Anemiya
Anemiya (yunoncha an – inkor qoʻshimchasi va haima – qon), kamqonlik – qonda eritrotsitlar soni va gemoglobin miqdorining kamayishi, sifatining oʻzgarishi bilan kechadigan kasallik. Anemiyaga qon yaratilish jarayonining buzilishi, asosiy qon yaratuvchi toʻqima – koʻmikning oʻz funksiyasini yetarli bajara olmay qolishi sabab boʻlishi mumkin. Temir va vitamin B12 yetishmasligi oqibatida kelib chiqadigan anemiya birmuncha keng tarqalgan. Oz-ozdan uzoq vaqt qon ketib turganda, mas, ba-vosir yoki meʼda va oʻn ikki barmoq ichak yarasi kasalligida ham koʻpincha anemiya kuzatiladi. Hayz qoni uzoq va koʻp ketadigan ayollarda ham temir yetishmasligidan kelib chiqadigan anemiya tez-tez uchrab turadi. Temir yetishmasligiga aloqador Anemiyaga bot-bot homilador boʻlish, uzoq vaqt bola emizish sabab boʻladi, chunki homiladorlik va emizuklik davrida ona organizmidagi temir zaxirasining bir qismi bolaga oʻtadi. Kichik yoshdagi bolalarda kuzatiladigan kamqonlik ularni notoʻgʻri ovqatlantirish, shuningdek ovqatning kam-koʻst boʻlishi oqibatida roʻy beradi. Eritrotsitlar soni sal kamaygani yoki raso boʻlgani holda, qonda gemoglobin miqdorining ozayishi temir yetishmasligiga aloqador anemiyaning asosiy belgilaridandir. Bemorning rangi siniqqan boʻlib, aksariyat tez charchash, bosh ogʻrishi, bosh aylanishi, koʻz oldi jivirlashishidan shikoyat qiladi, soch toʻkiladi, tirnoq moʻrtlashib sinishga moyil boʻlib qoladi. Baʼzan yutinish qiyinlashadi, bemorning odatda isteʼmol qilinmaydigan narsalar (boʻr, ohak, gilvata va hokazo)ni yegisi keladi, achchiq, shoʻr taomlarni xush koʻradi. Temir yetishmasligiga aloqador anemiyaning oldini olish va davolashda qon yoʻqotish ehtimoli boʻlgan manbalarni oʻz vaqtida aniqlash va ularni bartaraf etish, homilador boʻlish va tugʻishni maʼlum darajada rejalashtirishga erishish, bekamu koʻst ovqatlanishga rioya qilish lozim. Vitamin B12 yoki folat kislota yetishmasligi oqibatida kelib chiqadigan anemiya ancha kam uchraydi. Anemiyaning bu xilida oʻziga xos alomatlar: til achishishi, kasallik oʻtkazib yuborilganda nerv sistemasining zararlanish (funikulyar miyeloz) belgilari kuzatiladi. Bu xil anemiyaning oldini olish uchun meʼda-ichak yoʻlining surunkali kasalliklari, ayniqsa ich ketishi bilan oʻtadigan kasalliklarni oʻz vaqtida aniqlab davolash juda muhim. Gijja tarqalgan joylarda ulardan zararlanishning oldini olish choralarini koʻrish zarur, kasallik paydo boʻlganda esa oʻz vaqtida davo qilish lozim. Eritrotsitlarning koʻplab yemirilishi bilan bogʻliq gemolitik anemiya xillari koʻp. Ular irsiy yoki orttirilgan boʻlishi mumkin, odatda teri hamda shilliq qavatning sargʻayishi, eritrotsitlar soni va gemoglobin miqdorining kamayishi bilan kechadi. Barcha xil anemiyada vrachga murojaat etish va oʻz vaqtida toʻgʻri davolanish zarur.
Anemiyalar klassifikatsiyasi:
I. ETIOLOGIYASIGA KOʻRA: • postgemorragik; • postransfuzion; • infeksion; • alimentar; • dismetabolik; • immunopatologik; • paraneoplastik va boshqalar
II. ERITROPOEZ TURIGA KOʻRA: • Normoblastik (eritroblastik); • Megaloblastik
III. RANG KOʻRSATKICHIGA KOʻRA: • gipoxrom; • normoxrom; • giperxrom.
IV. OGʻIRLIGIGA KOʻRA: • yengil; • oʻrta; • ogʻir.
V. ERITROTSIT DIAMETRIGA KOʻRA: • mikrotsitar; • normotsitar; • makrotsitar.
VI. SUYAK KOʻMIGI REAKSIYASIGA KOʻRA • aregenerator • giporegenerator • regenerator • giperregenerator
VII. KLINIK KECHISHIGA KOʻRA: • oʻtkir; • surunkali
VIII. PATOGENEZIGA KOʻRA: 1. Postgemorragik anemiyalar: qon yoʻqotishdan kelib chiquvchi anemiyalar 2. Gemolitik anemiyalar: eritrodierezning eritropoezdan ustun kelishi oqibatida kelib chiquvchi anemiyalar • Endoeritrotsitar o eritropatiya; o gemoglobinopatiya; o enzimopatiya. • Ekzoeritrotsitar o noimmun; o autoimmun; o izoimmun. 3. Dizeritropoetik anemiyalar: eritropoez yetishmovchiligi natijasida kelib chiquvchi anemiyalar • Aplastik • Defitsitar o temir defitsit anemiya o B12/folat defitsit anemiya o oqsil defitsit anemiya
POSTGEMORRAGIK ANEMIYA
Postgemorragik anemiya oʻtkir va surunkali boʻlishi mumkin. Oʻtkir postgemorragik anemiya turli sabablarga koʻra (travma – shikastlanish, operatsiyalar, tomirlarning kesilishi, homiladorlikdagi patologik holatlarda, gemofiliya va hokazo) bir yoʻla koʻp qon yoʻqotish oqibatida roʻy beradi. Qon yoʻqotilgandan soʻng 24-48 soat davomida gemogrammada deyarli koʻzga tashlanuvchi oʻzgarishlar kuzatilmaydi. Bunda qonning faqat umumiy hajmi kamayib, uning oichov birligida eritrotsitlar soni, gemoglobin miqdori, rang koʻrsatkichi va gematokrit koʻrsatkichi meʼyorda boʻlishi mumkin. Qon surtmasida normotsitoz, normoxromiya kuzatiladi. Keyinchalik (1-2 kun oʻtgach) yoʻqotilgan qon hajmi oʻmi toʻqimalardan oʻtuvchi suyuqlik hisobiga toidirilib, qon suyuladi, uning oʻlchov birligida eritrotsitiar va gemoglobin miqdori kamayadi, lekin qonning rang koʻrsatkichi oʻzgarmaydi. 3-4 kundan soʻng qonda retikulotsitlar soni orta borib, ulaming koʻpayish choʻqqisi haftaning oxirgi kunlariga toʻgʻri keladi va bunda yadroli eritrotsitlar ham paydo boʻlishi mumkin. Endi yosh eritrotsitlar hisobiga qonning rang koʻrsatkichi biroz kamayadi. Suyak koʻmigi qil tomirlarga nihoyatda boy toʻqima boʻlib, ular sfmkterlar bilan taʼminlangandir. Eritropoez maʼlum muddatda davom etib, eritrotsitlar voyaga yetguncha qiltomirlar sflnkteri berk boʻladi. Eritrotsidar yetilgan vaqtda sfinkterlar boʻshashib, hujayralar umumiy qon oqimiga oʻtadi. Regeneratsiya kuchayganda koʻmikda doimo yosh hujayralar boʻlgani tufayli qil tomir sfmkterining boʻshashishi hujayralarning ham yetilmagan davriga toʻgʻri kelib, hujayralar qonga oʻtadi. Demak, oʻtkir postgemorragik anemiya giperregenerator anemiya hisoblanadi. Bunda eritropoez bilan birga leykopoez ham kuchayadi (neytrofiliya). Trombopoez ham kuchayishi mumkin.
Adabiyotlar
tahrir- Petrov V. N., Baxramov S. M., Farmankulov X. K., Jelezodefitsitnie anemii, T., 1995.Saidjalol Bahromov
- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
- MED24Anemiya (kamqonlik) – kasallik belgilari, diagnostika va davolash.