Kapcha ilonlar, kobralar — aspidsimonlar oilasiga mansub ilonlarning bir guruhi. Suv K. i., boʻyinbogʻli K.i., daraxt K.i., qirol K.i., qalqonli K.i., asl K.i. kabi urugʻlarga ajratiladi. Asl K.i.ning 6 turi Afrika va Osiyoda tarqalgan. Hind K.i., yaʼni koʻzoynakli K.i. (Najia najia) Sharqiy Osiyo (jumladan, Hindiston) jan.da tarqalgan. Oʻrta Osiyo K.i. (N. Oxiana) asl K.i.ga kiradi. Asosan, umurtqali qayvonlar, jumladan, ilonlar bilan oziqlanadi. Urgʻochisi 8—12 ta tuxum qoʻyib, ularni qoʻriklaydi. K.i. xavf tugʻilganida tanasining old qismini yerdan dast koʻtaradi; bir necha qovurgʻalarini ikki yonga yoyib, boʻynining boshidan keyingi qismini kichik belkurak (kapcha)ga oʻxshash kengaytiradi (nomi shundan olingan). Ayrim K.i. dushmaniga zahar otadi (tupuruvchi K.i.), yuqori jagʻida 2 ta zahar tishi bor, zahari odam uchun halokatli. Oʻrta Osiyo K.i. Oʻzbekiston va Xalqaro Qizil kitobga kiritilgan. K.i. serpentariylarda boqiladi. K.i. zahari neyrotoksik xossaga ega boʻlib, tibbiyotda foydalaniladi (qarang Ilon zahari). [1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil