Imom eshon
Imom Muhammad eshon Qayipnazar biy oʻgʻli (Imom eshon nomi bilan mashhur; qoraqalpoqcha: Imam Muxammed iyshan Qayıpnazar biy ulı; XVIII asrning ikkinchi yarmi, Miskin, Qoraqalpogʻiston, Xiva xonligi — 1835/36-yil, Qrantav, Qoraqalpogʻiston, Xiva xonligi) — diniy ulamo. Naqshbandiya tariqatining eng obroʻli qoraqalpoq shayxlaridan — eshon. Xorazm xonining diniy ishlar boʻyicha maslahatchisi lavozimida boʻlgan hamda zakot toʻlashdan ozod etilgan. Miskindagi qoraqalpoq xalqining qangʻli qabilasi sardori — Qayipnazar biyning (XVIII asr) oʻgʻli.
Imom eshon Buxoro madrasalaridan birida tahsil olgan. Unga atab Qoraqalpogʻistonda mahalliy biy mablagʻlari evaziga Imom eshon madrasasi bunyod etilgan. Eshon ushbu madrasada umrining qolgan qismini ilm oʻrgatib oʻtkazgan. Undan keyin hozirga qadar ota-bobolari anʼanalarini davom ettirayotgan eshonlar shajarasi shakllangan[1].
Imom eshonning hayoti va faoliyati haqida unchalik ham toʻliq boʻlmagan ogʻzaki xabarlar hozirga qadar yetib kelgan va yozma manbalar saqlanib qolgan. Tadqiqotchining taxminiga koʻra Imom eshon hayoti va faoliyati XVIII asrning ikkinchi yarmi — XIX asrning birinchi yarmiga toʻgʻri keladi[2].
Kelib chiqishi
tahrirXabarchilarning soʻzlariga koʻra, Imom eshonning otasi Qayipnazar biy XVIII asrda Sirdaryo boʻyidan — Turkistondan migratsiyaga uchrab Miskinga kelib oʻrnashgan ayrim qoraqalpoq qabilalarining sardori boʻlgan[2]. Boshqa bir manbaga koʻra, u qoraqalpoqlarning Miskindagi qangʻli qabilasi sardori boʻlgan[1]. Manbalarda Imom eshon qoraqalpoqlarning qangʻli urugʻidan boʻlganligi taʼkidlanadi[3].
Eshonning avlodlari uning shajarasini quyidagicha boʻlgan deb maʼlumot berishadi: Imom eshon — Qayipnazar biy — Shamek bahodir — Sauindiq bahodir — Qurbangeldibiy — Minaydar otaliq — Janaydar otaliq. Uning bobokaloni Janaydar otaliq Sirdaryo boʻyida — Turkistonda yashagan obroʻli kishilardan biri boʻlgan[2]. Baʼzi tadqiqotchilar eshonning shajarasini Udeyberdidan boshlashadi[2].
Nomlari
tahrirManbalarda ulamoga nisbatan Imom eshon, Imom Muhammad eshon, Imom eshon Muhammad, Imomquli eshon nomlari uchraydi. Avlodlari uning ismini Miskin-ota avliyosi bilan bogʻlashadi. Qayipnazar biy (Imom eshonning otasi) hozirda „Miskin“ deb nomlanuvchi joyga kelib oʻrnashganida, uning xonadonida oʻgʻil tugʻiladi. Avliyo Miskin chaqaloqni qoʻliga olib, bolaning kelajakda uning avlodlari kabi qabila sardori (biy, bahodir va boshqalar) emas, balki mashhur ulamo boʻlib yetishishini bashorat qilib, unga Imom Muhammad nomini bergan ekan. Boshqa versiyaga koʻra, Imom eshonga nomni qabri 7 joyda joylashgan avliyo — Azler bobo bergan ekan[1].
Biografiyasi
tahrirImom eshon Qayipnazar biy xonadonida Miskinda tavallud topgan. Yoshligida Buxoro madrasalaridan birida[2], Xalifa Niyozquli qoʻlida ilm oʻrgangan. Imom eshon oʻz davrida Buxoro madrasalarini bitirgan 4 ta naqshbandiya tariqati shayxlaridan biri boʻlgan[4]. U tahsilini tugatganidan soʻng, yurtiga qaytib Shok-torangʻilga kelgan. Imom eshon ismli ulamo kelganini eshitib Tolegen biy uning oldiga mehmon boʻlib keladi va eshondan biyning ovuliga — Qrantavga[5] koʻchishini soʻraydi. Buning uchun biy oʻzining ovulida eshonga atab madrasa bunyod ettiradi. Iltimosni qabul qilgan Imom eshon umrining qolgan qismini shu madrasada ilm oʻrgatib oʻtkazadi. Ushbu ilm maskani Imom eshon madrasasi nomi bilan mashhur boʻladi[2][1].
Tadqiqotchi Imom eshonni XVIII—XIX arlarda faoliyat yuritgan eng obroʻli qoraqalpoq eshonlaridan biri sifatida tilga oladi. U oʻzbek hukmdori Muhammad Rahimxonning buyrugʻi bilan Xorazm diniy ishlari boʻyicha maslahatchisi lavozimiga taʼyinlangan[6] hamda zakot toʻlashdan ozod etgan. Tarixiy hujjatlarda Imom eshon nomi unga va xonadoniga tegishli boʻlgan chorvaga nisbatan ham qoʻllanilgani maʼlum. Uning dovrugʻini bilgan Xorazm xonlari [2][1].
Oilasi
tahrirImom eshon oʻz nasl-nasabi kishilari ichidan chiqqan ruhoniylarning birinchi vakili edi[2]. Undan keyin hozirga qadar ota-bobolari anʼanalarini davom ettirayotgan eshonlar shajarasi shakllangan[1].
Imom eshonning 8 oʻgʻli boʻlgan. Uning toʻngʻich oʻgʻli Ataulla eshon[2] Qumoʻzakda otasi faoliyatidan mustaqil boshqa bir diniy-ilmiy markazni tashkil etgan. Hozirda bu joy Xalqobod yaqinida joylashgan va Eshon qalʼa nomi bilan mashhur[1].
Oʻz davrining diniy yetakchilaridan biri Qutli xoja eshon Imom eshonning murshidi (manbada maʼnaviy oʻgʻli deyilgan) va kuyovi boʻlgan. U XIX asrda Qoraqalpogʻistonda eng yirik diniy-ilmiy markazni tashkil etgan[4].
Oʻlimi
tahrirUlamoning avlodlari bergan maʼlumotga koʻra, Imom eshon 1835/36-yilda olamdan oʻtgan[2][1].
Nomini abadiylashtirish
tahrir- Ulamoning sharafiga Qoraqalpogʻistonning Nukus shahrida joylashgan jome masjidga Imom eshon Muhammad nomi berilgan[7].
- Imom eshon madrasasi
- Imom eshon maqbarasi
Manbalar
tahrir- ↑ 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 1,5 1,6 1,7 Карлыбаев 2020, s. 132—136.
- ↑ 2,00 2,01 2,02 2,03 2,04 2,05 2,06 2,07 2,08 2,09 Карлыбаев 2002, s. 33—34.
- ↑ Карлыбаев 2002, s. 25.
- ↑ 4,0 4,1 Карлыбаев 2018, s. 61—79.
- ↑ Карлыбаев 2002, s. 23.
- ↑ Imamov 2019, s. 55.
- ↑ „Imom eshon Muhammad jome masjidi“. Masjid.uz. Qaraldi: 2022-yil 4-fevral.
Adabiyotlar
tahrirIlmiy adabiyotlar
tahrir- Imamov Q. T.. Qoraqalpogʻistondagi Ishan qalʼa meʼmoriy yodgorligining ilmiy taʼmirlash loyihasi. Toshkent: Qoʻlyozma huquqida, 2019 — 84-bet.
- Карлыбаев М. А.. Медресе в Каракалпакии XIX — начала XX вв.. Нукус: Билим, 2002 — 84-bet.
Ilmiy maqolalar
tahrir- Карлыбаев М. А. Каракалпакское мусульманское духовенство XVIII—XIX вв. // Вестник Каракалпакского отделения Академии наук Республики Узбекистан. — 2020. — № 3.
- Карлыбаев М. А. О двух ишанах — нисбатномаи хаджагон накшбандия // Bulletin of IICAS. — 2018. — № 27.