Kafansiz koʻmilganlar
Kafansiz koʻmilganlar – Oʻzbekiston xalq shoiri Shukrullo tomonidan yozilgan avtobiografik asar[1]. Asar 1951-yillarda yozila boshlangan boʻlib, 1989-yilda yakuniga yetkazilgan va dastlab Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, 1991-yilga kelibgina „Adabiyot va sanʼat nashriyoti“ tomonidan chop etilgan. „Kafansiz koʻmilganlar“ Şuayip Karakaş tomonidan turk tiliga ham tarjima qilingan[2].
Muallif(lar) | Shukrullo |
---|---|
Mamlakat | Oʻzbekiston |
Til | oʻzbekcha |
Janr(lar)i | avtobiografik asar |
Nashr etilgan sanasi | 1991-yil |
Nashriyot | Adabiyot va sanʼat nashriyoti |
Sahifalar soni | 190–195 |
Mazmuni
tahrir„Kafansiz koʻmilganlar“ qatagʻon davri dahshatlari, shoʻrolar davrida „Vatan xoini“, „bosmachi“ va „chet el josusi“ kabi tamgʻa hamda uydirmalar bilan Sibir kabi manzillarga surgun qilingan yoki qatl etilgan Turkiston ziyolilari qismati haqida hikoya qiladi. Shukrullo ham qatagʻon yillarining ikkinchi toʻlqinidan jabr koʻrgan va Sibirga badargʻa etilgan oʻzbek ijodkorlaridan, shoʻro hukumati lagerlarida ogʻir azob-uqubatlarni boshidan kechirgan jabrdiydalardan biri boʻlgan. Uning ushbu romani ana shu voqealarning badiiy ifodasidir. Asar NKVDning qirgʻin mashinasi, hatto urush davrida ham toʻxtamaganligini, oʻzbek xalqi Ikkinchi jahon urushida ham joni, ham moli bilan fidoyilik koʻrsatishiga qaramasdan 1950-yilga kelib uning bir qator ziyoli farzandlari „davlat xoini“, „chet el josusi“ degan uydirmalar bilan qamoqqa olingani voqealarini yoritadi. Voqealar davomida minglab begunoh insonlar Rossiyaning eng chekka va sovuq oʻlkalariga surgun etiladi. Shoirning oʻzi ham ana shunday tuhmatlarga uchragan ziyolilardan biri edi.
„Bordiyu kimdir menga bu koʻrgiliklar biron payt ota-onangning dilini ranjitganing, ozor berganing uchun desa, ularning oyoqlariga yiqilib tavba-tazarru qilishga, hatto har qanday jazoga ham rozi boʻlardim. Ammo oʻz vatanim, xalqimga aslo xiyonat qilgan emasman! Agar shundoq boʻlganda oʻlimimga rozi edim“, – deya yozadi adib.
Kitobning boshlanishida shunday izohlar bor:
„Bu asar ozod Turkiston yoʻlida qizillarning oʻqlariga nishon boʻlgan „Kafansiz koʻmilganlar“ – „Tirik ruhlar“ – Mahmudxoʻja Behbudiy, Choʻlpon, Abdulla Qodiriy, Gʻozi Yunus oʻgʻli, Usmon Nosir, Ubaydulla Xoʻjayev kabi maʼsum va mazlum millionlarning aziz xotiralariga bagʻishlanadi…“
„Kafansiz koʻmilganlar“ 1951-yilda KGB qamoqxonalari va sovet surgun lagerlaridagi azob-uqubatlarni ochib beradi, Shukrullo sovet rejimidan norozilikda, panislomizm va islomiy gʻoyalarni amalga oshirishda ayblangan. Panturkizm uchun 25 yil qamoq jazosiga, 5 yil surgunga va besh yil yozish erkinligidan mahrum boʻlishga hukm qilingan. Stalinning oʻlimidan soʻng ishi qayta koʻrib chiqiladi va u aybsiz deb topilib, ozod qilindi[3].
Manbalar
tahrir- ↑ „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi“. Sh harfi ziyouz.com: [2013]. Qaraldi: 2024-yil 5-avgust.
- ↑ O‘zbekiston Milliy axborot agentligi. „“Kafansiz koʻmilganlar” turk tilida“ (2023-yil 7-fevral). Qaraldi: 2024-yil 5-avgust.
- ↑ „Kefensiz Gömülenler“. Qaraldi: 2024-yil 10-avgust.
Havolalar
tahrirVikiiqtibosda Kafansiz koʻmilganlarga tegishli iqtiboslar mavjud. |