„Javdarzordagi xaloskor“ (inglizcha: The Catcher in the Rye) — amerikalik yozuvchi Jerome David Salinger qalamiga mansub romani.

Javdarzordagi xaloskor
Asl nomi The Catcher in the Rye
Muallif(lar) Jerome David Salinger
Muharrir(lar) Ziyodaxon G'ulomova
Tarjimon(lar) Zuhra Rahimjonova, O'g'iloy Mirahmatova
Til inglizcha
Janr(lar)i Roman
Nashriyot "Asaxiy Books"
Sahifalar soni 252-bet
ISBN 978-9943-23-176-4

2005-yil Time jurnali asarni 1923-yildan boshlab ingliz tilida yozilgan 100 ta eng yaxshi romanlar roʻyxatiga kiritgan. Modern Library nashriyoti esa romanni 20-asrning 100 ta eng yaxshi asarlari qatoridan joy olishga loyiq deb topgan.

Dastlab u kattalar uchun moʻljallangan boʻlsa-da, lekin jamiyatdagi soxtaliklarni tanqid ostiga olgani hamda gʻazab, jamiyatdan begonalashish kabi mavzularni koʻtargani uchun oʻspirinlarning sevimli kitobiga aylangan.

Javdarzordagi xaloskor asari juda keng maʼnolarni oʻz ichiga oladi. Asar nomining oʻzidayoq muallif bolalarni jarlik tomon ketishini oldini olishga, buzuqlik olamiga qadam qoʻymaslikka, kattalar dunyosidan ajralib qolishidan xalos etishga ishora qiladi. Asar yosh bolalarning oʻziga xos isyonini ochib berishga xizmat qiladi. Roman, shuningdek, yolgʻizlik, sevgi, oila, vijdon, tajriba va xatolar kabi murakkab masalalarga ham tegib oʻtadi.

Ushbu romanda qoʻpol jumlalar mavjud boʻlgani uchun, AQShda roman tanqid ostiga olingan va uzoq vaqt mobaynida nashr etilishi taqiqlangan.

Tavsif

tahrir

Roman 16 yoshli oʻsmir, Holden Kolfild nomidan yozilgan. U sil kasaliga duch kelib, sanatoriyda davolanishga majbur boʻladi.

Holden 1949-yil dekabr oyida sodir boʻlgan voqealar haqida gapirib beradi. Bosh qahramon Pensi maktabida oʻqigan. Ammo u oʻqish dasturini qoniqarli darajada oʻzlashtirmagani uchun, maktabdan haydalgan.
Holden Pensini tark etish arafasida turganda, turli xil ziddiyatlarga duch keladi. U qilichbozlik guruhining kapitani sifatida, musobaqaga Nyu-Yorkka boradi. Ammo sport jihozlarini metro vagonida unutib qoʻygani sababli, uning guruhi musobaqada ishtirok etish imkoniyatini yoʻqotadi.

Holden maktabdan haydalgani haqida ota-onasiga xabar bermay, qishgi taʼtilgacha qolgan bir necha kunni, Nyu-Yorkdagi mehmonxonalarning birida oʻtkazishga qaror qiladi.

Tongda Holden Salli Heys ismli dugonasi bilan telefon taqmogʻi orqali bogʻlanib, uni teatrga taklif qiladi.
Bundan soʻng u mehmonxonani tark etib, nonushta qilish uchun restoranga kiradi. U yerda Holden ikkita rohiba bilan tanishib oladi. Ularning biri adabiyot muallimasi boʻlgani uchun, Holden oʻqigan kitoblari haqida soʻz yuritadi. Xususan ular «Romeo va Julyetta» asarini muhokama qiladilar.

Nonushtadan soʻng, Holden singlisi uchun „Kichkintoy Sherli Binz“ nomli plastinkani xarid qilish maqsadida, musiqa doʻkoniga boradi. Yoʻlda bir notanish bola qoʻshiq kuylab yurganini eshitib qoladi. Bu kuyda: „Agar sen kimnidir javdarda, kechqurun tutgan boʻlsang…“ degan ibora mavjud edi. Qoʻshiq Holdenning kayfiyatini ozgina boʻlsa ham koʻtaradi.

Holden Salli bilan spektaklga boradi. Alfred Lant va Linn Fontennlarning aktorlik mahorati tomoshabinlarni gʻoyat zavqqa solgan boʻlsada, Holdenni pyesa qoniqtirmaydi Spektakldan soʻng ular yaxmalakka boradilar. U yerda Holdenning ehtiyotsizligi sababli ular janjallashib qoladilar.

Kechga yaqin Holden maktabdagi tanishi Karl Lyuisni uchratib qoladi. Lyuis oʻzini doim takabbur tutuvchi talaba edi. Holdenning gaplarini eshitib, unga psixoanalitikga muroajaat qilishini maslahat beradi.

Bir oʻzi qolib, Holden markaziy tomoshabogʻga yoʻl oladi. Qish faslida koʻl boʻyidagi oʻrdaklar qayerga gʻoyib boʻlishi uni doim qiziqtirar edi. Yoʻlda Holden bilmagan holda singlisining musiqiy plastinkasini sindirib qoʻyadi.

Holden uyga borib kelishga qaror qiladi. Uning omadi keladi, uyda singlisi Fibidan tashqari hech kim boʻlmaydi. Holden singlisiga oʻzining orzulari haqida gapirib beradi.U notanish bolaning qoʻshigʻini ham eslaydi. (bu mashhur Britaniyalik shoir Robert Burnsning sheʼri edi):

Tushunyapsanmi ? Men ulkan, javdar bilan qoplangan bogʻda oʻynab yurgan kichkina bolalarni tasavvur qildim. Mingdan ortiq kichkintoylar. Atrofda esa mendan tashqari hech kim yoʻq. Men qoyaning eng chetida turibman, jarning tepasida. Tushunyapsanmi. Bolalar jarga yiqilib tushmasliklari uchun, ularni vaqtida tutib olish mening vazifam. Tushunyapsanmi. Ular oʻyin-kulgu bilan band boʻlib, qayerga chopib ketishayotganini sezmay qolishadi. Men esa yugurib kelib ularni tutib olaman. Bu mening ishim. Javdar bilan qoplangan jarning ustida bolalarni qoʻriqlash. Bilaman bu ahmoqlik. Lekin bu, men haqiqatdan ham xohlayotgan yagona narsa. Men ahmoq boʻlsam kerak.

Kutmaganda ularning ota-onasi uyga qaytib kelishadi. Holden ular bilan uchrashishga tayyor emas boʻlgani uchun, berkinib olib, uydan chiqib ketadi.
Tunov qilish maqsadida, Holden maktabdagi adabiyot ustozi mister Antolinining xonadoniga boradi. Muallim Holdenni xushmuomalalik bilan kutib olib, uning muammolarini muhokama qilishga tushadi.

Tong otganda Holden Gʻarb tomon joʻnab ketishga qaror qiladi. Holden hatto singlisiga maktub yozib qoldiradi. Bu maktubda u Fibi bilan uchrashish niyatida ekanligini xabar qiladi. Fibi akasining rejalarini eshitib, u bilan birga ketmoqchi boʻladi. Lekin Holden uning iltimosini rad etadi. Fibini bu xabar gʻamga soladi. Singlisiga rahmi kelib, Holden uydan ketish niyatidan qaytadi. Fibi bilan yarashib olish maqsadida, uni Markaziy tomoshabogʻdagi hayvonat bogʻiga oboradi. U yerda ot oʻyini ishlayotgan boʻladi. Holden singlisini unda uchib koʻrishga koʻndiradi. Birdan jala quyib yuboradi. Romanning oxirida Holden yomgʻir ostida qolib ketganidan qatʼiy nazar, singlisining ot oʻyinida uchayotganini zavq bilan tomosha qilib, nihoyat oʻzini baxtiyor his etadi.

Epilogda esa Holden bu hodisalardan keyin sodir boʻlgan voqealar haqida qisqacha gapirib beradi.

Yaratilish tarixi

tahrir
  • Jerome Salinger Kolumbiya universitetida taʼlim olayotgan davrda "The Young Folks", nomli hikoya yozgan. Bu hikoyaning qahramonlaridan biri Salli Heysning timsoli edi.
  • 1941-yil "Slight Rebellion off Madison" nomli hikoya chop etildi. Keyinchalik bu kitob „Javdarzordagi xaloskor“ning 17 bobiga aylangan. Unda Holdenning Salli bilan yaxmalakka borishi hamda Karl Lyuisni uchratib qolishi taʼriflangan. Bundan tashqari "Slight Rebellion off Madison" da birinchi marotaba Holden Kolfild ismli qahramon paydo boʻlgan.
  • "I`m Crazy" nomli hikoyada esa Holden tarix muallimi bilan xayrlashishi hamda maktabdan Nyu-Yorkka ketayotganda sinfdoshining onasini uchratib qolishi taʼriflangan.
  • 1949-yil The New Yorker jurnali Salingerning 90 betli qoʻl yozmasini nashr etishga qabul qildi. Bu hikoyada ham, bosh qahramonning ismi Holden Kolfild edi. Ammo keyinchalik muallif fikridan qaytib, qoʻl yozmani nashr etilishini taqiqlagan.
  • „Javdarzordagi xaloskor“ni Little, Brown and Company nashriyoti 1951-yil chop etgan.

Omillar

tahrir
  • 2005-yil Time jurnali „Javdarzordagi xaloskor“ni, 1923-yildan boshlab, ingliz tilida yozilgan 100 ta eng yaxshi romanlar royxatiga kiritdi.
  • Modern Library nashriyoti esa, romanni XX asrning 100 ta eng yaxshi asarlari qatorida joy olishga loyiq deb topdi.
  • 1947-yil Salinger "The Ocean Full of Bowling Balls" nomli hikoya yozgan. Bu hikoyaning bosh qahramoni Kennet Kolfild. Holdenning ukasi (Ammo „Javdarzordagi xaloskor“ romanida Kennetning ismi Alli.) U 1946-yil 19 iyul kuni oq qon kasalligidan vafot etgan.

Hikoya hech qayerda nashr etilmagan. Ammo Prinston universitetining kutubxonasida bor. Uni faqat universitet talabalari, kutubxonachi nazorati ostida oʻqish imkoniyatiga egadirlar. Salingerning oʻlimidan 50-yil oʻtgach (2060-yil 27 yanvar kuni) "The Ocean Full of Bowling Balls" ommabop nashr etiladi.

  • Taxminan Holden Kolfildning ismi "hold on a coal field" iborasidan kelib chiqqan. Bu ibora qisman romanning nomini toʻldiradi.
  • Asar Salingerning hayoti bilan zich bogʻlangan. Holden oilasini taʼriflayotganda, D.B. ismli akasi haqida gapirib beradi. U ham Salinger kabi roman va hikoyalar yozgan. Kolumbiya universitetida taʼlim olib, keyinchalik Gollivudga koʻchib ketgan. Bundan tashqari D.B. ikkinchi jahon urushi davrida, AQSH qurolli kuchlar majmuasida xizmat koʻrsatgan. Salinger esa Normandiya desant operatsiyasida ishtirok etgan.
  • Xuddi Holden kabi Salinger qilichbozlik guruhining kapitani boʻlgan.
  • Muallifni sharq falsafasi qiziqtirar edi. U nonkomformizm va individualizm tushunchalarini, turmush hayotda uchraydigan barcha muammolardan ustun qoʻygan. Salingerning hayotga boʻlgan munosabati, bosh qahramonning dunyoqarashi orqali romanda aks ettirilgan.

Davomi

tahrir

2009-yil shvetsiyalik yozuvchi Fredrik Kolting, Djon David Kaliforniya taxallusi ostida "60 Years Later: Coming Through the Rye" nomli roman yozgan. Koltingning qahramoni 76 yoshli keksa. Mister K., qariyalar uyidan qochib ketib, Nyu-Yorkning koʻchalaridan sayr qilib yuradi. 2009-yil 1 iyunda, Salinger Koltinni adabiy oʻgʻirilikda ayblab, sudga daʼvo berdi. Shu-yilning 1 iyulidan boshlab, roman AQSH va Kanada hududlarida chop etilishi, sud orqali taqiqlangan. Roman hozirgi kun Shvetsiya va Buyuk Britaniya davlatlarida qisman nashr etilgan.

Hayotga boʻlgan taʼsiri

tahrir

Bir nechta qotilliklar roman bilan bogʻliq boʻlgan:

  • Roberd Djon Bardo ismli qotil, 3-yil davomida gollivud aktrisasi- Rebekka Shefferni izidan poylab yurib, 1989-yil uning hayotiga qasd qilgan. Bardo hibsga olingandan soʻng, politsiyachilar uning yonidan „Javdarzordagi xaloskor“ kitobini topishgan.
  • 1980-yil 8-dekabr, Manhattandagi „Dakota“ binosining oldida John Lennon halok boʻlgan. Uning muxlisi Mark Chepmen bastakor tomon 5 marotaba oʻq uzgan. Politsiyachilar kelganda, Chepmen 72-chi koʻchaning yoʻlkasida oʻtirib, „Javdarzordagi xaloskor“ romanini oʻqib oʻtirgan edi. Kitobning sarvaragʻida "To Holden Caulfield, From Holden Caulfield, This is my statement"(Holden Kolfildga, Holden Kolfilddan. Bu mening koʻrsatmalarim) deb yozilgan edi.

Madaniyatga boʻlgan taʼsiri

tahrir
 
Londondagi roman nomi bilan atalgan mayxona
  • Koʻpchilik ijrochilar, qoʻshiqlarida asarning mazmuniga shama qilganlar: Green Day „Who Wrote Holden Caulfield?“, The Offspring „Get It Right“, Guns N' Roses „The Catcher in the Rye“, Bloodhound Gang „Magna Cum Nada“, Ace of Base „No Good Lover“, Spandau Ballet „Code of Love“.
  • „South park“ multfilmida ham romanga ishoratlar mavjud.
  • Taniqli ingliz yozuvchisi John Fowles, baʼzi bir romanlarining bosh qahramonlari orqali „Javdarzordagi xaloskor“ asarini muhokama qilgan.
  • „Conspiracy Theory“ filmida qotillar guruhini oʻzaro bogʻlovchi boʻgʻim, „Javdarzordagi xaloskor“ kitobi boʻlib chiqadi.
  • „27 qism“ filmi Djon Lennonning qotili, Mark Chepmen haqida olingan.

Havolalar

tahrir