tenvantius voyaga yetmagani tufayli, Luddan keyin hokimiyat uning ukasi Cassivellaunus qo'liga o'tadi. Ovutish maqsadida Lud o'g'illaridan Androgeus Kent va Trinovantum (London) gertsogi, Tenvatius esa Kornuoll gertsogi etib belgilanadi.

To'rtinchi kitob

tahrir

Galliya istilosidan keyin, Julius Caesar dengiz ortidan Britaniya tomonga boqadi va britanlarni Rimga bo'ysundirishga qaror qiladi. Lekin uning buyruqlariga Cassivellaunus rad xati bilan javob beradi. Caesar o'z floti bilan Britaniya tomonga suzadi, Cassivellaunus qo'shinining hajmi uni ortga, Galliya tomonga chekinishga majbur qiladi. Ikki iyl o'tib u yana Britaniyaga hamla qiladi, lekin bu safar ham uning hujumi besamar ketadi. Keyin Cassivellaunus gertsoglaridan biri Androgeus bilan tortishib qoladi. Oqibatda Androgeus Caesar'ga xat yuborib, o'z sha'ni toptalganini va Caesar kelib, unga o'z sha'nini qayta tiklashida ko'maklashishini so'rab xat yozadi. Caesar yana bir marotaba Britaniyaga bostirib keladi va Cassivellaunus'ni bir tepalikda qamal qiladi. Bir necha kun o'tib Cassivellaunus Caesar bilan sulh tuzishni taklif qiladi va afsus-nadomatga to'lgan Androgeus Caesar huzuriga borib, shafqat qilishini so'raydi. Cassivellaunus Caesar'ga o'lpon to'laydi va u bilan sulh tuzadi. Shundan keyin Caesar Galliyaga qaytadi.

Cassivellaunus vafotidan keyin taxt uning jiyani Tenvantius'ga qoladi, chunki Androgeus Rimga ketgan edi. Tenvantius'dan keyin uning o'g'li Kymbelinus, undan keyin esa Kymbelinusning o'g'li Guiderius taxtga keladi. Guiderius imperator Claudius'ga o'lpon to'lashdan bosh tortganidan keyin, Claudius Britaniyaga qo'shin tortadi. Guiderius rimliklar bilan jangda halok bo'lgandan keyin uning ukasi Arvirargus mudofaani davom ettiradi. Biroq u ham oxir-oqibatda Rimga bo'ysunishga majbur bo'ladi va evaziga imperatorning qizi Genvissa'ga uylanadi. Claudius esa viloyatga Arvirargusni hokim etib tayinlab, Rimga qaytadi.

Britan qirollari shajarasi Rim hukmi ostida ham davom etadi va ular orasida Britaniyaning birinchi xristian qiroli Lucius, qolaversa imperator Konstantin I, isyonkor Allectus va harbiy qo'mondon Asclepiodotus kabi personajlar mavjud. Octavius taxtni o'zining kuyovi Maximianus'ga meros qilib qoldiradi va ko'ngli cho'kmasligi uchun uning jiyani, Conan Meriadoc Bretan hukmdori etib tayinlanadi. Uzoq muddatli Rim hokimiyatidan keyin rimliklar orolni himoyalashdan bosh tortadi va Rimga qaytishadi. Darhol britanlarga pikt, skott va daniyaliklar hujum qilishni boshlaydi. Conan'ning Bretanda koloniyalar tuzish ishi, qolaversa Maximianus britanlar bilan o'z qo'shinlari safini to'ldirish amaliyoti tufayli britanlarning soni qisqarib ketgandi. Noiloj qolgan britanlar Rim qo'shinlari generaliga xat yozib, undan yordam so'rashadi, biroq ularga javob kelmaydi (kitobning bu qismi Gildas'ning De Excidio et Conquestu Britanniae asarining tegishli qismi bilan juda o'xshash).

Beshinchi va Oltinchi kitoblar

tahrir

Rimliklar jo'nab ketganidan keyin britanlar Bretan (Armorica) qiroli, Conan'ning avlodi Aldroenus'ga murojaat qilishadi va o'zlarini boshqarishini so'raydi. Lekin Aldroenus aksincha o'zining ukasi Constantine'ni britanlarni boshqarish uchun Britaniyaga jo'natadi. Constantine'ning vafotidan keyin Vortigern uning to'ng'ich o'g'li Constans'ning taxtga kelishiga ko'maklashadi. Lekin keyinchalik uning o'limini tashkillashtiradi va oqibatda taxtga o'zi ega chiqadi. Constantine'ning qolgan o'g'illari Aurelius Ambrosius va Uther hokimiyat uchun juda yosh bo'lgani sabab Armoricaga olib ketiladi. Vortigern Hengist va Horsa nomli lashkarboshilar boshqaruvi ostidagi saksonlarni mamlakatga taklif qilib, o'ziga yollanma askarlar sifatida xizmat qilishlarini taklif qiladi. Lekin saksonlar unga qarshi bosh ko'taradi. U o'z yerlarining katta qismi ustidan nazoratni yo'qotadi va Merlinga duch keladi.

Yettinchi kitob: Merlin bashoratlari

tahrir

Kitobning shu qismida Geoffrey to'satdan hikoyasini to'xtatadi va Merlinga tegishli bir qancha bashoratlar haqida yoza boshlaydi. Ba'zi bashoratlar kitobda endi keladigan personajlar haqida, ba'zilari xattoki XI-XII asr norman dunyosidagi kishilar haqida. Qolganlari esa aniq emas.

Sakkizinchi kitob

tahrir

Aurelius Ambrosius Vortigern ustidan g'olib chiqadi va uni o'ldiradi, lekin Britaniya uning va uning ukasi Uther hokimiyati ostida ham urush holatida qolaveradi. Ularning har ikkisiga ham sehrgar Merlin ko'maklashadi. Tinimsiz janglardan biri oldidan Ambrosius xastalanadi va Uther uning o'rniga qo'shinga boshchilik qiladi. Fursatdan foydalangan dushman yollanma qotilni tabib qiyofasida Ambrosius oldiga jo'natadi va u Ambrosiusni zaharlab o'ldiradi. Qirol o'lgan tunda osmonda ajdar boshi (inglizcha: Pendragon; uelscha: Pen Draig) shaklidagi kometa paydo bo'ladi. Buni esa Merlin Ambrosiusning o'limi, Utherning jangda g'olib chiqishi va taxtga o'tirishi ramzi sifatida talqin qiladi. Shunday qilib dushmanlarini mag'lub etgandan keyin Uther o'z ismiga 'Pendragon' nomini ham qo'shadi va qirol deb e'lon qilinadi.

Lekin yana bir dushman paydo bo'lib, Uther yana urushga kirishga majbur bo'ladi. Lekin bu safar u qisqa muddatga mag'lub bo'ladi va Kornuoll gertsogi Gorlois ko'magi bilan g'alaba qiladi. Lekin Uther bu g'alabani nishonlash paytida gertsogning rafiqasi Igerna'ga oshiq bo'lib qoladi. Bu Uther Pendragon hamda Kornuollik Gorlois orasida urushga sabab bo'ladi. Bu urush davomida Uther Merlin sehr-jodusi ko'magida maxfiy tarzda Igerna bilan qovushadi. O'sha qovushuv natijasida Igerna Arthurga homilador bo'ladi. Keyin Gorlois o'ldiriladi va Uther Igerna'ga uylanadi. Lekin uni yana saksonlar bilan urush kutib turardi. Oxir-oqibatda g'alabaga erishgan bo'lsada, Uther saksonlar zaharlagan buloqdan suv ichishi oqibatida vafot etadi.

To'qqizinchi va O'ninchi kitoblar

tahrir

Utherning o'g'li Arthur taxtga o'tiradi va saksonlarni shu qadar ayanchli mag'lubiyatga uchratadiki, ular Arthur o'limiga qadar unga tahdid qila olmaydi. Bu orada Arthur Shimoliy Yevropaning katta qismini istilo qiladi va mamlakatda tinch-osoyishtalik va farovonlik davri boshlanadi. Bu davr Lucius Hiberius boshchiligida rimliklar Britaniya yana Rimga boj to'lashi kerakligini talab qilishigacha davom etadi. Arthur Lucius bilan jangga kirishadi va uni Galliyada mag'lub qiladi, biroq u Britaniyada emasligida uning jiyani Mordred Guinevere'ni aldaydi, unga uylanadi va taxtga ega chiqadi.

O'n birinchi va O'n ikkinchi kitoblar

tahrir

Arthur qaytadi va Mordredni Camlann jangida mag'lub qiladi va o'ldiradi. Biroq, yaralangan Arthur Avalon oroliga olib ketiladi va taxtni jiyani, Kornuoll gertsogi Cador o'g'li Constantine'ga qoldiradi.

Arthur o'limidan keyin saksonlar ham qaytishadi, biroq britan qirollari shajarasiga yakun yasay olishmaydi. Bu qirollar shajarasi Cadwallader o'limiga qadar davom etadi. Cadwallader Britaniyani tashlab chiqishga majbur bo'ladi va Armorica qiroli Alan'dan ko'mak so'raydi. Lekin farishta ovozi unga britanlarni qo'yib, Rimga borishi kerakligini aytadi. Cadwallader farishta aytganidek qiladi, lekin qolgan britanlarni boshqarishni o'g'li va jiyaniga qoldiradi. Qolgan britanlar Uelsga siqib chiqariladi va sakson Athelstan Leogria qiroli sifatida ko'tariladi.

Manbalar

tahrir
  1. Thorpe, Lewis G.M. „Dedication“, . The History of the Kings of Britain. New York: Penguin Books, 1966 — 51-52-bet. ISBN 0-14-044170-0.