Ibn Qosim
Al-Abbodiy, Ibn Qosim (arabcha: العبادي، بن قاسم – Shihobuddin Ahmad ibn Qosim as-Sabbogʻ al-Abbodiy ash-Shofeʼiy al-Azhariy al-Misriy) – nahv olimi, shofeʼiy faqihi.
Ibn Qosim | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Vafoti |
milodiy 1586-yil (hijriy 994-yil) |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | nahv olimi, shofeʼiy faqihi |
Hayoti
tahrirOʻz davrining eng yetuk nahv olimi boʻlgan al-Abbodiy, Ibn Qosim arab grammatikasiga doir asarlarga yozgan sharhlari bilan mashhur boʻlgan. Misrda Nosir Muhammad al-Laqoniy, Shihobuddin al-Bursiy va Qutbuddin Iso as-Safaviy kabi oʻz davrining mashhur nahv olimlaridan tahsil olgan. Muhammad ibn Dovud al-Maqdisiy va boshqa koʻplab shogirdlar yetishtirgan. Al-Abbodiyning vafotiga oid biografik maʼlumotlar ixtilofli boʻlib, 1586-yilda haj ziyoratidan qaytayotganda vafot etgan deyilsa, baʼzi manbalarga koʻra, hijriy 992-yilda (milodiy 1584) Makkada dunyodan oʻtganligi aytiladi.
Shuningdek, uning turli ilmlarga bagʻishlangan asarlar yozgani haqida maʼlumotlar mavjud. Biroq u oʻz davrining odatlariga muvofiq asar tasnif qilishdan koʻra, oʻzidan avval yashagan mashhur olimlarning asarlariga sharh va hoshiyalar yozish bilan tanilgan.
Asarlari
tahrir- „Al-Āyāt al-bayyināt“. Mazkur asar Tojuddin as-Subkiyning usul al-fiqhga doir „Jam’ al-javāmi’“ nomli asariga Jaloluddin al-Mahalliy tomonidan yozilgan sharhga hoshiya. Bu asar „Hāshiya Ibn Qāsim al-Abbādӣ ’alā sharh jam’ al-javāmi’ fӣ usӯl al-fiqh“ deb ham ataladi.
- „Hāshiya ’alā sharh al-Varaqāt“. Ushbu asar Abu-l-Muallo al-Juvayniyning „al-Varaqāt fӣ usӯl al-fiqh“ nomli asariga Jaloluddin al-Mahalliy tomonidan yozilgan sharhga hoshiya.
- „Al-Havāshӣ va-n-nukāt va-l-favāid al-muharrarāt ’alā muxtasar al-Saʼd fi-l-maʼānӣ va-l-bayān“. Saʼduddin al-Taftazoniyning „al-Mutavval“ asariga sharh.
- „Hāshiya ’alā sharh al-muhtāj“. Mazkur asar an-Navaviyning shofeʼiy fiqhiga doir „Al-Minhāj“ nomli asariga Ibn Hajar al-Haytamiy tarafidan „Tuhfa al-muhtāj“ nomi bilan yozilgan sharhning hoshiyasi.
- „Hāshiya al-gʻurar al-bahiyya“. Mazkur asar Zakariyo al-Ansoriy tomonidan Ibn al-Vardiyning „Al-Bahja al-vardiyya“siga yozilgan sharhning hoshiyasidir.
- „Hāshiya al-Abbādӣ ’alā tahrӣr al-qavā’id al-mantiqiyya“. Asar „Sharh ar-risāla ash-shamsiyya“ nomi bilan ham ataladi.
Al-Abbodiyning yuqorida sanalgan asarlaridan tashqari Abu Shujoʻ ismi bilan tanilgan Ahmad ibn al-Husayn ibn Ahmad al-Isfahoniyning „Gʻāya al-ixtisār“ nomli fiqhiy asariga „Fath al-gʻaffār bi kashfi muxabbaāt gʻāya al-ixtisār“ nomli ikki jildlik sharhi hamda „Kāfiya“, „Alfiyya“, „Talxӣs“, „Izzӣ“, „Qatr an-nadā“ kabi arab tili grammatikasiga oid kitoblarga bitgan sharh va hoshiyalari ham bor[1].
Adabiyotlar
tahrir- Hoji Xalifa. Kashf az-zunӯn. I, 152, 476, 596;
- II, 1139, 1373, 2006; Ibn al-Imod. Shazarāt az-zahab. – Qohira: 1934. VIII, 433-434;
- Az-Zirikliy. Al-Aʼlām. – Qohira: 1954-59. I, 189;
- Kahhola. Mu’jam al-muallifӣn. – Damashq: „At-Taraqqiy“, 1957-61. II, 48-49;
- Ibn al-Gʻazziy. Dӣvān al-islām. – Bayrut: „Dor al-kutub al-’ilmiyya“, 1411/1990. IV, 38-39;
- Ali Bardakoğlu. „Abbâdî, Ibn Kāsım“. TDV İA. – İstanbul: 1988. I, 15;
- Brockelmann. GAL. II, 417-418; Suppl., I, 677, 679, 681; II, 105, 441.
Manbalar
tahrir- ↑ Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.
Ushbu maqolada Islom ensiklopediyasi (2020) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |